Turli sohalarda erishilayotgan yutuqlarda astronomik ilmiy izlanishlar, kashfiyotlarning o'rni qanday? Bugun qanday yutuqlar qo'lga kiritilmoqda? Ularning amaliy ahamiyati nimada?
O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori, “Fan va turmush” jurnali bosh muharriri, akademik Shuhrat Egamberdiev bilan suhbatimiz shu kabi masalalar atrofida kechdi.
— Ko'pchilikni qiziqtiradigan bir savol bilan murojaat qilsam. Astronom olimlar, soha mutaxassislari tomonidan olib borilayotgan ishlarning amaliy ahamiyati nimada?
— Bu juda yaxshi, amaliy ahamiyat kasb etadigan savol. Unga javobni oddiy misol vositasida bersam. Quyosh tizimida — Mars bilan Yupiter sayyoralari oralig'ida asteroidlar belbog'i mavjud. Ushbu belbog'da o'lchamlari bir necha yuz metrdan bir necha yuz kilometrgacha bo'lgan samoviy toshlar — asteroidlar harakatlanadi. O'zaro to'qnashuvlar natijasida ba'zi asteroidlar sayyoramiz yaqiniga kelib qoladi. Ular BMT tomonidan “sivilizatsiyaga xavf tug'diruvchi” asteroidlar deb ta'riflanib, maxsus ro'yxatga kiritilgan. 2013 yilda Chelyabinsk shahrida ana shunday osmon jismining portlashi natijasida ko'plab binolarga va odamlarga shikast yetganini eslashning o'zi kifoya.
So'nggi o'n yil mobaynida ushbu ro'yxatdagi asteroidlar soni keskin oshib, 2021-yilning aprel oyi holatiga ko'ra, 25 ming 538 tani tashkil etdi. Ularning harakati monitoringini olib borish, kelgusidagi o'zgarishini bashorat qilish, orbitalari va sayyoramiz bilan to'qnashishi ehtimolini hisoblash astronomlar oldida turgan muhim amaliy tadqiqotlarning eng dolzarbi hisoblanadi.
Mamlakatimiz nihoyatda qulay mintaqada, okean va dengizlardan uzoqda joylashgan. Bizning yaqin atrofimizga birorta asteroid qulaydigan bo'lsa, u albatta, zarar etkazishi mumkin, lekin global miqyosdagi vayronagarchilikka olib kelmaydi. Asteroid mabodo Tinch okeaniga tushsa, yuzaga kelgan sunami oqibatida qirg'oq davlatlariga misli ko'rilmagan ofat yog'iladi. Shu bois, astronomiya observatoriyalarida maxsus “Fazo gvardiyasi” nomli dastur tuzilgan. Ushbu dasturga O'zbekistondagi Maydanak observatoriyasi ham kiritilgan. Vaqti-vaqti bilan biz sayyoramiz yaqinidan o'tayotgan asteroidlarni kelishilgan dasturlar doirasida kuzatib, ma'lumotlarni tegishli markazlarga yuborib turamiz. Shuning uchun biz yaqin osmondagi holatdan xabardormiz. Gazetxonlarga mamnuniyat bilan aytmoqchimizki, yaqin yuz yil ichida real xavf tug'diruvchi asteroid bugungi kunda qayd etilgani yo'q.
— Avval o'zbekistonlik astronomlar tomonidan qilingan kashfiyotlar haqida onda-sonda o'qib qolardik, eshitardik. So'nggi paytlarda bu borada qanday yangiliklar bo'ldi?
