Biroq ayni yoshlik pallasida shuni yodda tutish joizki, orzular asosan bilim vositasida ushaladi. Har qanday yutuq uchun mustahkam zamin, yaʼni qatʼiy iroda, aniq maqsad hamda vaqtida egallangan va egallanishda davom etayotgan bilim lozim. Bilim tushunchasiga esa “kitob” soʻzi egizdir.
Bugungi kunda yurtdoshlarimiz orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yosh avlodning badiiy adabiyotga mehrini oshirish, maʼrifatli avlodni voyaga yetkazish yoʻlida ulkan islohotlar kechmoqda.
Keling, shu oʻrinda mamlakatimizda kitobxonlikning muhim bosqichga koʻtarilish pallasiga toʻxtalib oʻtsak.
2017-yil 30-iyun. Toshkentda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining (hozirgi Yoshlar ishlari agentligi negizidagi) qurultoyi oʻtkazildi. Qurultoyda Prezidentimiz ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqot qildi. Yigʻilishda alohida eʼtibor qaratilgan, kuyinib gapirilgan mavzulardan biri kitobxonlik edi. Men yigʻilishda Sirdaryodan turib videokonferensiya orqali ishtirok etgandim. Prezidentimizning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har yili “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon mahalla”, “Eng kitobxon oila” kabi tanlovlar oʻtkazish, yakuniy bosqich gʻoliblarini taqdirlash uchun qimmatbaho sovgʻalar, jumladan, yurtimizda ishlab chiqarilgan avtomobillarni mukofot tariqasida berish tashabbusini koʻpchilik qatori men ham katta quvonch bilan qabul qilgandim.
Ochigʻi, kitob oʻqigan insonga mashina sovgʻa qilish koʻpchilik uchun ishonish qiyin boʻlgan holat edi. Shuning uchun afsus bilan aytish joizki, koʻpchilik “Oʻqib shahar olarmiding?”, “Oʻqigan bilan nima boʻlarding?”, “Nari borsa oʻqituvchi boʻlasanmi?” degan gaplarni hech boʻlmaganda bir marta boʻlsa ham eshitgan.
Bu gaplarni men ham eshitganman. Toʻgʻri, ota-onam hamisha qoʻllab-quvvatlab, oʻqishimni, yaxshi taʼlim olishimni xohlagan. Ammo atrofdagilar men kabi oddiy qishloq bolasining muvaffaqiyatga erishishini istasa-da, ishona olmas edi. Biroq Prezidentimiz kattayu kichikni birdek kelajakka dadil qarashga oʻrgata oldi. “Yosh kitobxon” tanlovi eʼlon qilinib, gʻolibiga “Spark” avtomobili sovgʻa qilinishi haqidagi lavhalar OAVda namoyish etildi. Oʻsha kunlarning birida ota-onamga yuzlandim:
— Sizlarga mashina sovgʻa qilaman!
Daladan charchab kelgan dadam hayron qaradi.
Men esa davom etdim:
— Birinchi oʻrinni olgan ishtirokchiga mashina sovgʻa qilinadigan tanlov eʼlon qilinibdi. Albatta, qatnashib, shu tanlovda gʻolib boʻlaman.
Bu gapimdan ota-onamning chehrasi yorishib, keyin shu maqsadimga yetishishim uchun barcha sharoitlarni qilib berishdi. “Yosh kitobxon”ga qizgʻin tayyorgarlik koʻra boshladim. 2017-yilgi tanlovda omadim kelmagani uchun emas, balki bilimim yetmagani sababli eng oxirgi oʻrinni — 14 ta hudud ichida 14-oʻrinni qayd etdim. Tanlovda yutqazib kelganimdan keyin aksariyat qishloqdoshlarim meni koʻrganlarida “Ha, Oʻrmon akamning oʻgʻli-ya, kalit qoʻlingda turgandi. Shart-shart gapirib, mashinani yutib kelmaysanmi? Lekin birinchi oʻrinni olgan qiz oʻtkir ekan-a? Mayli, yana harakat qil, albatta, qatnash. Bizning qishloqdan ham chiqsin “Prezident sovgʻasi”ni haydab yuradigan”, deb aytishni odat tusiga aylantirdilar.
Bundan xijolat boʻlardim, qaysidir maʼnoda magʻlubiyat alamini his qilardim. Biroq aynan shu soʻzlar ham turtki boʻlib, tanlovda ketma-ket ishtirok etaverdim. Ikki emas, uch emas, beshinchi yil deganda — 2022-yilning 7-aprel kuni “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida 15-19 yosh toifasida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdim va ota-onamga 2017-yilda bergan vaʼdamni bajardim.
