Dastlabki mahsulotlar qashqadaryolik xaridorlarga yuborildi. Tadbirkor shu vaqtga qadar oʻz xonadonida mazkur faoliyat bilan shugʻullanib kelgan. Tabiiyki, buning oʻziga yarasha noqulayliklari mavjud edi. Masalan, ishlab chiqarilgan mahsulotlardan hosil boʻluvchi tabiiy chang-toʻzon qishloq aholisining eʼtiroziga sabab boʻlayotgandi.
– Tuman hokimi kichik sanoat zonasidan joy taklif qilganida avvaliga biroz ikkilandim, — deydi “Bek online” oilaviy korxonasi rahbari Ilhomjon Umarov. — Lekin toʻgʻri tanlov boʻlgan ekan, bugun keng-moʻlgina maydonda faoliyatimizni boshlab oldik. Loyihaning dastlabki bosqichini amalga oshirish uchun 450 million soʻm mablagʻ sarfladik va natijada 10 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Nasib qilsa, kelgusi yilda 1 milliard soʻm evaziga loyihaning ikkinchi bosqichini boshlaymiz va lak-boʻyoq mahsulotlarini ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻyamiz. Shunda ishchilarimiz soni 20 nafarga yetadi.
Sexda 1 kunda 5 tonna suvli boʻyoq, 10 tonna shpaklyovka, 5 tonna rotbon va 400 kilogramm gruntovka ishlab chiqariladi. Mahsulotlar, asosan, Toshkent shahri, Qashqadaryo, Xorazm hamda vodiy viloyatlariga yuboriladi. Bundan tashqari, tadbirkor qirgʻizistonlik hamkorlar bilan ham dastlabki kelishuvga erishdi va Bagʻdodda ishlab chaqirilgan sifatli qurilish mahsulotlarining eksporti tez orada yoʻlga qoʻyiladi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati Bagʻdod tumani hokimligi maʼlumotiga tayanib.