Koʻmir yetkazib berishdagi talon-torojliklar fosh etildi

    Xavfsizlik 19 Dekabr 2023 1226

    49 ta ijtimoiy soha obyektlarini isitish mavsumida koʻmir bilan uzluksiz taʼminlash uchun ajratilgan mablagʻlarning 452,3 mln soʻmini boshqa maqsadlarga sarflab, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlandi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Taxiatosh tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “U.E.” MCHJ masʼul shaxslari davlat xususiy sherikchilik bitimga asossan tumandagi 49 ta ijtimoiy soha obyektlarini isitish mavsumida koʻmir bilan uzluksiz taʼminlash uchun ajratilgan mablagʻlarning 452,3 mln soʻmini boshqa maqsadlarga sarflab, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

    Departamentning Baliqchi tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Koʻmir taʼminot” MCHJning Shahrixon koʻmir ombori masʼul shaxslari aholiga imtiyozli narxda 612,3 tonna koʻmir sotilganligi toʻgʻrisida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, ushbu koʻmirni bozor narxida boshqa shaxslarga sotib yuborganliklari aniqlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.