Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 11-aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida, har bir hududdagi alohida eʼtiborga muhtoj boʻlgan yoshlarga gʻamxoʻrlik qilish va doimiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi tartib joriy etildi.

Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda respublika, viloyat, tuman darajasidagi rahbar kadrlarning masʼuliyati aniq belgilab berildi. Ishsiz, kam daromadli, nogironligi boʻlgan, umuman, hayotda oʻz oʻrnini topishga intilayotgan yoshlarga kamarbasta boʻlish – umummilliy maqsad, muqaddas burch sifatida eʼtirof etildi. Bunday yoshlarning har biriga rahbar kadrlar masʼul sifatida biriktirildi, davlat ularni otaliqqa oldi.

Dastlab, yetakchilar mahallalardagi mavjud real vaziyat boʻyicha bergan xulosaga koʻra, respublika ishchi guruhi joylarda oʻrganish olib bordi, qoʻshimcha takliflar olindi. Shu asosda ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi”da koʻrsatib oʻtilgan vazifalar ijrosi yuzasidan viloyatimiz hokimi Zoyir Mirzayev raisligida yigʻilish oʻtkazildi. Har bir rahbar kadrga aniq vazifalar, topshiriqlar berildi. Yoshlar bilan ishlashni yangilanayotgan tizmi boʻyicha videoselektor shaklida amaliy seminar oʻtkazildi.

Natijada, viloyatimizda istiqomat qilayotgan 1847 nafar yoshlar viloyatning 51 ta rahbar kadrlariga shaxsan biriktirildi. Oʻz navbatida, tuman va shaharlardagi mansabdorlarni ham qoʻshib hisoblasak, 405 nafar rahbarga 18 ming 667 nafar yosh biriktirildi. Shundan 2850 nafari vazirlik, idoralarning rahbar kadrlariga biriktirildi. 

Agar bu yangi tartibning mohiyati nima, deyilsa qisqa qilib aytgan boʻlardim: yoshlarimiz davlatning quch-qudrati, Prezident siyosati hamda mehrini toʻliq his qilishiga erishiladi.

Xususan, men ham ushbu topshiriqlardan kelib chiqib, Chirchiq shahridan oʻzimga biriktirilgan yoshlar va ularning ota-onalari bilan ularning uylariga borib, birgalikda muslahatlashayapmiz, farzandlari kelajakda oʻz oʻrnini topishi uchun maqbul yoʻl qidirayapmiz.

Shu kunlarda maydonga yana yangi avlod, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, mamlakatimizning oltin fondi boʻlgan yoshlar kirib kelmoqda. Bu yoshlar mutlaqo boshqa dunyo, axborot asrining farzandi. Ularning taklif va tashabbuslari ham tezkor asrimizning yugurik tashvishlariga hamohang...

Kasblar boshqa, orzular miqyosi, mohiyati boshqa. Asosiysi, yoshlarimizda yuksak vatanparvarlik tuygʻusi joʻsh urib turibdi, ularning barchasi muhtasham kelajak poydevoriga bir gʻisht qoʻyishni orzu qiladi. Biz rahbarlarning vazifasi esa bu yoʻlda yelka tutish, yoʻl-yoʻriq koʻrsatish, qoqilgan boʻlsa, tirgak boʻlishdan iboratdir. 

Koʻrsatilayotgan yordamlar, amaliy tavsiyalar, albatta, yoshlarga oid qonunchiligimizda mavjud mexanizmlar doirasida amalga oshiralyapti. Eʼtibor bering, oliy darajadagi muayyan hujjat qabul qilinib, ijroga qaratilganda – bir yaxshi niyat, davlatning orzu-umidi bir nihol kabi yuraklarimizda unib, barq urmas ekan natija boʻlmaydi.

Bugun Oʻzbekistonda, xususan, Toshkent viloyatida yoshlarga oid qonunchilikning bekamu koʻst ijrosi borasida barcha rahbarlar oʻzini masʼul va daxldor hisoblab, qatʼiylik, kuch-gʻayrat bilan ertamiz egalarini tarbiya qilmoqda, har tomonlama yordam koʻrsatmoqda.

Miraziz MIRSULTONOV,

Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi