“Dunyo“ AAʼning xabar berishicha, tadbirlarda Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqarma boshligʻi Azizbek Salahiddinov boshchiligidagi mamlakatimiz ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya qatnashdi.
Afgʻoniston sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Ahmadulloh Zohid tadbirning ochilish qismidagi nutqida, xalqlarimiz oʻrtasida uzoq oʻtmishga borib taqaladigan azaliy doʻstlik rishtalari va mushtarak milliy urf-odatlar ikki davlat tadbirkorlari aloqalarini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. U Oʻzbekiston rahbarining siyosiy irodasi va intilishlari uzoq tarixga ega yaqin qoʻshnichilik, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni jadallashtirishga xizmat qilayotganini bildirdi.
“Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun biznes-forum va V2V shaklidagi uchrashuvlarni muntazam oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlaymiz. Jumladan, joriy yilning 25-27-fevral kunlari Toshkent shahrida oʻtkaziladigan “26-qurilish materiallari va uy bezaklari“ koʻrgazmasida 21 nafar afgʻon tadbirkorlari ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda“, dedi Ahmadulloh Zohid.
Afgʻoniston Savdo va investitsiya palatasi raisi vazifasini bajaruvchi Muhammad Yunus Momand oʻz navbatida, Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning hozirgi holatini yuqori baholadi. “Biz afgʻon biznesi vakillariga oʻzbekistonlik hamkorlar bilan ishlashlari uchun berilayotgan imtiyoz va yengilliklar uchun Oʻzbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz. Qayd etish kerakki, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro hamkorlik aloqalarining mustahkamlanayotgani ikki davlat savdo aylanmasi hajmining koʻpayishiga ham katta hissa qoʻshmoqda“, — dedi u.
Oʻzbekiston elchisi Oybek Usmonov oʻz maʼruzasida, Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va ularga taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida batafsil soʻzlab berdi.
Faol saʼy-harakatlar natijasida Oʻzbekiston–Afgʻoniston savdo aylanmasi 2024-yilda 1,1 milliard AQSH dollaridan oshganiga urgʻu berildi.
Tadbir yakunida ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida V2V shakldagi muzokaralar tashkil etildi. Ularda bir qator muhim kelishuvlarga erishildi.