Avvalo tushunchaga aniqlik kiritib olish lozim. xalqaro amaliyotda benefitsiar deganda kompaniyaga kamida 25 foiz egalik qiluvchi yoki uning faoliyatini jiddiy nazorat qiluvchi jismoniy shaxs tushuniladi.
Benefitsiarlarga oid maʼlumotlarning ochiqlanishi nima uchun muhim?
Benefitsiarlarga oid maʼlumotlarning ochiqlanishi korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishni samarali tashkil etish uchun muhim maʼlumotlarni beradi.
2015-yilda Yevropa Ittifoqining Pul “yuvish”ga qarshi Toʻrtinchi Direktivasi (Fourth EU Anti-Money Laundering Directive) qabul qilindi. Unga koʻra, har bir mamlakatda Benefitsiarlar yagona bazasi boʻlishi kerakligi koʻrsatildi.
Buyuk Britaniya 2015-yilda benefitsiarlarning reyestrini ishga tushirdi. Mazkur ochiq reyestrda kompaniyaning ichki hujjatlari ham joylashtirilmoqda.
2019-yil 1-sentyabrdan Lyuksemburg benefitsiarlarga oid ochiq reyestrni ishga tushirgani eʼtiborga sazovor. Saytni (https://www.lbr.lu/) istagan shaxs kirib, xohlagan kompaniya haqida bepul maʼlumot olishi mumkin. Saytda hattoki anonim maʼlumot olish opsiyasi ham yaratilgan.
Benefitsiarlarga oid reyestrlar Germaniya, Belgiya, Avstriya, Irlandiya, Latviya, Lyuksemburg, Sloveniya va Latviyada, MDH doirasida Rossiya, Ukraina, Belarus va Armanistonda ham mavjud.
Ukrainada maʼlumotlarni taqdim etmaganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Masalan, oxirgi benefitsiar toʻgʻrisida maʼlumotlarni roʻyxatga oluvchi davlat organiga taqdim etmaslik yoki
oʻz vaqtida taqdim etmaslik yohud yuridik shaxsning oxirgi benefitsiari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tasdiqlash uchun axborotning mavjud emasligi taxminan 600 dan 1850 AQSH dollari ekvivalentigacha jarima qoʻllanilishiga sabab boʻladi.
Benefitsiarlarni ochiqlash qonuniy ishlayotgan yirik chet el investorlarini Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishiga zamin yaratadi.
Bir soʻz bilan aytganda, benifitsiarlarning ochiqlanishi jarayonning asosiy “oʻyinchilarini” maydonga olib chiqadi, “koʻrinmas odam” effektini yoʻqqa chiqaradi va turli “kulrang sxemalar”ning ishlashini qiyinlashtiradi. Shu sababli korrupsiyaga qarshi kopleks choralardan biri sifatida samarali usul hisoblanadi.