Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti oʻrtasidagi amaliy hamkorlik doirasida Navoiy shahrida jahonda nufuzli Kavendish laboratoriyasi tadqiqotchisi doktor S.Saksena ishtirokida ilmiy-amaliy seminar oʻtkazildi. Xorijlik olim “Kvant materiallari: ilmiy kashfiyotlar va energiyadan foydalanish” mavzusi hamda Kembrijdagi tadqiqotlar borasida maʼruza qildi.

Seminarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislari, Navoiy Konchilik va texnologiyalar universiteti professorlari hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etib,anjuman davomida dunyo ilm-fani hamda uni rivojlantirishdagi ilgʻor tajriba yuzasidan muhim maʼlumot oldilar.

Maʼlumot uchun, Kavendish Kembrij universitetining fizika boʻlimi boʻlib, bugunga qadar laboratoriyaning 30 nafardan ortiq tadqiqotchisi Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan.