Iqtisodiyot aniq raqamlar, hisob-kitoblar bilan birga, odamlar turmush tarzida yuz berayotgan real o'zgarishlar, natijadorlikni xush ko'radi. Davlat manfaatlarigagina xizmat qiladigan iqtisodiyot rivojlanishdan to'xtaydi. Oxirgi yillarda Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohot va yangilanishlar avvalida iqtisodiyotimizdagi miqdor va sifat o'zgarishlari qamrovini kengaytirish, uning bevosita aholi turmushiga ta'sirini oshirishga e'tibor qaratilayotgani boisi ham shundan.
Bu boradagi salmoq va natijalar jadal sur'atlarda oshib borayotganiga guvoh bo'lyapmiz. Aholi daromadlarida o'sish, turmush sharoitida sezilarli o'zgarishlar ko'zga tashlanmoqda. Statistik ma'lumotlar ham 2016—2020-yillarda yurtimiz odamlarining umumiy daromadlari 2,6 baravardan ko'proqqa ortganini ko'rsatyapti.
Mazkur yo'nalishda jahon maydonida egallab turgan o'rnimiz ham yil sayin yuqorilab bormoqda. Xususan, 2021-yil 26-mayda o'tkazilgan Xalqaro reytinglar va indekslar bilan ishlash bo'yicha Respublika Kengashining navbatdagi yig'ilishida esa Global innovatsion indeksda O'zbekiston 2015-yilga nisbatan o'z o'rnini 29 pog'onaga yaxshilab, 131 ta mamlakat orasida 93-o'rinni, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari orasida 4-o'rinni qayd etgani ta'kidlandi. Bu kabi muvaffaqiyatlarning bosh omillaridan biri — mamlakatimizda olib borilayotgan samarali iqtisodiy siyosat hamda uning tarkibidan o'rin olgan chora-tadbirlar yo'nalishlarining to'g'ri shakllantirilgani bilan bog'liq. O'zbekiston taraqqiyotining yangi davrida, ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish iqtisodiy siyosatning muhim va samarali yo'nalishlaridan biriga aylandi.
Iqtisodiyotning “mushak to'qima”si
Ma'lumki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jahon mamlakatlari tajribasida o'zining yuksak natija va muvaffaqiyatlari bilan mustahkam o'rin egallagan bo'lib, aksariyat xalqlarda uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 60-70 foizni tashkil etadi. Kichik biznesning rivojlanishi iqtisodiyotdagi jo'shqinlik va samarali raqobat muhiti uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, iste'mol sektorini kengaytirish orqali talabni rag'batlantirish, iste'mol bozorini tovar va xizmatlar bilan to'ldirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, byudjet tushumlarini kengaytirishga xizmat qiladi. SHunga ko'ra, ko'plab rivojlangan davlatlar kichik biznes faoliyatini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga intiladi.
O'zbekiston mustaqilligining o'tgan yillariga nazar tashlasak, yurtimizda kichik va o'rta biznes yo'nalishi qo'shni davlatlarga nisabatan sekin rivojlangani, ko'rsatkichlar sezilar-sezilmas darajada bo'lgani, katta-katta bizneslar ma'lum insonlar qo'lida bo'lib, aholining asosiy qatlami ularning qo'l ostida ishlaganini ko'ramiz. Oddiy odamlar uchun tadbirkorlik uddalab bo'lmas mashaqqatdek ko'rinardi. Yuqori boj to'lovlari, er olish, korxona ochishdagi qator to'siqlar, birovning cho'ntagiga pul qistirmasang, bitmaydigan ishlar, bir amallab biznesni yo'lga qo'yib olganda ham, har kuni eshik qoqadigan soliqchilarga dosh berish oson emasdi. SHuning uchunmi, odamlar tadbirkorlik qilishdan ko'ra, “och qornim, ting qulog'im” qabilida ish tutishni afzal bilgan.
Bugun Yangi O'zbekiston iborasini faxr bilan aytayotganimiz bejiz emas. Boisi, yaqin 4-5 yil oldin ana shu ikki jumla zamirida boshlangan ulkan islohotlar odamlarning o'z imkoniyatlaridan keng foydalanish, istalgan sohada yangiliklar yaratishga qo'rqmay qadam tashlash, eng muhimi, mustaqil tadbirkor sifatida o'zini sinab ko'rish imkoniyatini beryapti. Bu borada, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida “Haqiqatan ham, biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqali taraqqiyotga, farovon hayotga erisha olamiz”, deya ta'kidlagan so'zlari xalqimizga yanada ishonch, kuch berdi.
Shu o'rinda savol tug'ilishi tabiiy — aynan O'zbekiston iqtisodiyoti uchun kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ahamiyati nimalarda namoyon bo'lmoqda?
Eng avvalo, iqtisodiyotning etakchi soha va tarmoqlarida kichik tadbirkorlik ulushining oshishi iqtisodiy o'sish va ijtimoiy barqarorlik ta'minlanishining mustahkam poydevori hisoblanadi.
Ma'lumki, tadbirkorlik — bu tashabbus va faollik asosida kelgusida yuz berishi mumkin bo'lgan turli xatarlarni hisobga olib, mas'uliyat va javobgarlik bilan amalga oshiriluvchi iqtisodiy faoliyatdir. U erkinlik, ijodkorlik hamda raqobat muhiti uyg'unligida juda katta bunyodkorlik kuchini hosil qiladi. Ayniqsa, faoliyat ko'lami jihatidan nisbatan ixcham bo'lgan kichik tadbirkorlik iqtisodiyotdagi kon'yunkturaviy o'zgarishlarga tezlik bilan moslasha olish, iste'molchining did va qiziqishlarini anglash va e'tiborga olish, ichki imkoniyatlardan to'liq foydalanish, raqobat muhitini kuchaytirgan holda iqtisodiyotga jo'shqinlik baxsh etish kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Yurtimizda ushbu yo'nalishni qo'llab-quvvatlash va barcha zarur sharoitlarni yaratib berish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida kichik tadbirkorlik subyektlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi tobora ortib boryapti. Aniq raqamlarga to'xtaladigan bo'lsak, bu boradagi ko'rsatkich 1991-yilda atigi 1,5 foiz, 2000-yilda 31 foizni tashkil etgan edi. 2016-yilda mazkur sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 64,9 foizga yetdi. Bu raqamlar yil sayin ortsa ortyaptiki, aslo, orqaga pastlayotgani yo'q. Xususan, o'z faoliyatini yo'lga qo'ygan tadbirkorlik sub'ektlari soni 2016-yildagi 210,6 ming birlikdan 2020-yilda 411,2 ming birlikka yetdi. Umumiy korxona va tashkilotlar tarkibida kichik tadbirkorlik subyektlarining ulushi 2020-yilda 86,5 foizga qadar o'sdi.
2017-yildan boshlab mamlakatimizning yirik sanoat obyektlariga juda katta hajmda xorijiy investitsiya va kredit mablag'lari jalb etilishi natijasida ulardagi ishlab chiqarish hajmi keskin o'sa boshladi. Agar yirik korxona va birlashmalar majoziy ma'noda iqtisodiyot organizmining suyak (skelet) qismi deb hisoblansa, u holda kichik biznes ushbu qismga qayishqoqlik, moslashuvchanlik baxsh etuvchi, uning bir maromdagi harakatini ta'minlovchi mushak to'qima hisoblanadi. Bu jarayon esa yangi korxonalarning tashkil topishi orqali ta'minlanadi. Ya'ni, kichik biznes korxonalari iqtisodiyotdagi talab jadallik bilan o'sib borayotgan tarmoq va sohalarga javoban yangi ishlab chiqarishni tashkil etadi.
Raqamlarga qaraydigan bo'lsak, 2017—2020-yillar mobaynida mamlakatimizda jami 288 mingdan ortiq korxonalar tashkil etildi. Shundan 14,8 mingtasi yirik korxonalar, 273,2 mingtasi kichik biznes korxonalari hissasiga to'g'ri keladi.
Monopoliyani chetlashtirib...
Taraqqiyotning yangi bosqichida mamlakatimizda kichik biznes faoliyati ko'lamining tobora kengayib borayotganini har 1000 nafar aholiga to'g'ri keluvchi kichik tadbirkorlik sub'ektlarining soni orqali ham kuzatishimiz mumkin. Ushbu ko'rsatkich 2017-yilda 12,2 birlikni tashkil qilgan bo'lsa, 2020-yilda 15,6 birlikka yetdi. e'tiborlisi, kichik tadbirkorlik subyektlari sonining eng yuqori o'sishi iqtisodiyotga pandemiyaning salbiy ta'siri sharoitida ro'y beryapti.
Kichik biznesga xuddi iqtisodiyotga yangi kuch, yangi quvvat baxsh etuvchi soha sifatida qarash mumkin. Yangidan tashkil etiluvchi korxonalar keyingi paytda vujudga kelgan talabni, so'nggi texnologik yangilik va yutuqlarni ma'lum darajada o'zida jamlaydi va amaliyotga joriy etadi. Shunga ko'ra, korxonalarning yangilanish darajasi o'ziga xos ko'rsatkich hisoblanadi.
Mamlakatimizdagi ushbu ko'rsatkichning holatini tahlil qiladigan bo'lsak, uning kichik biznes korxonalaridagi darajasi yirik korxonalarga nisbatan 2016-yilda 6,2 marta, 2020-yilda esa 6,9 marta yuqori bo'lganligini kuzatish mumkin. Ya'ni, aynan kichik biznes korxonalari iqtisodiyotimizni modernizatsiyalashda o'z faolligini namoyon etmoqda.
Eng muhimi, kichik tadbirkorlik subyektlari qandaydir ko'rsatma yoki undovlar ostida emas, balki iqtisodiyotdagi kon'yunkturani hisobga olgan holda erkin va mustaqil tashkil etilyapti. Aynan shu holat iqtisodiyot tarmoqlarining umumiy ko'lamiga o'ziga xos tuzatishlar kiritadi. Jumladan, 2017—2020-yillar davomida yangidan tashkil etilgan kichik biznes korxonalarining eng katta salmog'i savdo (jami korxonalarning 32 foizi), sanoat (21 foizi), qishloq, o'rmon va baliqchilik xo'jaligi (12 foizi), qurilish (10 foizi), yashash va ovqatlanish (7 foizi) tarmoqlariga to'g'ri keladi. Bu esa mamlakatimiz yetakchi tarmoq va sohalari o'rtasidagi maqbul nisbatning shakllanishiga xizmat qiladi.
Yana bir jihati, kichik tadbirkorlik iqtisodiyotda raqobat muhitini shakllantirish, uning moslashuvchanligini ta'minlashning muhim omili hamdir. Iqtisodiyotdagi raqobat muhiti bu — turli mahsulot va xizmatlar ishlab chiqaruvchilari va iste'molchilari o'rtasida qulay sharoitga erishish hamda erishishi ko'zda tutilayotgan foyda yoki iqtisodiy nafni maksimallashtirish maqsadidagi iqtisodiy bellashuv (kurash), deyish mumkin.
Iqtisodiyotda monopoliyalarning paydo bo'lishi va amal qilishi — bu obyektiv jarayon. Ularni butunlay bartaraf etish imkoniyatdan tashqari holat hisoblanadi. Ayrim hollarda davlatning monopoliyaga qarshi kurashi ham darhol o'zining etarli samarasini bermasligi mumkin. Shu o'rinda yana kichik biznes subyektlari yordamga keladi. Yangidan-yangi kichik ishlab chiqarish subyektlarini tashkil etish va ularning rivojlanishi uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratib berish orqali bozordagi monopoliya darajasini pasaytirish mumkin.
