Nizomga koʻra, manfaatdor shaxs koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda Davlat kadastrlari palatasi masʼul xodimlarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilib, Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda yuzaga keladigan nizolarni koʻrib chiquvchi komissiyaga yozma yoki Davlat kadastrlari palatasi rasmiy veb-sayti orqali elektron murojaat qilishi mumkin.
Komissiya murojaatni kelib tushgan kundan eʼtiboran 10 ish kuni ichida koʻrib chiqishi shart (murojaatlar soni bir yoki bir nechta boʻlishidan qatʼi nazar).
Manfaatdor shaxs yoki uning qonuniy vakili murojaatlar koʻrib chiqilishida ishtirok etish huquqiga ega.
Arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tegishli qaror qabul qilinadi.
Manfaatdor shaxs Komissiya qaroridan norozi boʻlsa, qarorni olgan kundan boshlab 2 oy muddatda apellyatsiya komissiyasiga murojjat qiladi.
Shunga koʻra, Apellyatsiya komissiyasi murojaatni 10 ish kuni ichida koʻrib chiqadi.
Manfaatdor shaxs Komissiya va apellyatsiya komissiyasi qarorlaridan norozi boʻlgan holatlarda belgilangan muddatlarda sudga shikoyat qilishi mumkin.