Bosh prokuratura tomonidan Qibray tumanida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga sodir etilgan qotillikka suiqasd qilish bilan bogʻliq jinoyat ishi yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Bayonotda taʼkidlanishicha, ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qayd etilishicha, tergov harakatlari davomida hodisa sodir boʻlgan joyni va ayblanuvchilar boshqaruvida boʻlgan avtomashinalarni koʻzdan kechirish hamda ular istiqomat qilgan xonadonlarda oʻtkazilgan tintuvlarda ishga aloqador boʻlgan ashyoviy dalillar aniqlanib olindi.
Oʻtkazilgan tergov va tezkor–qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador boʻlgan jami 7 nafar shaxs aniqlanib, 5 nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanildi, shuningdek 2 nafariga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan edi.
Qidiruvda boʻlgan ayblanuvchi K.S.ning Qozogʻiston Respublikasida yashiringan manzili aniqlanib, uning ishtirokida tergov harakatlari olib borildi.
Shuningdek, qidiruvda boʻlgan ayblanuvchi Javlon Yunusov Janubiy Koreya Respublikasida qoʻlga olinib, Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Tergov harakatlari davom etmoqda.