— Olamshumul kashfiyotlar har kuni bo'lavermaydi. Obrazli qilib aytganda, koinot sir-sinoatlarini yillar davomida mashaqqatli mehnat qilgan olimlargina ochib beradi. Bir necha yil oldin olimlarimiz yangi sayyora ochgani, Etti qaroqchi yulduz turkumidagi o'ta yangi yulduzning chaqnashini birinchilardan bo'lib qayd etganini faxr bilan e'lon qilgan edilar. So'nggi yillarda ham qator muhim natijalarni qo'lga kiritdik. Lekin har qanday ilmiy natijani hammaga tushunarli, oddiygina qilib tushuntirish juda qiyin. Ta'kidlash kerakki, ba'zi kashfiyotlarning tub mohiyatini tushunish hatto mavzuga yaqin mutaxassislar uchun ham murakkab bo'ladi. Astronomiyadan misol keltirmoqchiman. Yulduzlar o'zgarmas osmon jismlari emas. Ular ham tabiatdagi barcha narsalar kabi tug'iladi, rivojlanadi va tugaydi. Yulduzlar koinotdagi ulkan gaz va chang bulutlaridan gravitatsion siqilish natijasida paydo bo'ladi, “ulg'ayadi” va nihoyat atrofga sochilib, yana qaytib yulduzlararo gazga aylanadi. Eng katta massaga ega bo'lgan yulduzlar o'rnida “qora tuynuk”lar hosil bo'ladi. Bu osmon jismlarini hech qachon va hech qanday usul yordamida ko'rib bo'lmasligi uchun ular shunday atalgan. Lekin fanda bugungi kunning haqiqati ertangisiga to'g'ri kelmaydi. “Qora tuynuk”lar bilan ham shunday holat yuz berdi. 2019 yil 10 aprelda astronomlar “qora tuynuk”ning insoniyat tarixidagi ilk tasviri olinganini e'lon qildi. Bunday kashfiyotni qilish uchun Er sayyorasi kattaligidagi teleskop kerak edi. Olimlar bu masalaning nihoyatda maqbul yo'lini topdi. Ular Yer yuzining turli mintaqalarida joylashgan 8 ta radioteleskopni M87 galaktikasiga yo'naltirib, uning markazida joylashgan “qora tuynuk”ning sharpasi (silueti) tasvirini olishga muvaffaq bo'ldi. Bu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun oldindan murakkab nazariy modellash va sharpaning shaklini bashorat qilish kerak edi. Ana shu ishni amalga oshirishda olimlarimiz faol ishtirok etgan. Bu bizning olamshumul kashfiyotga muhim hissamiz bo'ldi!
— Bugungi kunda mamlakatimizda astronomiya yo'nalishida ilmiy tadqiqotlar qilib, ilmiy yangiliklari dunyo miqyosida e'tirof etilayotgan yosh olimlar yetishib chiqyaptimi? Bu borada kimlarni e'tirof etgan bo'lar edingiz?
— Yuqorida qayd etilgan olamshumul kashfiyotda O'zFA Astronomiya instituti professori Bobomurod Ahmedov boshchiligidagi guruh loyihaning nazariy va modellashtirish ishlarida faol ishtirok etib, “qora tuynuk”lar nazariyasiga oid 30 dan ortiq ilmiy maqolani dunyoning eng nufuzli jurnallarida chop ettirgan. Ular erishgan natija dunyo ilmiy jamiyati tomonidan alohida ahamiyatga molik.
Institutimizning yosh olimi Ahmadjon Abdujabborov 2017-yilda Web of Science xalqaro agentligi tanlovida O'zbekistondagi eng yosh iqtidorli olim, 2019 yilda esa eng yaxshi texnolog-tadqiqotchi nominatsiyalari bo'yicha g'olib deb topildi. Shu yilning o'zida Bobur Toshmatov Scopus xalqaro ma'lumotlar bazasi bo'yicha eng yaxshi yosh olim nominatsiyasida g'olib bo'ldi. Bir yil oldin u Arman Tursunov bilan birgalikda Chexiya fiziklar jamiyati tomonidan o'tkazilgan tanlovda eng iqtidorli yosh olim nomiga erishdi. Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligini nishonlash arafasida Prezidentimiz qarori bilan Bobomurod Ahmedov “O'zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni bilan, Ahmadjon Abdujabborov esa “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
O'ylaymanki, bu kabi yoshlarimiz Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda o'zlarining munosib hissalarini qo'shadi.
