Ayrim toifa shaxslar uchun daromad soligʻini toʻlashda imtiyozlar berish masalasi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining moliyaviy holatlarini maʼlum bir maʼnoda barqaror ushlab turishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maʼlumki, soliq qonunchiligiga koʻra jismoniy shaxslarning ish haqilariga nisbatan 12 foizlik daromad soligʻi undiriladi. Misol uchun, shaxsning ish haqi 5 million soʻm boʻlsa, undan 12 foizlik daromad soligʻi undirilganda, 600 ming soʻm daromad soligʻi undiriladi.
Daromadlar qaysi oyda olingan boʻlsa, oʻsha oyda har bir oy uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdoridagi daromadlar, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar boʻyicha ozod etiladi. Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtishimiz kerakki, bugungi kunda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 1,155,000 soʻmni tashkil etadi.
Daromad soligʻi toʻlovchilar oʻrtasida ijtimoiy himoyaga muhtoj shunday toifalar mavjudki, ular uchun soliq kodeksida daromad soligʻini toʻlash boʻyicha maʼlum bir darajadagi imtiyozlar yaratilgan. Bu toifa shaxslar sifatida quyidagilarni koʻrsatish mumkin:
1) “Oʻzbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor boʻlgan shaxslar, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan shaxslar. Bu imtiyoz tegishincha “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimning maʼlumotnomasi asosida beriladi;
2) Urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek, doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslar. Mazkur imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimning yoxud boshqa vakolatli organning maʼlumotnomasi asosida beriladi;
3) Bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslar, shuningdek, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar. Bu imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining maʼlumotnomasi asosida beriladi;
4) Sobiq SSSRni, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoxud harbiy xizmatning yoki ichki ishlar organlaridagi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chogʻida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib boʻlganligi oqibatida yoxud frontda boʻlish bilan bogʻliq kasallik tufayli halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining ota-onalari va beva xotinlari (beva erlari). Bu imtiyoz “Halok boʻlgan askarning beva xotini (beva eri, onasi, otasi)”, “Ichki ishlar organlari halok boʻlgan xodimining beva xotini (beva eri, onasi, otasi)”, “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi halok boʻlgan xodimining beva xotini (beva eri, onasi, otasi)” shtampi qoʻyilgan yoxud pensiya guvohnomasini bergan muassasa rahbarining imzosi va ushbu muassasa muhri bilan tasdiqlangan tegishli yozuvli pensiya guvohnomasi asosida beriladi. Agar mazkur shaxslar pensioner boʻlmasa, imtiyoz ularga sobiq SSSR Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik qoʻmitasi yoki Ichki ishlar vazirligining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining tegishli organlari va boshqa harbiy xizmat nazarda tutilgan idoralar tomonidan berilgan harbiy xizmatchining yoki ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimining halok boʻlganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma asosida beriladi.
5) ikki va undan ortiq oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalari bor yolgʻiz onalar. Bu imtiyoz har bir bola uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotnoma asosida beriladi;
6) ikki va undan ortiq oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalari bor hamda boquvchisini yoʻqotganlik uchun pensiya olmaydigan beva ayol va beva erkaklar. Bu imtiyoz erning (xotinning) vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, bolalar tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar, yangi nikohdan oʻtmaganlik hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimining boquvchisini yoʻqotganlik uchun pensiya olinmasligi haqidagi maʼlumotnomasi taqdim etilgan taqdirda beriladi;
7) bolaligidan nogironligi boʻlgan shaxs, doimiy parvarishni talab etadigan farzandi bilan birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota yoki ona. Bu imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki sogʻliqni saqlash muassasasining doimiy parvarish zarurligini tasdiqlovchi tibbiy maʼlumotnomasi asosida beriladi.
Ushbu soliq imtiyozlari tegishli hujjatlar taqdim etilgan taqdirda qoʻllaniladi.
Soliq imtiyoziga boʻlgan huquq kalendar yil davomida vujudga kelgan taqdirda, soliq imtiyozi unga boʻlgan huquqlar vujudga kelgan paytdan eʼtiboran qoʻllaniladi.
Soliq imtiyozini qoʻllash soliq toʻlovchining asosiy ish (xizmat, oʻqish) joyi boʻyicha, asosiy ish joyi mavjud boʻlmagan taqdirda esa — yashash joyidagi soliq organlari tomonidan jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida soliqni hisoblab chiqarish chogʻida amalga oshiriladi. Soliq imtiyoziga boʻlgan huquq yoʻqotilgan taqdirda, soliq toʻlovchi imtiyozga boʻlgan huquqni yoʻqotgan paytidan eʼtiboran oʻn besh kun ichida bu haqda undan soliqni ushlab qoladigan yuridik shaxsga maʼlum qilishi kerak.
Sanab oʻtilgan soliq imtiyozlari soliq toʻlovchining foizlar va dividendlar tarzida olingan daromadlariga, shuningdek mol-mulkni ijaraga topshirishdan olingan daromadlariga nisbatan ham tatbiq etiladi. Agar foizlar va dividendlar asosiy ish joyi boʻyicha hisoblansa, soliq imtiyozini qoʻllash asosiy ish joyi boʻyicha amalga oshiriladi. Agar foizlar va dividendlar asosiy boʻlmagan ish joyi boʻyicha hisoblansa, soliq imtiyozi jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini hisoblab chiqarish chogʻida soliq toʻlovchining yashash joyidagi soliq organlari tomonidan qoʻllaniladi. Shunga oʻxshash tartib mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.