KinoDocOuzbékistan laboratoriyasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

    Madaniyat 25 Noyabr 2020 1450

    Oʻzbekiston Milliy kinokomissiyasida KinoDocOuzbékistan laboratoriyasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekistonning yosh va shijoatli kino ijodkorlari uchun kreativ ssenariylar, rejissuralar yaratish, ijodiy hujjatli filmlarni amalga oshirish boʻyicha mazkur laboratoriya 2020-yilning 23-noyabridan 18-dekabriga qadar oʻtkaziladi. Fransiyalik hujjatli filmlar rejissyori, IVA Company vakili Janob Lyuk Toven Oʻzbekiston Davlat sanʼat va madaniyat instituti talabalari uchun uch bosqichdan iborat onlayn oʻquv-seminar oʻtkazadi.

    Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi rahbari Janob Bris Rokfyoy oʻz nutqida kinematografiya sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va xorijiy tajriba koʻmagida yosh mutaxassislar loyihalarini ilgari surish muhimligini taʼkidladi.

    “Oʻzbekkino” MA Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov grantlar ajratish va suratga olish uchun texnik koʻmak koʻrsatish orqali ushbu loyihani qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

    Taʼkidlash kerakki, ochilish marosimida Oʻzbekistonning Fransiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev virtual ishtirok etdi va oʻz navbatida kinematografiya sohasida amalga oshirilgan, Fransiyada ham, Oʻzbekistonda ham katta muvaffaqiyat qozongan loyihalarni eslab oʻtdi.

    Lyuk Toven 2019-yilda Oʻzbekistonga tashrif buyurib institut va Focus sanʼat maktabi oʻquvchilari uchun mahorat darslarini oʻtkazgan edi. Uning Oʻzbekistonga ilk tashrifi natijasida ishtirokchilar bir nechta qisqa hujjatli filmlarni suratga tushirishga muvaffaq boʻlishdi. Bir nechta kinofestivallarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Saidaʼloxon Maʼsudxonovning “Larisa” filmi ham shular jumlasidan.

    Ochilish marosimi yakunida kinematografiya va yoshlar siyosati sohasida Fransiya - Oʻzbekiston loyihalarini rivojlantirishga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi. Xususan, ular birgalikda kino ishlab chiqarishni amalga oshirishda hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

    “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati