Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat. Konstitutsiyamizda mustahkamlangan ushbu tamoyil asosida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy yordam va xizmatlarni koʻrsatishda shaffof, raqamlashtirilgan tizim yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hayotga tatbiq etilayotgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi bu jabhadagi ishlar rivojiga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda yurtimizda bu yoʻnalishda mahalla darajasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻrsatish tizimi yaratildi. Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻmaklashish, jamiyatga integratsiya qilish, sifatli protez-ortopediya va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash jarayoni takomillashtirildi.

Prezidentimizning shu yil 30-yanvardagi “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni mazkur yoʻnalishdagi islohotlar yoʻlida muhim huquqiy asos boʻldi.

Farmonda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturida nazarda tutilgan imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish, hududlarda aholining turmush sharoitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda kambagʻallikni qisqartirish borasida yangicha yondashuvlarni joriy etish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Bu yoʻnalishda koʻzda tutilgan maqsad va vazifalarni roʻyobga chiqarish uchun “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻlarini shakllantirish, ulardan foydalanish tartib-taomillari belgilandi.

Aholini ijtimoiy himoya qilish keng qamrovli masala, bunda oilaning moliyaviy ahvolini yaxshilash uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bilan bir qatorda kambagʻallikdan chiqarish va bandlik tadbirlarini ham uzviy tarzda tashkil etish lozim. Qolaversa, davlat tomonidan ajratilgan yordamning muhtoj qatlamga manzilli yetib borishini taʼminlash ustuvor vazifa.

Shuningdek, uy-joyga muhtoj yoki xonadoni taʼmirtalab oilalarning yashash sharoitini yaxshilashga koʻmaklashish ham eʼtibor talab etiladigan holat. Ijtimoiy himoya tadbirlarini tashkil etishda ana shu jihatlarga doimiy eʼtibor qaratish, oilalarning holatini muntazam oʻrganish orqali kambagʻallik holatiga tushish ehtimoli boʻlganlarga ham oʻz vaqtida koʻmak berish inson qadrini ulugʻlashdek ezgu tamoyillarga hamohangdir. Farmonda ushbu yoʻnalishda muhim chora-tadbirlar belgilangani ayni muddao.

Ilgari ijtimoiy daftarlar jamgʻarmalari orqali aholining tegishli toifalariga ­koʻrsatiladigan yordam minimal isteʼmol xarajatlarining bir barobaridan koʻp boʻlmagan miqdorda ajratilardi. Farmonga muvofiq, bu yoʻnalishda yangi tartib belgilandi. Endilikda oylik daromadi oila aʼzolarining har biriga minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining 2 barobaridan koʻp boʻlmagan oilalarga ham taqdim etiladi. Bunda madaniy-maʼrifiy, taʼlim, sport va turizm tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishga “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari tushumlarining 25 foizidan koʻp boʻlmagan qismini yoʻnaltirishga ruxsat beriladi.

Yana bir yangilik ehtiyojmand qatlamning davolanishi, xususan, jarrohlik muolajalarini olishiga koʻmaklashish bilan bogʻliq. Avval bunday koʻmak turli daftarlar orqali koʻrsatilar, mablagʻ miqdori ham turlicha boʻlgan. Bu esa muayyan muammolarni yuzaga keltirayotgan edi. 2025-yil 1-maydan ijtimoiy daftarlar jamgʻarmalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini oʻtkazish xarajatlari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali moliyalashtiriladi. Qolaversa, jarrohlik muolajasi xarajatlari toʻliq qoplab beriladigan boʻldi.

Yaqin-yaqingacha ijtimoiy yordam ajratishda aholining haqiqatan bunday koʻmakka muhtoj ekani toʻliq oʻrganilmas edi. Natijada haqiqiy ehtiyojmand oilalar qolib, moliyaviy holati yaxshi boʻlganlar ham yordam olib kelgan. Ijtimoiy himoya uchun ajratilgan mablagʻlarni haqiqiy muhtojlarga yetkazishda jahon tajribasida ham qator muammolar uchraydi. Shu bois, koʻplab rivojlangan davlatlar yechim sifatida avtomatlashtirilgan tizimdan foydalanmoqda.

