“O'zbekiston” nashriyoti hamda Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida o'tkazilgan ushbu kechada O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, yozuvchi va dramaturg Qo'chqor Norqobilning “Olislarda osmon yo'q edi”, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurodning “Vatan mehri”, yozuvchi Uyg'un Ro'zievning “Atirgul” hamda jurnalist va yozuvchi Ulug'bek O'rinovning “Gung qizdan salom” kitoblari taqdimoti bo'lib o'tdi.

  Tadbir O'zbekiston davlat filarmoniyasi Milliy sozandalar ansamblining musiqiy sadolari ostida boshlandi. So'ngra kitob targ'ibotiga bag'ishlangan "Kitob – xalqning yuragi va ma'naviyati" deb nomlangan videorolik namoyish etildi. Taqdimotda filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Gulnoza Sattorova, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh mutaxassisi, shoir Muhiddin Omon, O'zbekiston xizmat ko'rsatgan artist Barno Qodirova, xonandalar Farhod va SHirin, SHerbek SHodiev hamda yana ko'plab adabiyot ixlosmandlari so'zga chiqdi.

  Bizni qo'llab-quvvatlab, chaqirig'imizga yo'q demasdan, biz bilan elkama-elka turgan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga, xususan, uyushma raisi, O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidga, rais o'rinbosarlari – Botirjon ergashev, G'ayrat Majid, Saidg'ani Nasriddinovga, matbuot xizmati rahbari Fozil Farhodga, mohir fotograf Ahmad To'ra va uyushmaning barcha xodimlariyu OAV vakillariga minnatdorlik bildiramiz.

  Adabiyot va kitob targ'iboti yo'lidagi fidokorona mehnatlaringizni qadrlaymiz. Kelgusidagi hamkorligimiz yanada mazmunli bo'lishiga ishonamiz.

 

Shavkat Odiljon,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining "O'zbekiston" nashriyoti direktori o'rinbosari