Kinematografiya agentligi rahbariyati Hatori Takashi bilan uchrashdi

    Shuningdek, janob Hatori Takashi O'zbekiston Kinematografiya agentligidan joriy yilning mart oyida O'zbekistonda Yapon kinosi kunlari doirasida yapon filmlarini namoyish etilishida yordam berishni so'radi

    Uchrashuvda janob Hatori Takashi (Yaponiyaning O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi), Nakamura Yuriya xonim (Madaniyat masalalari bo'yicha 2-kotib), Shahrizoda Salixova (Yaponiya elchixonasi Madaniyat va axborot bo'limi xodimi) ishtirok etishdi.

    Uchrashuv doirasi qo'shma loyihalarni ishlab chiqarish, Yaponiyada o'zbek kinosi kunlari va O'zbekistonda yapon kinosi kunlarini tashkil etish va o'tkazish, Yaponiya delegatsiyasining XV Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtiroki va kelgusidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

    Janob Hatori Takashi XIV Toshkent kinofestivalini yuqori baholadi va festival doirasida Yaponiya kinosi kunlari a'lo darajada tashkil etilgani uchun o'z minnatdorchiligini bildirdi. Xabaringiz bor, XIV Toshkent xalqaro kinofestivalida Yaponiya delegatsiyasi tarkibida taniqli rejissyor va aktyor Takeshi Kitano kabi yapon kinosining nufuzli vakillari ishtirok etishgan edi.

    Yaponiya elchixonasi bu jarayonlarlarni mamlakatlarimiz o'rtasidagi madaniy aloqalarning rivojlanishi va mustahkamlanishining boshlanishi, deb baholadi. Rejalashtirilayotgan yangi qo'shma loyiha – “Sakura ifori” to'liq metrajli badiiy filmi buning yana bir isbotidir. Uchrashuv davomida ushbu loyihani bo'lajak film rejissyori Akbar Bekturdiev taqdim etdi.

    Yaponiya elchisi janob Hatori Takashi ushbu filmni suratga olish g'oyasini qo'llab-quvvatladi va Yaponiyaning O'zbekistondagi elchixonasi tomonidan qo'llab-quvvatlanishiga va'da berdi.

    Shuningdek, janob Hatori Takashi O'zbekiston Kinematografiya agentligidan joriy yilning mart oyida O'zbekistonda Yapon kinosi kunlari doirasida yapon filmlarini namoyish etilishida yordam berishni so'radi. Agentlik va Kinematografiyani rivojlantirish markazi rahbariyati mazkur tadbirni o'tkazish muddati va dasturini kelishib olib, ushbu tashabbusni qo'llab-quvvatladi.

    Uchrashuv so'ngida O'zbekiston Kinematografiya agentligi rahbariyati Yaponiya elchixonasiga “O'zbekiston kino san'ati” va “Markaziy Osiyo madaniy merosi Yaponiya muzeylarida” kitob to'plamlarini hadya qildi.