Sessiyada soʻz olgan viloyat hokimi Botir Zaripov Kogon shahri iqtisodiy salohiyati bilan viloyatda alohida oʻringa egaligi, xususan, savdo, xizmat koʻrsatish va sanoatga ixtisoslashgan hamda transport logistikasi uchun qulay tranzit hududlardan biri ekanligini taʼkidladi. Biroq soʻnggi yillarda sektorlar rahbarlari tomonidan shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ayniqsa, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikdan chiqarish, infratuzilma va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari holatini yaxshilashga yetarlicha eʼtibor qaratilmaganligini qayd etdi.
Sessiya kun tartibida tashkiliy masala koʻrildi.
Botir Zaripov 2018-yildan beri Kogon shahriga rahbarlik qilib kelgan Hakim Hoshimovni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi qarorni oʻqib eshittirdi.
Deputatlar tomonidan Kogon shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib Hayot Hasanovich Davlatov nomzodi tasdiqlandi.
Hayot Davlatov 1979-yilda Peshkoʻ tumanida tugʻilgan. Maʼlumoti-oliy. 1999-yilda Sankt-Peterburg davlat universitetini, 2006-yilda Buxoro davlat universitetini hamda 2011-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi-menejment, iqtisodchi.
U ish faoliyatini Buxoro viloyati monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasida oddiy nazoratchi sifatida boshlab, Buxoro viloyati hokimligi iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, Buxoro viloyati qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish konsalting markazi direktori, Buxoro viloyati Investitsiya bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimlarida ishlagan. Shu vaqtga qadar Buxoro viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlab kelayotgandi.
Maʼlumki, Kogon shahrining qolgan uchta sektor rahbarlari-shahar prokurori, ichki ishlar boʻlimi boshligʻi va davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi ham lavozimidan ozod etilgan edi. Sessiyada ushbu lavozimlarga ham yangi rahbarlar tayinlanganligi maʼlum qilindi. Jumladan, Kogon shahar prokurori lavozimiga Sodiqjon Savriddinovich Joʻrayev tayinlandi.
S.Joʻrayev — 1982-yilda Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. Maʼlumoti — oliy. 2004-yilda Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi — huquqshunos. Mazkur lavozimga Kogon tuman prokurorining oʻrinbosarligidan oʻtkazilgan.
Kogon shahar IIB boshligʻi lavozimiga Azizbek Joʻrayevich Rajabov tayinlandi.
A.Rajabov — 1977-yilda Romitan tumanida tugʻilgan. Maʼlumoti — oliy. 1999-yilda OʻZbekiston Respublikasi IIV Akademiyasini, 2007-yilda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi Oliy akademik kursini tamomlagan. Mutaxassisligi — huquqshunos. Podpolkovnik. Mazkur lavozimga Buxoro viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari-muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi lavozimidan oʻtkazilgan.
Kogon shahar DSI boshligʻi lavozimiga Alisher Rustamovich Latipov tayinlandi.
A.Latipov — 1987-yilda Gʻijduvon tumanida tugʻilgan. Maʼlumoti — oliy. 2008-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi — sugʻurta ishi. Mazkur lavozimga Shofirkon tuman DSI boshligʻining oʻrinbosarligidan oʻtkazilgan.
— Kogon shahrini taraqqiy ettirish boʻyicha belgilangan vazifalarni bajarish bugundan shaharga yangi tayinlangan barcha sektorlar rahbarlari, shuningdek, mahalliy kengash deputatlari va jamoatchilikning yana-da faolligiga bogʻliq. Ana shunda ishimizda unum, natijadorlik boʻladi, - dedi Botir Zaripov.
Shuningdek, sessiya kun tartibidagi masala yuzasidan mahalliy kengash deputatlari va shahar faollarining fikr-mulohazalari eshitildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati