Toshkentdan Issiqkoʻlga poyezd 2025-yildan qatnay boshlaydi

    Oʻzbekiston va Qirgʻiziston temiryoʻlchilari 2025-yil yozida “Toshkent-Ribache” yoʻnalishida turistik poyezdlar qatnovini yoʻlga qoʻyishga kelishib oldi.

    Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ axborot xizmati maʼlum qildi

    Maʼlum qilinishicha, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar temir yoʻl transporti boʻyicha Kengashning 81-yigʻilishi doirasida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruv raisi Z.Narzullayev va “Qirgʻiz temir yoʻli” davlat korxonasi rahbari Azamat Sakiyev oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda yuk tashish hajmlarini oshirish va tarif chegirmalarini qoʻllash masalalari boʻyicha muzokara olib borildi.

    Shuningdek, ikki davlat oʻrtasida asosiy yuklar — koʻmir, sement va boshqa mahsulotlarni tashishda “Temiryoʻlkargo” AJ yuk vagon parklaridan foydalanish hamda tarozi xoʻjaligi obyektlarini taʼmirlash masalalari koʻrib chiqildi.

    Tomonlar, shuningdek, 2025-yil yozida “Toshkent-Ribache” yoʻnalishida turistik poyezdlar qatnovini yoʻlga qoʻyishga kelishib oldi.

    Bundan tashqari, Qirgʻiziston temir yoʻl xodimlarini “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ markazlarida malakasini oshirish masalasi ham muhokama qilindi va ushbu yoʻnalishda oʻquv dasturlarini tashkil etishga kelishildi.

    Shuningdek, Qirgʻiziston temir yoʻllari davlat korxonasi rahbari Azamat Sakiyev “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning tashkil etilganiga 30-yil toʻlishi munosabati bilan jamiyat rahbari Z.Narzullayevni va jamiyatning barcha xodimlarini samimiy muborakbod etdi.