Unda Qoʻmita aʼzolari, tegishli davlat organlari va tashkilotlar masʼullari, ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Qoʻmita majlisida Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibi doirasida koʻrib chiqiladigan masalalar muhokama etildi.

Senatorlar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Maʼlumki, keyingi paytlarda Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda bir qator shaxslarning mobil qurilmalarini hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarini zararli dastur yuborish yoʻli bilan bloklab (toʻsib) qoʻyish, maʼlumotlarini oʻchirib yuborish, oʻzgartirish yoki olib qoʻyish bilan qoʻrqitib, pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari roʻy berib kelyapti.

Kibermakonda shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik maʼlumotlarini maxsus dasturlar yordamida soxtalashtirish holatlari ham uchrab turibdi.

Sodir etilgan bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilyapti.

Shu bilan birga, kripto -aktivlarni noqonuniy aylanmasi, xususan noqonuniy mayning faoliyati uchun Jinoyat hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslarda javobgarlik choralari kuchaytirilyapti.

Senatorlar qonun qabul qilingandan soʻng Ichki ishlar vazirligi masʼullari joylarda aholi, jamoatchilik uchun targʻibot tadbirlarini kuchaytirishi lozimligiga eʼtibor qaratdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.