“Kitobxonlik haftaligi-2022” doirasida Xitoy tili va madaniyati festivali oʻtkazildi

    Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi va Konfutsiy nomidagi oʻzbek-xitoy instituti hamkorligida “Kitobxonlik haftaligi-2022” doirasida Xitoy tili va madaniyati festivali tashkil etildi.

    Festivalda Xitoy sanʼati, madaniyati, xattotlik sanʼati reproduksiyalari koʻrgazmasi, shuningdek, qogʻoz kesish sanʼati, anʼanaviy choy marosimlari, Tayzi-yuan (xitoycha badantarbiya turi), musiqa va raqs dasturlari namoyish etildi. Shuningdek, ushbu festival davomida SHHTning yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik boʻyicha Xitoy qoʻmitasi tomonidan taqdim etilgan, Nankay universiteti aks etgan videorolik namoyish etildi.

    Tadbirda ishtirok etgan Oʻzbekiston milliy kutubxonasi direktori oʻrinbosari Nasiba Xoldorova, Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori-Qobiljon Sobirov, Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Chi Junlin, Konfutsiy nomidagi oʻzbek-xitoy instituti direktori-Saodat Nosirova (oʻzbekiston tomonidan), Konfutsiy nomidagi oʻzbek-xitoy instituti direktori-professor Yan Shixu (xitoy tomonidan) bu kabi tadbirlar ikki xalq oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni, adabiyot va ayniqsa kitobxonlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi, yaqin qoʻshnichilik va doʻstlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtdi.

    Tadbir soʻnggida Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan taqdim etilgan xitoy tilida nashrdan chiqqan kitoblar, oʻquv qoʻllanma va materiallar Markaz tomonidan kutubxona tizimda faoliyat yuritayotgan SHHT bilimlar zali uchun topshirildi.

    Oʻzbekistonda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining

    Xalq diplomatiyasi markazi Axborot xizmati