Masalan, Germaniyada ijtimoiy yordam avtomatik tarzda tayinlanadi, bu jarayonda davlatga murojaat qilish talabi yoʻq. Bu usul Janubiy Koreya va Kanada tajribasida ham oʻzini oqlagan. Endilikda bizda ham bu amaliyotdan foydalanish koʻzda tutilmoqda. Buning uchun ijtimoiy daftarlar jamgʻarmalari hisobidan yordam koʻrsatishni soʻrab murojaat qilgan shaxslarning ijtimoiy holatini aniqlash “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali, oilaning moliyaviy holatini esa idoralararo axborot almashinuvi orqali avtomatik ravishda baholash natijalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2025-yil 1-apreldan Kambagʻal ­oilalar reyestriga kiritilgan oilalar uchun ijtimoiy daftarlar jamgʻarmalari orqali qoʻllab-quvvatlashning bir qator yangi instrumentlari joriy etiladi. Masalan, kamida 3 nafar xotin-qiz, yosh va aholining boshqa ehtiyojmand toifasi bandligi hamda ijtimoiy faolligini taʼminlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda ­“Saxovat va koʻmak” jamgʻarmalari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravarigacha grantlar ajratiladi.

Bundan tashqari, ushbu sanadan eʼtiboran “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi orqali, shu yil 1-sentyabrdan esa “Ayollar daftari” jamgʻarmasi orqali toʻlanadigan bir martalik moddiy yordamlar ­oʻrniga kam taʼminlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar toʻlanadi.

Shu yil 1-apreldan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam oʻrniga ushbu hududlarda yashovchi Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga uy-joyida artezian quduq qazish, suv nasoslarini oʻrnatish hamda ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi. Bunda subsidiya xarajatlarning 90 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda ajratiladi. Ushbu chora-tadbirlar aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash va salomatligini yaxshilashga xizmat qiladi.

Nogironligi bor shaxslarga mehr-eʼtibor koʻrsatish, jamiyatda munosib oʻrin egallashi uchun sharoit yaratish, sogʻligʻini yaxshilashga koʻmaklashish savobli ish. Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, nogironligi boʻlgan bolalarni parvarishlash uchun “Gʻamxoʻrlik” guruhlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Bu boradagi xayrli ishlar davom ettirilib, “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi hisobidan nogironligi boʻlgan yoshlarga parasport toʻgaraklariga qatnashishi uchun yoʻl haqi xarajatlarini har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravarigacha miqdorda qoplab berish yoʻlga qoʻyiladi. 6 oy davomida muntazam ravishda sport va sanʼat toʻgaraklariga qatnashayotgan yoshlar uchun sport kiyimlari, inventarlar, musiqa va cholgʻu asboblarini xarid qilish uchun mablagʻ ajratiladi.

Hayot tasodifiy hodisalardan xoli emas. Toʻsatdan roʻy beradigan yongʻin, toshqin kabi fojialar tinch-totuv, toʻkinlikda yashab turgan oilalarning baxtli hayotini birpasda yoʻqqa chiqarishi mumkin. Bunday holatlarda oilalarga koʻmak berish, ruhan dalda boʻlish xalqimizning azaliy qadriyati. Albatta, ogʻir lahzalarda yaqinlar, mahalla-koʻyning hamdardligi, qoʻllab-quvvatlovi katta madad. Ammo shunday vaziyatda davlat tomonidan koʻrsatiladigan yordamning ham ahamiyati beqiyos.

Shu jihatlar eʼtiborga olinib, farmonga muvofiq, yongʻin, suv toshqini, zilzila va boshqa texnogen hodisalar oqibatida zarar koʻrgan oilalarga uy-joylarini tiklash, taʼmirlash xarajatlarini qoplash uchun “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi orqali bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha yordam koʻrsatish belgilangani yana bir xayrli ish boʻldi. Zero, koʻmakka muhtoj insonga oʻz vaqtida va beminnat tarzda koʻrsatilgan yordam eng katta qoʻllovdir.

Tuman (shahar) hokimliklari huzurida ­“Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamgʻarmalari tashkil etilishi bunday xayrli ishlar barcha joylarda keng quloch yoyishi va ijtimoiy koʻmak haqiqiy muhtoj qatlamga oʻz vaqtida va manzilli yetib borishiga zamin boʻladi.

Mazkur farmonda belgilangan ana shunday xayrli ishlarning toʻliq roʻyobga chiqishi ijtimoiy yordamning maqsadli va manzilliligini, uning koʻmakka haqiqatan ehtiyoji bor insonlarga yetib borishini taʼminlashda muhim qadam boʻladi. Qolaversa, ijtimoiy dasturlar yangi mexanizmlar asosida yanada shaffof va samarali amalga oshirilishi natijasida tizimda korrupsiya va byurokratiyaning oldi olinadi. Bundan, avvalo, inson, qolaversa, jamiyat va davlat har tomonlama manfaat koʻradi.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri