Ochigʻini aytsam, shu xizmatlarim rohatini faqat bugun koʻrib turgandayman. Negaki, bizning sohamizda bayram tantanasi birinchi marta nishonlandi. Madaniyat va sanʼat ahli osmon qadar yuksalganday boʻldi.
Mukofotlar, sovrinlar oʻz yoʻliga. Haqiqatni ochiq aytadigan boʻlsam, ularning hech biri bugungi kunning shavqini, zavqini, hayajonini bera olmaydi. Bugun Oʻzbekistonda birinchi bor madaniyat va sanʼat ahli oʻz bayramini nishonlayapti. Toʻgʻrisi, hozir gapiryapman-u, qalbim quvonchdan entikib ketyapti. Yoshim 70 dan oshdi. Koʻp yashasang, koʻpni koʻrasan, deyishadi. Umr uzun yoki qisqaligi bilan emas, balki uning mazmuni bilan oʻlchanadi. Hayotimning eng goʻzal va esda qoladigan kunlaridan biri boʻlgan bu kun uchun minnnatdorman!
Prezidentimiz olib borayotgan oqilona siyosat tufayli yurtimiz tinch, dasturxonimiz toʻkin, qariyalarimiz eʼzozda, yoshlarimiz yuksalish yoʻlidan dadil bormoqda. Har millat yuksak madaniyati va sanʼati orqali jahon tamaddunidan mustahkam joy egallaydi. Davlatimiz rahbarining oʻzbek madaniyati va sanʼati uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan ushbu kunni bayram sifatida belgilab berishi va soha vakillariga tabrik yoʻllashi ularga koʻrsatilgan yuksak ehtiromning yorqin namunasi boʻldi.
Xalqaro baxshichilik sanʼati, “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivallari, Samarqand shahrida muntazam oʻtkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivallari milliy sanʼatimizning noyob turlarini dunyo miqyosida munosib targʻib qilishda beqiyos imkoniyat yaratmoqda. “Xalq cholgʻulari ijrochilari”, Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi milliy raqs ijrochilari, Yunus Rajabiy nomidagi yosh maqom ijrochilari respublika koʻrik-tanlovlarining anʼanaviy tarzda oʻtkazilishi esa iqtidorli yosh sozanda va xonandalarimiz, yaʼni sanʼat olamiga ulkan orzu-umidlar bilan kirib kelayotgan kelajak nihollarining oʻz iqtidorini namoyon qilishida juda katta yordam bermoqda.
Rustam Abdullayev,
Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari
uyushmasi raisi, professor