“Prezident sovgʻasi”ni yutib kelganimdan soʻng qishlogʻimizda kitobga boʻlgan muhabbat ortib ketdi. Dadam esa “Spark”da butun viloyatimiz boʻylab ellikka yaqin maktabga meni olib bordi. Bu maktablarda oʻquvchilar bilan uchrashdim. Oʻquvchilar esa bitta gapni takrorlar edi: “Sizga havas qilamiz, biz ham kitob oʻqib, mashina yutamiz”.
Odamlar havas qiladigan darajaga yetishimga Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar sababchi boʻldi. Yurtimizda kitobxonlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik tufayli ilm-maʼrifat yoʻlidagi avlodning koʻksiga shamol tegdi. Bizga “Spark” berilgan boʻlsa, bugungi gʻoliblar elektromobillar bilan taqdirlanmoqda. Biz birinchi bor qatnashgan paytda respublika bosqichida 2-oʻrinni olgan ishtirokchi kompyuter bilan taqdirlangan boʻlsa, bugun 75 million soʻm pul mukofotini qoʻlga kiritmoqda. Bu mamlakatimizda islohotlarning yildan yilga yuksalib, qamrovi ham kengayib borayotganidan dalolat. Soʻnggi yillarda mana shunday kitobxonlik tanlovlarida 3 milliondan ziyod yosh ishtirok etibdi. Bu hazilakam raqam emas.
Yaqinda Prezidentimizning “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Albatta, barchamiz ayni qarorni kitobga mehr va kitob singdirgan vatanparvarlik ruhidagi yangi Oʻzbekistonga muhabbat bilan qarshi oldik.
Qaror asosida “Kitob — maʼrifat manbai” loyihasi doirasida aholi oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish va yiliga oʻrtacha 10 ta kitob oʻqish maqsadi joriy etilishi, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasi tuzilishi, “Jadidlar izidan” kitobxonlik klubi loyihasi asosida maktab oʻquvchilari yiliga kamida 20 ta kitob oʻqishining taʼminlanishi, klubning eng faol aʼzolari taqdirlanishi belgilandi.
Shuningdek, tanlovlar orqali isteʼdodli mualliflarni aniqlash va ularga ijod qilish uchun sharoit yaratish maqsadida bir yilgacha BHMning 50 baravari (20 million 600 ming soʻmgacha) miqdorida haq toʻlanishi, eng sara xorijiy adabiyotlarni oʻzbek tiliga va milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilish, nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizi hamda mualliflik huquqi uchun xarajatlarning 80 foizining jamgʻarma tomonidan qoplanishi qayd etildi.
Shu bilan birga, kitobxonlik reytingi shakllantirilishi, “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomini olgan hududlarda 330 ta mahalla kutubxonasi tashkil qilinishi, “TOP-100” kitobxon dasturi doirasida oʻquvchi va talabalar orasida eng koʻp kitob oʻqiganlarning taqdirlanishi, har biriga BHMning 25 baravari miqdorida (10 million 300 ming soʻm) pul mukofoti berilishi, “Mutolaa” raqamli platformasi loyihasi orqali jamoat transporti va infratuzilma obyektlarida elektron va audiokitoblardan bepul foydalanish imkoniyati yaratilishi — bularning barchasi yangi Oʻzbekiston kitobxon mamlakat sifatida yuksalayotganidan dalolat.
Yoshlar, xususan, yosh kitobxonlar vakili sifatida ayta olamanki, bu qaror, avvalo, bizning nurafshon kelajagimiz uchun qabul qilindi. Endilikda Oʻzbekistonda kitobxonlik boʻyicha alohida jamgʻarma faoliyat yuritadi. Bu imkoniyatdan unumli foydalanib, tengdoshlarim, uka-singillarim oʻz ustilarida yanada koʻproq ishlashlari lozim.
Qarorda kitobxonlik boʻyicha qilinishi lozim boʻlgan ishlar aniq va ravshan belgilab qoʻyilgan. 11 qismdan iborat dastur toʻliq kitobxonlik harakatiga qaratilgan. Shuningdek, jamgʻarmada tajribali mutaxassislar, olimlar, ziyolilardan iborat Vasiylik kengashi tarkibi shakllantirilgani ham kitobxonlarni quvontiradi. Vasiylik kengashining aniq ish rejalariga kitobxonlik boʻyicha tanlovlarning tizimli tashkil etilishini nazorat qilish, soha rivoji yoʻlidagi muammolarni aniqlab, ular yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etib borish vazifalari yuklatilgan boʻlib, bular ham kengashning mamlakatimizda kitobxonlik darajasini yuksaltirish yoʻlida oʻziga xos oʻrin tutishidan darak beradi.
Bugun yurtimizda kitobxonlik sohasidagi islohotlarga koʻpchilikning havasi kelmoqda. Bunga oʻzim guvohman. Ozarbayjonda oʻtkazilgan xalqaro forumda mamlakatimizdagi yoshlar siyosati boʻyicha taqdimot qilgan edik. Unda kitobxonlik borasidagi ishlarga toʻxtalganimda, bir ozarbayjonlik ishtirokchining “Eh-a, zoʻr tanlov-ku. Oʻzbekistonga borib, kitob oʻqib, mashina yutib kelsak boʻlarkan” degan soʻzlari hali-hamon yodimda.
