Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari Oʻzbekistonda kikshering xizmatining afzalliklari va kamchiliklarini tahlil qildi.

2022-yil aprel oyida Toshkentda birinchi kikshering xizmati yoʻlga qoʻyildi va qisqa vaqt ichida ommalashdi. Biroq, mazkur transport vositalarining betartib harakatlanishi piyodalar, velosipedchilar va avtomashinalar uchun qator muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Afzalliklari:

- qisqa vaqt ichida A nuqtadan B nuqtaga yetib borish uchun qulay;

- avtomobilga nisbatan narxi arzon;

- shaxsiy avtomobillarga muqobil vosita boʻlganligi sababli tirbandlikni kamaytiradi;

- ekologik toza transport.

Kamchiliklari:

- samokatlarning avtomobil yoʻlidagi betartib harakati haydovchilarda stressni keltirib chiqaradi;

- piyodalar yoʻlagida kimoʻzarga oʻynash qariyalar, bolalar va nogironlar uchun xavf tugʻdiradi;

- qurilmadan bir vaqtda bir necha kishi foydalanishi;

- elektr samokatlarning yoʻllarda betartib qoldirib ketilishi piyoda va avtomobillar harakatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi;

- voyaga yetmaganlar va mast holdagi kishilarning elektr samokatlarni ijaraga olishi.

Elektr samokatlar bilan bogʻliq noxush hodisalar statistikasi: Italiyada soʻnggi ikki yil ichida elektr samokatlar ishtirokida roʻy bergan yoʻl transport hodisalari (YTH) oqibatida 17 kishi vafot etgan. Fransiyada 2022-yilda elektr samokatlar 27 kishining hayotiga zomin boʻlgan. Xususan, Parijda 3 kishi hayotdan koʻz yumgan va 459 kishi jarohatlangan. Buyuk Britaniyada 2021-yil 10 nafar foydalanuvchi toʻqnashuv oqibatida olamdan oʻtgan, 331 nafari ogʻir jarohat olgan. Germaniyada 2022-yilda elektr samokatlar ishtirokida jami 442 ta baxtsiz hodisa roʻy bergan.

Shu bois, xorijiy mamlakatlarning hukumatlari qurilmalardan foydalanishni tartibga solishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni koʻrmoqda. Xususan, joriy yilning aprel oyida Parijda oʻtkazilgan referendumda ishtirok etganlarning 90 foizi ushbu transport vositalarini taʼqiqlash tarafdori ekanligini bildirgan. 2022-yilda Xelsinkida dam olish kunlari yarim tundan keyin elektr samokatlarni ijaraga olish taʼqiqlandi. Yaponiyada elektr samokatda davlat raqami va yon oynalari boʻlishi kerak, shuningdek, ularning piyodalar yoʻlagida harakatlanishi ham taʼqiqlangan. Buyuk Britaniyada elektr samokatdan foydalanuvchida Q toifali haydovchilik guvohnomasi boʻlishi darkor. Daniya, Ispaniya va Norvegiyada maxsus dubulgʻa kiyish 2022-yildan boshlab minimal texnik standart sifatida joriy qilingan. Rossiyada 2023-yildan elektr samokatlardan foydalanuvchilarning yuk va boshqa yoʻlovchilarni tashishi taʼqiqlandi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda amaldagi yoʻl harakati qoidalariga “elektr samokat” tushunchasi kiritilmagan. Mazkur qurilmalarni qulay shahar transporti sifatida rivojlantirish uchun qonunchilikni takomillashtirish va ulardan foydalanishni tartibga solish maqsadga muvofiq. Xususan:

- yoʻl harakati qoidalariga “elektr samokat” tushunchasini kiritish va ulardan foydalanishning tartibini belgilash;

- piyodalar serqatnov hududlarda tezlikni avtomatik pasaytirish texnologiyasini qoʻllash;

- qurilmadan bir vaqtning oʻzida ikki kishining foydalanishi, shuningdek, mast holatda boshqarishning oldini olish mexanizmini ishlab chiqish;

- qurilmalardan foydalanishda yosh chegarasini joriy etish (Face-ID texnologiyasidan foydalanish);

- elektr samokatlarni tunda ijaraga olishni cheklash;

- elektr samokatlar turadigan maxsus joylarni tashkil etish.

Mazkur chora-tadbirlar elektr samokatlardan foydalanishda xavfsizlikni oshirish, noxush hodisalar sodir boʻlishi hamda aholi oʻrtasida ushbu ekologik va qulay transport turiga nisbatan salbiy fikr uygʻonishining oldini olishga xizmat qiladi.