Xalqimiz azaldan bolajon. Farzandlarining sogʻlom, kasb-hunarli boʻlib voyaga yetishi uchun gʻamxoʻrligi qadriyatga aylangan. Bu yoʻldagi islohotlar samarasini soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi. Ayniqsa, kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarning farzandlarini qoʻllab-quvvatlash, nogironligi bor yoki ogʻir surunkali kasallikka chalingan bolalarga zarur tibbiy hamda ruhiy yordam berish borasidagi saʼy-harakatlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keng koʻlam kasb etayotir.
Esingizda boʻlsa, Prezidentimiz 2020-yili 29-dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu haqda soʻz yuritib, jumladan, shunday degan edi: “...Ehtiyojmand oilalarning farzandlari, chin yetim, nogironligi boʻlgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat koʻrsatish boʻyicha yangi tizim joriy etiladi.
Hozirgi kunda respublikamizda alohida eʼtiborga muhtoj 18 yoshgacha boʻlgan 150 ming nafar farzandimiz bor. Ularning taʼlim olishi, aniq bir kasbni egallashi uchun koʻmaklashish, ogʻir kasallikka chalinganlarni davolash, chin yetimlarga hayotda oʻz oʻrnini topishga yordam berish, uy-joy bilan taʼminlash — nafaqat vazifamiz, avvalo, insoniy burchimizdir.
...Umuman, bunday ezgu ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish uchun Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondini tashkil etib, unga byudjetdan 100 milliard soʻm yoʻnaltirsak, oʻylaymanki, sizlar ham bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlaysiz. Bu mablagʻlar yil davomida koʻpaytirib boriladi. Bu tashabbus umumxalq harakatiga aylanishi, saxovatpesha hamyurtlarimiz ushbu xayrli ishga munosib hissa qoʻshishiga ishonchim komil”.
Murojaatnomada aytilgan barcha gaplar, tashabbuslar hayotda oʻz ifodasini topmoqda. Jumladan, Prezidentimizning oʻtgan yili 4-oktyabrdagi “Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni sogʻlom hayotga qaytarish va ularning bekamu koʻst ulgʻayishi uchun muhim dasturulamal boʻlyapti.
Mazkur qarorga binoan, Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilib, davlat tomonidan 100 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Bu mablagʻ ayni paytda ehtiyojmand oilalarning farzandlari, chin yetimlar, ogʻir kasallikka chalingan va nogironligi bor bolalarni tibbiy-ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarning taʼlim olishiga koʻmaklashish, ogʻir xastalikka chalingan oʻgʻil-qizlarni mahalliy va xorijiy klinikalarda davolatish, zarur dori-darmonlar bilan taʼminlash kabi xayriya tadbirlariga yoʻnaltirilmoqda.
Shu oʻrinda Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining vazifasi nimalardan iborat degan savol paydo boʻlishi tabiiy. Avvalo, fond ogʻir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni aniqlash va ularga manzilli ijtimoiy va moddiy yordam koʻrsatish tadbirlarini tashkil etadi va moliyalashtiradi.
Shuningdek, bolalar hayotiga xavf soluvchi ogʻir, surunkali hamda kam uchraydigan (orfan) kasalliklarga oʻz vaqtida tashxis qoʻyish va ularni yurtimizda yoki zarur hollarda xorijiy davlatlarda davolatish uchun tibbiy, ijtimoiy va moliyaviy yordam koʻrsatadi. Ehtiyojmand oilalarning farzandlari hamda imkoniyati cheklangan bolalarni bepul dori vositalari, tibbiy va protez-ortopedik buyumlar bilan taʼminlaydi.
Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalarning taʼlim olishiga koʻmaklashish, jumladan, ularni maxsus adabiyotlar va oʻquv qurollari bilan taʼminlash, nogironligi boʻlgan bolalarni ijtimoiy moslashtirish, qiziqishidan kelib chiqib ularga kasb-hunar oʻrgatish, uy sharoitida oʻzini oʻzi band qilishi uchun ularni zarur uskunalar bilan taʼminlash ham fond vazifalari sirasiga kiradi.
Ogʻir tashxisli kasalliklarga chalingan bolalarni parvarish qilayotgan kam taʼminlangan oilalarni homiylikka olish, nogironligi boʻlgan bolalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, jumladan, ularga yuqori texnologik ixtisoslashgan reabilitatsion yordam koʻrsatishga doir tadbirlarni tashkil etish va moliyalashtirish borasida ham fond oldiga qoʻyilgan vazifalar mavjud.
Ayni paytda Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining Vasiylik kengashi va ekspertlar guruhi shakllantirilgan boʻlib, ular ajratilgan mablagʻning toʻgʻri va maqsadli sarflanishini muntazam nazorat qilib bormoqda. Jamoat fondiga kelib tushayotgan murojaatlar, xususan, kasallikka chalingan bemor bolalarni davolash, ularni zarur dori vositalari va ortopedik jihozlar bilan taʼminlash, moddiy yordam koʻrsatish chora-tadbirlari hamda uni moliyalashtirish masalalari Vasiylik kengashining doimiy eʼtibor markazida.
Jamoat fondi koʻmagidan foydalanuvchilar, jumladan, ularning shaxsi ochiqlanmagan holda yoshi, jinsi, ijtimoiy holati hamda moliyalashtirish manbai, shuningdek, davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻ va ularning ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hisobotini yuritish boʻyicha rasmiy veb-sayti (bolalarfondi.uz) faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, fond internetdagi oʻz ijtimoiy sahifalarida ham aholi uchun zarur maʼlumotlarni joylashtirib bormoqda. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda keng jamoatchilik fikrini hamda ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda, “Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
“Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi muvaqqat nizom tasdiqlandi. Jamgʻarmaning ijtimoiy, tibbiy va taʼlim dasturlari ishlab chiqildi. Shunga asosan murojaatlar qabul qilinib, oʻrganilmoqda. Fond tashkil etilgach, faoliyatini hamkor va manfaatdor tashkilot hamda birlashmalar bilan kelishuv memorandumlarini imzolashdan boshladi.
Jumladan, U.Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklar shifoxonasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, Lab va tanglay yoriqlarini davolash jamiyati, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Toshkent pediatriya instituti tibbiyot klinikasi bilan fond oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Xalqaro tashkilotlar, jumladan, Turkiyaning Xalqaro rivojlanish va hamkorlik agentligi (TIKA), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Har bir murojaatni oʻrganib samarali hal etish, shuningdek, aholi orasida yurib, sayyor qabullar oʻtkazishga ham fond alohida eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, “Bolalarga tabassum” Malakali mutaxassislarsiz koʻzlangan maqsadga erishib boʻlmaydi.
Shu maʼnoda, fondning oʻquv dasturlariga asosan, qirqqa yaqin mutaxassis qayta oʻqitilganini taʼkidlash joiz. Bu borada shu yilning 4-8-aprel kunlari Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi bilan birga “Kamalak jilosi” bolalar psixologiyasi va psixoterapiyasi masalalari boʻyicha beshinchi festival tashkil etilgani muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Ushbu festivalga mahalliy mutaxassislarning nogironlikni kamaytirish boʻyicha tajribasini oshirish, mahorat darsi oʻtish uchun chet eldan malakali psixoterapevtlar, perinatal psixologiya, bolalar va oilaviy psixologiya hamda psixoterapiya sohasida muvaffaqiyatli amaliyot olib borayotgan psixologlar, oilaviy salomatlik boʻyicha shifokorlar taklif qilindi.
Joriy yil 16-21-may kunlari Buxoro viloyatida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining yuqori malakali mutaxassislari ishtirokida “Ezgulik manzili” xayriya tibbiy aksiyasi oʻtkazildi. Uning doirasida 250 nafarga yaqin bemor bola tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, 50 nafarida jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.
