“O'zbekko'mir” AJda Angren ko'mir sanoati korxonalarida foydalaniladigan texnologiyalar, 2021-2022-yillar qishki davrida aholi va byudjet tashkilotlarini ko'mir bilan ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida OAV vakillari uchun media tur tashkil etildi.

“O'zbekko'mir” AJ Toshkent viloyatining Angren shahrida joylashgan bo'lib, O'zbekistonda yirik ko'mir qazib oluvchi va yetkazib beruvchi korxona sanaladi. Bu yerda har yili 4 million tonnadan ortiq ko'mir qazib olinadi. Qattiq yoqilg'ining asosiy iste'molchisi elektr energiyasi sektori hisoblanadi, bu esa ko'mir umumiy iste'molining 85 foizidan ortig'ini tashkil qiladi. Qattiq yoqilg'iga talab sanoat, ijtimoiy va kommunal soha korxonalari, shuningdek, aholi o'rtasida ham yuqori.

O'zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarishda ishlatiladigan tabiiy gaz va neft mahsulotlari, elektr energiyasi balansi tarkibida ko'mir ulushining o'sishi, ko'mir sanoatining ustuvor yo'nalishi bo'yicha asosiy omil hisoblanadi. “O'zbekko'mir” AJ ko'ng'ir ko'mirni Angren ko'mir havzasidagi “Angren” va “Apartak” ko'mir konlaridan qazib oladi. Angren konlaridan ko'mir bilan birga yo'lakats qazilmalar, jumladan, kaolin ham qazib olinadi.

Joriy 2021-yilda “O'zbekko'mir” AJ tomonidan 4,45 million tonna ko'mir qazib olish rejalashtirilgan (bu o'tgan yildagiga nisbatan 115,1%ni tashkil qiladi):

− issiqlik elektr stansiyalariga − 3,3 million tonna

− byudjet tashkilotlariga − 440 ming tonna

− aholi uchun − 940 ming tonna

− iqtisodiyotning real sektoriga − 0,1 million tonna yoqilg'i yetkazib beriladi.

Ayni paytda iste'molchilarga jo'natilayotgan ko'mirning sifatini yaxshilashga ham jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Bu borada qudratli og'ir kon texnikalaridan unumli foydalanish va zamonaviy tejamkor loyihalarni keng joriy etish muhim ahamiyatga ega.

“Angren” ko'mir koni “O'zbekko'mir” AJning asosiy ko'mir qazib oluvchi korxonasi  hisoblanadi. 1949-yilda qurib ishga tushirilgan ushbu konda turli yillarda bir necha bor rekonstruksiya va texnik qayta jihozlash ishlari olib borilgan.  Ayni paytda konda ko'mir ustki qatlamini ochish va ko'mir qazib olish jarayonida turli rusumdagi qudratli ekskavtorlar kechayu kunduz tinim bilmaydi. Ustki qatlamdan ko'chirib olinayotgan tog' jinslari va ko'mirni tashishda avtomobil, temir yo'l va konveyer transportidan keng foydalanilmoqda.

“Angren” ko'mir konida hozirda kovushi 5 kubometrdan 16 kubometrgacha bo'lgan turli rusumdagi ekskavatorlar ishlab turibdi. Tajribali ekskavator mashinisti, “Mehnat shuhrati” ordeni sohiblari Abdunabi Rustamqulov, Abdunabi Xakimovlar ana shunday serunum ekskavatorlarni mohirlik bilan boshqarib keladi.

2021-yil 5-maydan boshlab Byudjet tashkilotlari uchun ko'mir etkazib berish boshlandi. O'tgan yili bu ish oktyabr oyida boshlangan edi. Ko'mir yuklashda tig'izlikning oldini olish maqsadida 2-konveyer liniyasi qurib ishga tushirildi va hozirda sinov ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.

Press tur davomida jurnalistlar kon texnikalari hamda byudjet tashkilotlariga ko'mir yuklash jarayonlari bilan tanishdilar hamda o'zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.

Ne'mat DUSHAYEV,

“O'zbekko'mir” AJ axborot xizmati rahbari