Ta'kidlash joizki, yuqorida qayd etilgan yutuqlarga erishishda Prezidentimizning yoshlarga bo'lgan e'tibori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Birgina Astronomiya institutida 10 dan ortiq yosh olim imtiyozli kreditlar evaziga uy-joy bilan ta'minlandi. Bu ko'rsatkich Fanlar akademiyasi bo'yicha 150 ga yaqin. So'nggi yillarda olimlarimizning maoshi keskin oshirildi. Qolaversa, yangi asbob-uskunalar va hisoblash vositalari bilan jihozlangan laboratoriyalar tashkil etildi.
Olimlarimizni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan bu sa'y-harakatlar o'z samarasini bermoqda. Astronomiya sohasidagi natijalar mamlakatimizda ilm-fan sohasidagi ijobiy o'zgarishlarning bir qismi, xolos.
— Hozir Astronomiya institutida bajarilayotgan tadqiqotlar, asosan, Qashqadaryo viloyatidagi Maydanak observatoriyasida olingan kuzatuv ma'lumotlariga asoslangan. Mazkur observatoriya faoliyati, bu erdagi ilmiy kuzatuvlar haqida to'xtalsangiz.
— Har bir soha, jumladan, fan yo'nalishining istiqbolini belgilovchi va uzoq muddat davom etuvchi omillari mavjud bo'lsa, uning istiqboli porloq. Bunday omillar astronomiya fanida mavjud bo'lgani tufayli men kelajakka katta umid bilan qarayman. Bu omillarni sanab o'tmoqchiman.
Birinchidan, Maydanak atmosfera sharoitlarining osmon jismlarini kuzatishga qulayligi (astroiqlimi) bo'yicha jahonning eng nufuzli observatoriyalari bilan raqobatlasha oladi. Binobarin, biz katta hajmdagi va sifatli kuzatuvlar qila olamiz.
Kuzatuvlar koinotning eng uzoq hududlarida joylashgan kvazarlar, galaktikalarning spiral yenglarida joylashgan yulduzlar shakllanadigan hududlarni o'rganish imkonini beradi, ularning o'ta yuqori sifatli tasvirlarini olishni taqozo etadi. Maydanakda esa bunday imkoniyatlar bisyor.
Ikkinchidan, hozirgi kunda aksariyat astronomik dasturlar osmon jismlarini uzluksiz (kecha-kunduz almashishi tufayli uzilishlarsiz) kuzatishni taqozo etadi. Bu ishni Yer kurrasining turli burchaklarida joylashgan observatoriyalar orqali uzviy ketma-ketlikdagina bajarish mumkin. Shu jihatdan Maydanak observatoriyasi nihoyatda qulay geografik nuqtada — Evroosiyo mintaqasining qoq o'rtasida joylashgani muhim. Masalan, Maydanakda tun bo'lganida Yer sharining qarama-qarshi tomonida — AQSH hududida kunduz bo'ladi va aksincha. Shu tufayli bunday dasturlarni bajarishda Maydanakning o'rnini bosadigan observatoriya yo'q. U qator xalqaro astronomik kuzatuv dasturlarining faol ishtirokchisidir.
Qayd etganimizdek, yuqori massaga ega yulduzlar evolyutsiyasini ulkan portlash bilan yakunlaydi. Bunda atrofga milliardlab tonna yulduz massasi otiladi va oldinlari xira bo'lib ko'ringan yulduz o'rnida yorqinlik paydo bo'ladi. Bunday hodisalar fanda o'ta yangi yulduzlar chaqnashi deyiladi. 2017 yilning may oyida biz Maydanakda ana shunday hodisani dunyoda birinchilardan bo'lib kuzatganmiz. Umuman aytganda, Maydanakdagi faoliyat astronomiya fanimizning raqobatbardoshligidan darakdir! Maydanak observatoriyasi bilan hamkorlik qilmoqchi bo'lgan markazlar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
— Astronomiya institutining xalqaro ilmiy hamkorliklari hamda o'zaro tajriba almashishlari haqida gapirib bersangiz.