Xuddi shunday yana 300 nafar bolani operatsiya hamda reabilitatsiya qilish rejalashtirilgan. Murojaat qilgan ehtiyojmand oilalarning bolalariga dori-darmon, eshituv apparati, mahalliy klinikalarda davolanishi uchun manzilli yordam koʻrsatilmoqda. Xususan, aprel oyida Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumanidagi 50 ta oilaga oziq-ovqat va kundalik ehtiyoj uchun zarur boʻlgan bir necha turdagi mahsulotlar toʻplami xayriya yordami sifatida topshirildi.
Kuchli sel oqibatida jabr koʻrgan Forish ahliga turli oziq-ovqat mahsulotlari, kundalik ehtiyoj uchun zarur boʻlgan materiallardan iborat insonparvarlik yordami yuborildi. Hozir ogʻir saratonga uchragan bemor bolalarni Turkiyaning nufuzli klinikalaridan boʻlgan Adjibadem klinikasida davolatish uchun zarur hujjatlar tayyorlanmoqda. Jamoat fondi hamda mazkur klinika oʻrtasida halqaro salomatlik xizmatlari koʻrsatish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolangan.
Shunga muvofiq, joriy yilning 1-iyuniga qadar bemor bolalar ilik koʻchirish amaliyotini oʻtkazish uchun Turkiyaga joʻnab ketadi. Ularning muolajasi uchun zarur barcha sarf-xarajat jamoat fondi tomonidan qoplanadi. Ehtiyojmand oilalarning murojaatlari ijobiy hal etilayotganiga koʻplab misollar keltirish mumkin.
Misol uchun, Toshkent shahrida yashovchi G.Ikromova (murojaatchilar ism-familiyasi oʻzgartirilgan) 2008-yili tugʻilgan farzandi umurtqa mushak atrofiyasi (SMA) tashxisi bilan roʻyxatda turishini va buni davolash uchun “Risdip lam” dori vositasi zarurligini maʼlum qilgan. Biz oilaning ijtimoiy holatini oʻrganib chiqdik.
Haqiqatan ham ularning moddiy imkoniyati bu dorini sotib olishga yetmaydi. Chunki ushbu preparat qariyb 160 million soʻm turadi. Oddiy oila uchun bu chakana pul emas. Fond murojaatchining iltimosini ijobiy hal etdi. Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi A.Joʻraqulov okkulyuzion simmetrik tetraventrikulyar gidrotsefaliya tashxisi qoʻyilgan, 2020-yili tugʻilgan farzandini shoshilinch davolashda yordam soʻrab fondga murojaat qildi.
Haqiqatan bolaning ahvoli ogʻir, hatto mustaqil oʻrnidan tura olmasdi. Darhol Respublika bolalar milliy tibbiyot markazida jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Xarajatlar toʻliq fond tomonidan qoplandi. Oradan qariyb 2 oy oʻtdi. Bolaning salomatligi yaxshi, yura boshlagan. Oʻz vaqtida koʻrsatilgan shoshilinch yordam besamar ketmadi. Toshkent shahrida yashovchi S.J. murojaat qilib, immunitet tanqisligi holati (IDS) tashxisi bilan davolanayotgan farzandiga “Oktagam” dori vositasini xarid qilishga yordam soʻragan.
Bu dori ham ancha qimmat turadi. Oilaning ijti moiy ahvoli oʻrganildi va bu dori xayriya sifatida murojaatchiga topshirildi. Shu kunlarda Andijondan 2 nafar, Toshkent shahri va Samarqanddan 1 nafardan, Namangandan 1 nafar bolaning Turkiya davlatida ilik koʻchirish amaliyotini oʻtkazish uchun barcha xarajat qoplab berildi. Ishonchimiz komilki, bolajonlar tez kunlarda oyoqqa turib, yurtimizga qaytadi.
Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Albatta, gap ularning sonida emas. Eng muhimi, bu yoʻlda Prezidentimizning eʼtibori, qoʻllab-quvvatlovi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ertamiz kelajagi boʻlgan bolalar yuzidagi, ota-onalar qalbidagi xursandchilikni ilgʻab koʻnglingiz togʻdek yuksaladi. Zotan, oilalari farovon, farzandlari sogʻlom yurt shubhasiz taraqqiyot tayanchi boʻla oladi.