Kitob va kitobxonlar boʻyicha ishlarning koʻlami haqiqatan keng. Xususan, “Yangi Toshkent” majmuasida yangi kutubxona qad rostlayotgani soʻzimiz isboti. Imom Buxoriy majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi va muhtasham kutubxona. Bu uch majmua bir vaqtning oʻzida qad koʻtarmoqda. Yaʼni ilm, eʼtiqod, maʼrifat, maʼnaviyat, innovatsiya va ilgʻor tashabbuslar bir vaqtning oʻzida yuksalmoqda. Yaqinda Prezidentimiz ushbu kutubxona qurilishi bilan tanishdi. Ushbu jarayonni televideniye orqali koʻrib, shuni his qildimki, mazkur kutubxona yangi Oʻzbekiston kutubxonasi sifatida xalqimizning shonli tarixidan munosib oʻrin egallaydi.
Ha, chindan ham ne-ne insonlar koʻrishni orzu qilgan zamonlarda yashayapmiz. Bir vaqtlar Qodiriy, Choʻlpon, Munavvarqori, Fitrat kabi jadid bobolarimiz maʼrifat yoʻlida harakat qilgani uchun asossiz jazolangan edi. Bugun-chi? Bugun ular boshlab bergan harakat yoshlar qalbiga singib bormoqda. Maktablarda ularning nomlari bilan ataluvchi klublar tashkil etilmoqda. Bu ham ular orzu qilgan kunlarni biz koʻrayotganimizdan dalolat.
Hech yodimdan chiqmaydi: 2022-yilning 30-iyun kuni. “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi pavilyonda Prezidentimiz “Yosh kitobxon” va “Yosh kitobxon oila” tanlovlari gʻoliblari bilan muloqot qildi. Oʻshanda davlatimiz rahbari “Sizlar kitob oʻqib charchamasanglar, men mukofot berib charchamayman”, degandi. Shu kuni Prezidentimizdan “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotini qabul qilib olgandim. Taqdirlash marosimida esa davlatimiz rahbari ota-onangizga salom va rahmatimni yetkazib qoʻying, deya qoʻlimni mahkam siqib qoʻygandi. Bugun oddiy uy bekasi boʻlgan onamning koʻksida “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni porlab turibdi, otam “Prezident sovgʻasi — “Yosh kitobxon” gʻolibi” deb yozib qoʻyilgan mashinada magʻrur yuribdi. Men bularning hammasiga yangi Oʻzbekistonda Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyatlar natijasida erishdim.
Bugun Guliston davlat universitetida yoshlar yetakchisi sifatida faoliyat yurityapman. Faoliyatim davomidagi asosiy loyiha va tashabbuslarim ham aynan kitobxonlikka qaratilgan. Xususan, talabalar orasida kitobxonlik debatlariga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz. Har hafta “Mutolaa maydoni” loyihasi orqali “Mutolaa” ilovasidagi biror asarni oʻqib, muhokama qilamiz. Shuningdek, “Mushoira” klubi faoliyatini yoʻlga qoʻyib, yosh ijodkorlarning shakllanishida bor gʻayratimizni safarbar etyapmiz.
Universitetimiz yosh ijodkorlarining kitobini nashr etishni reja qildik. Televideniye bilan hamkorlikda “Bir asar muhokamasi”, “Munozara” kabi teleloyihalarni yoʻlga qoʻyib, kitobxonlik tadbirlarini ommaviy axborot vositalarida keng yorityapmiz.
Yaqinda universitetimizning yangi va zamonaviy Axborot-resurs markazi foydalanishga topshirildi. Yoshlar ishlari agentligining sovgʻasi sifatida “1000 kitob” loyihasi doirasida tarjima qilingan kitoblar yangi kutubxonamizga taqdim etildi.
Biz hali oʻz ustimizda juda koʻp ishlab, tinimsiz oʻqib, yaratib berilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda yangi Oʻzbekistonni maʼrifatli jamiyat va kitobxonlar yurti sifatida yuksaltirishimiz lozim. Prezidentimiz qarorida har yili kishi boshiga 10 dona kitob oʻqilishiga erishish alohida qayd etilgan. Lekin ishonamanki, yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida biz bu raqamni ham tez orada zabt etib, bundan-da yuksak natijalar sari intila boshlaymiz. Hali bir inson yiliga 30-40 dona kitob oʻqiydigan kunlarga ham yetib boramiz. Marra aniq, maqsad ravshan. Faqat harakat qilsak, bas.
Yorqinjon HAYITBOYEV,
Guliston davlat universiteti yoshlar yetakchisi,
“Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohibi,
“Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi gʻolibi