— Shu yilning 1-3-noyabr kunlari Astronomiya institutida onlayn tarzda Maydanak observatoriyasida tadqiqot olib boruvchi astronomlarning VI anjumani bo'lib o'tdi. Bu birlashma 2009 yilda tashkil etilgan bo'lib, har ikki-uch yilda barcha a'zolar uchrashib, Maydanakdagi ilmiy ishlarning sarhisobini chiqaradi. Avvalgi yig'ilishlar Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya hamda Xitoyda bo'lib o'tgan. VI anjuman ishida O'zbekiston bilan birga Fransiya, Germaniya, Italiya, Shveytsariya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi 17 mamlakatdan jami 75 nafar olim (38 nafari xorijlik) qatnashdi. Anjumanda 2018 yilda Xitoyda bo'lib o'tgan yig'ilishdan keyin observatoriyadagi o'zgarishlar, yangi imkoniyatlar, so'nggi yillarda qo'lga kiritilgan ilmiy natijalar va, albatta, kelgusi rejalar muhokama qilindi.
So'nggi yillarda institutning 20 ga yaqin yosh ilmiy xodimi “El-yurt umidi” va Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armalari hisobidan jahonning yetakchi ilmiy markazlarida qisqa va uzoq muddatli ilmiy safarlarda bo'lib, o'z malakasini oshirib qaytdi. AQSHdagi Milliy astronomiya markazi va Nyu-Yorkdagi Manxetten kolleji, Germaniyadagi Evropa janubiy observatoriyalari markazi hamda Gyote universiteti, Xitoy va Yaponiya Milliy astronomiya observatoriyalari, Shanxaydagi Fudan universiteti, Hindistondagi Astrofizika va astronomiya bo'yicha xalqaro markaz, TATA fundamental tadqiqotlar instituti ana shular sirasiga kiradi. Bunday ilmiy safarlar Astronomiya instituti ilmiy salohiyatining keskin oshishiga turtki berdi.
— Astronomiya institutining mamlakatimizda falakiyot ilmini yanada rivojlantirish borasidagi istiqboldagi vazifalariga ham to'xtalib o'tsangiz.
— Astronomiya instituti Maydanak observatoriyasida zamonaviy teleskoplar va uskunalar o'rnatish, ular yordamida yangidan-yangi galaktikalar va hozircha kuzatish imkoni yo'q jarayonlarni kuzatish bilan bog'liq faoliyatda yanada salmoqli natijalarga erishishni maqsad qilgan.
2017-yil sentyabr oyida Islom hamkorlik tashkilotining Nur-Sulton shahrida bo'lib o'tgan, fan va texnologiyalarga bag'ishlangan birinchi sammitida islom davlatlarida ilm-fanga bo'lgan e'tiborni kuchaytirishni aynan astronomiya misolida targ'ibot etish masalasi ko'rilgan. Nega aynan astronomiya? Chunki musulmon olimlari aynan astronomiya sohasi bo'yicha jahon ilm- faniga eng salmoqli hissa qo'shgan. Lekin bu masalada bitta nomutanosiblik borligi qayd etildi. Bu ham bo'lsa, XXI asrga kelib, birorta musulmon davlatida yirik teleskop yo'qligidir. O'sha sammitda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutq so'zlab, O'zbekistondagi Maydanak observatoriyasida ko'zgusining diametri katta bo'lgan zamonaviy teleskop o'rnatish va unga Mirzo Ulug'bek nomini berish tashabbusi bilan chiqdi. Hozir bu masalada jahonning etakchi markazlari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Bunday teleskop robotlashgan, masofadan boshqarish imkoniyatiga ega bo'lishi kerak. Qolaversa, unda ishlash malakali kadrlar bo'lishini taqozo etadi. Astronomiya institutida bunday ishlarni uddalay oladigan yuqori malakali kadrlar mavjud va ular yosh avlodni ham shu ruhda tarbiyalab kelmoqda. Shuning uchun Maydanak observatoriyasi kelajakda jahonning yetuk astronomiya markazlaridan biriga aylanishiga ishonamiz.
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Shahzod G'afforov
suhbatlashdi.