Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiya agentligi rahbariyati va Kuvaytning “Neocare hospital” va “Kuwait organization for trainings” kompaniyalari taʼsischisi, “Adan Hospital” shifoxonasi jarrohlar boʻlimi boshligʻi Muhammad al-Kandari oʻrtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilayapti “Dunyo” AA.
Uchrashuvda Kuvayt tibbiyot muassasalaridagi boʻsh ish oʻrinlariga Oʻzbekistondan mutaxassislarni jalb etish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Kuvayt tomoniga Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiya agentligi faoliyati, xorijiy mamlakatlar, xususan arab davlatlarida mavjud ish oʻrinlariga oʻzbekistonliklarni yuborish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Muhammad al-Kandari, oʻz navbatida, mamlakatimiz shifokor va hamshiralarining salohiyatini yuqori baholadi. Uning aytishicha, ingliz tilini yaxshi bilgan oʻzbekistonlik shifokorlar va hamshiralar uchun Kuvayt shifoxonalarida ishlash imkoniyati mavjud.
Onlayn muzokaralar yakunida tomonlar Oʻzbekiston shifokor va hamshiralarini Kuvaytdagi shifoxonalarda ishlash uchun yuborish toʻgʻrisida bitim loyihasini ishlab chiqish va imzolashga kelishib oldilar