Shuningdek, mazkur soha iste'mol bozoridagi talab va taklif muvozanatini tiklash hamda ta'minlashda asosiy tomonlardan biridir. Hozir mamlakatimizda biron-bir mahsulotning, xoh u oziq-ovqat tovarlari bo'lsin, xoh kiyim-kechak yoki uy-ro'zg'or buyumlari bo'lsin, kuchli taqchilligining vujudga kelishidan xavfsirash holatlari mavjud emas. Chunki, o'z faoliyat xususiyatiga ko'ra iste'moldagi ahamiyatsiz o'zgarishga ham o'ta sezgirlik bilan e'tibor qaratuvchi kichik tadbirkorlar qisqa muddat ichida bozordagi har qanday taqchillikka o'z munosabatlarini bildiradi. Taqchilligi ortidan narxi ko'tarilgan mahsulotni dastlab boshqa hudud yoki chet mamlakatlardan olib kelish, o'rta yoki uzoq muddatli davrda uning milliy ishlab chiqarishini yo'lga qo'yish orqali bozordagi talab va taklif muvozanatini tiklashga harakat qiladi.
Kichik biznesning yangi ish o'rinlarini yaratish, aholini ish bilan bandlik darajasini oshirishdagi faolligi uning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi yana bir ahamiyatli jihatini namoyon etadi.
O'zbekiston mustaqillikka erishgunga qadar va uning dastlabki pallasida iqtisodiyotdagi tarkibiy o'zgarishlar, milliy ishlab chiqarishning tashqi va ichki talabga mos kelmasligi oqibatida mamlakatimizda muayyan darajada ishsizlik vujudga kelgan edi. Shunisi e'tiborliki, mustaqil taraqqiyotning dastlabki pallasida mazkur holat iqtisodiyotdagi ahamiyatli pasayish oqibatida kelib chiqqan tsiklik ishsizlik ko'rinishida namoyon bo'lsa, hozirga kelib uning asosiy qismi mazmunan ishchi kuchiga bo'lgan talab va taklifning tarkiban nomuvofiqligini ifodalovchi tarkibiy ishsizlik hisoblanadi. Holbuki, mamlakatda ish o'rinlari yetishmovchiligi to'g'risida so'z borgan bir vaqtda, tegishli malakadagi ishchilar etishmayotgan sohalar ham mavjudligi namoyon bo'lmoqda.
Davlatimiz rahbari raisligida shu yilning 16-iyun kuni oliy ta'limni rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlariga bag'ishlab o'tkazilgan yig'ilishda bugungi kunda xizmat ko'rsatish sohasida 40 mingta, sanoatda 38 mingta, qurilishda 12 mingta, qishloq xo'jaligida 10 mingta, aloqa va axborot texnologiyalarida 4 mingta oliy ma'lumot talab etadigan bo'sh ish o'rinlari borligi, lekin bitiruvchilar son jihatidan ham, malaka bo'yicha ham bu talabni qondira olmasligi ta'kidlandi. Shunga ko'ra, ishchi kuchiga bo'lgan talab va taklifni o'zaro muvofiqlashtirish, yangi ish o'rinlarini yaratish orqali ish bilan bandlik darajasini oshirishda kichik tadbirkorlik sub'ektlarining salohiyatidan keng foydalanilmoqda.
Ma'lumotlardan ko'rinadiki, 2016—2020-yillarda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiyotdagi jami bandlarning to'rtdan uch qismidan ko'prog'ini qamrab olgan bo'lib, bu hattoki jahondagi bir qator rivojlangan mamlakatlar ko'rsatkichlaridan ham yuqori hisoblanadi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yangi ish o'rinlari yaratish borasidagi imkoniyat va salohiyati uning harakatchanligi, ko'lam jihatidan ixchamligi va yo'nalishni tez o'zgartira olishi kabi xususiyatlari orqali namoyon bo'ladi. To'g'ri, mantiqan qaraganda, yirik korxona kichik korxonaga nisbatan bir necha o'nlab, yuzlab, hattoki, minglab marta ko'proq ishchilarni yollash orqali mutlaq ustunlikka ega bo'lishi mumkin. Biroq, masalaning boshqa bir jihati mavjudki, yirik korxona o'z xodimlari tarkibini bir marta to'ldirgandan so'ng, uning yangi ish o'rni yaratish imkoniyati keskin qisqaradi yoki tugaydi. Kichik tadbirkorlik sub'ektlari esa, yaxlit soha sifatida ozgina qo'shimcha daromad olish imkoniyati paydo bo'lgan joyda uzluksiz tarzda va tezlik bilan yangidan-yangi ish o'rinlarini yaratishga harakat qiladi.
Mahallalarda ishsizlar bo'lmasligi kerak
Mamlakatimizda bu borada, ayniqsa, mahalla instituti imkoniyatlaridan kengroq foydalanishga e'tibor qaratilmoqda. 2021-yilning boshida Prezidentimiz tomonidan iqtisodiy o'sishning qo'shimcha zaxiralarini topish va safarbar qilish borasida “mahallabay” tizimini yo'lga qo'yish, har bir mahalladagi o'ziga xos “o'sish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish vazifasi belgilab berildi. Jumladan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanish istagini bildirgan aholiga har tomonlama amaliy yordam ko'rsatish, bo'sh bino va er uchastkalarini aniqlab, ulardan samarali foydalanish choralarini ko'rish, mahallalardagi band bo'lmagan aholini kasb-hunar va tadbirkorlik ko'nikmalariga o'rgatishni tashkil etish orqali ularning bandligiga ko'maklashish kabi bir qator vazifalar qo'yildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-apreldagi “2021-yilda yangi ish o'rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko'maklashish bo'yicha davlat dasturi to'g'risida”gi qarori asosida joriy yilda doimiy yangi ish o'rinlarini tashkil etishning yig'ma prognoz ko'rsatkichlariga binoan, jami tashkil etiladigan 457 127 nafar yangi ish o'rinlarining 209 507 nafari (deyarli 46 foizi) kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga yaratilishi ham bu tarmoqqa qaratilayotgan katta e'tibor ifodasidir.
Odatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatdagi bandlik darajasini oshirish orqali aholi daromadlari darajasini oshirishga bevosita va bilvosita ta'sir ko'rsatadi. Jumladan, kichik tadbirkorlik sub'ektlarining xususiy daromadlari hamda ular tomonidan yollanma ishchilar mehnatiga haq to'lash orqali aholi daromadlari bevosita oshirilsa, mustaqil ravishda band bo'lishga imkon yaratish va rag'batlantirish, mol-mulk hamda ijtimoiy transfertlardan olinadigan daromadlar uchun manba yaratishda ishtirok etish orqali aholi daromadlari oshishiga bilvosita ta'sir etiladi.
Yuqoridagi singari ta'sir omillari natijasida mamlakatimizda aholi daromadlarining sezilarli o'sib borishi kuzatilmoqda. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, fuqarolarning nominal umumiy daromadlari 2016-yildagi 151,7 trillion so'mdan 2020-yilda 401,5 trillion so'mga qadar oshgan. Buning natijasida aholi jon boshiga nominal umumiy daromadlar tegishli ravishda 4,8 million so'mdan 11,7 million so'mga ko'tarildi.
Yana bir ma'lumot, 2020-yilda aholi umumiy daromadlari hajmida kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlarning ulushi Jizzax, Buxoro, Xorazm viloyatlarida eng yuqori darajani tashkil etgan. Qoraqalpog'iston Respublikasi, Farg'ona, Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahrida esa yirik sanoat korxonalari va tashkilotlardagi ish haqi ko'rinishidagi daromadlarning salmog'i yuqori, ekani qayd etildi.
Umuman olganda, ushbu yo'nalishning yurt taraqqiyotidagi sezilarli ta'siri, bu borada erishilayotgan yutuqlar haqida ko'p va xo'p gapirish mumkin. Eng muhimi, bugun mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlashning muhim yo'nalishi sifatida e'tibor qaratilib, sohani yanada rivojlantirish bo'yicha manzilli va ta'sirchan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunga javoban, mazkur soha ham iqtisodiyotimizning turli jabhalarida o'zining bunyodkorlik va yaratuvchanlik, faollik va jo'shqinlik baxsh etuvchi xususiyatlarini namoyon etib, Yangi O'zbekiston taraqqiyoti yo'lida xizmat qilyapti.
Baxtiyor HOJIYEV,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Fundamental iqtisodiyot kafedrasi mudiri, i.f.n., dotsent