— Statistika maʼlumotlariga koʻra, har yili 25 yoshdan oshgan ishchilarning 80 foizida umurtqa pogʻonasi xastaliklari, xususan, umurtqa qiyshiqligi aniqlanadi. Buni qarangki, 80 foizni keltirib chiqargan omil — ish stolida gavdani notoʻgʻri tutish ekan. Shuning uchun ham xodim ish vaqti davomida (imkon qadar har bir-ikki soatda) 5-10 daqiqalik tanaffus qilishi lozim. Bu paytda bir necha marotaba oʻtirib, turish, gavdani yon tomonga harakatlantirish, boshni soat mili boʻylab aylantirish kerak. Soʻng oʻpkani toʻldirib nafas olinadi va yana ishni davom ettirishga kirishiladi.

Bel ogʻriqlaridan himoyalanishda kursi suyanchigʻiga maxsus ortopedik yostiq oʻrnatish mumkin. Shuningdek, bunday yostiqlar bavosir bilan ogʻrigan kishilar uchun ham tavsiya etiladi.

Har ikki soatda boʻyin mushaklari uchun mashq bajarilishi, boʻyin osteoxondrozi profilaktikasi hisoblanadi. Ayniqsa, ensa va kurak sohasida ogʻriq, uvishish kuzatilganida mashqlar gʻoyat foydalidir.

Kamharakatlik tanada qon aylanishini buzadi. Birinchi navbatda, oyoq va kichik tos aʼzosida meʼyoriy jarayon izdan chiqadi. Buning asoratida esa oyoq vena qon tomirlarida varikoz kengayish, bavosir tugunlarining hosil boʻlishi yuz beradi. Qon aylanishini yaxshilash uchun jismoniy faollikni oshirish lozim. Ishni ertalabki badantarbiyadan boshlagan maʼqul. 10-15 daqiqa qoʻl-oyoq chigalini yozish qon aylanishini yaxshilaydi. Kun davomida esa zinadan piyoda koʻtarilish, vaqti-vaqti bilan xona boʻylab yurish kerak.

Qon aylanishining meʼyorda boʻlishi koʻp jihatdan isteʼmol mahsulotlariga ham bogʻliq. Muntazam qahva yoki achchiq qora choy ichish qonni quyultiradi. Shuningdek, shirinliklar qonda “yomon” xolesterin miqdorining ortishini yuzaga keltiradi. Aksariyat kishilarda kuzatiladigan holat: kompyuter qarshisida taom yeyishning esa ziyoni katta. Nega deganda, monitordan tarqalayotgan nur nafaqat inson tanasi, balki u isteʼmol qilayotgan mahsulotga ham yetib boradi va uni maʼlum maʼnoda zararlaydi.

Tizza boʻgʻimlarining bir xil bukilgan yoki yozilgan holatda koʻp qolib ketishi ham zarar. Boʻgʻimlarning uzoq vaqt bir xil holatda qolib ketishi natijasida uning drenaj funksiyasi, oziqlanishi moylanishi buziladi, buning natijasida artroz-boʻgʻim kasalligi kelib chiqadi.

Bu kasallikning oldini olish uchun oyoqlar holatini almashtirib turish, vaqti vaqti bilan turib yurish, oʻtirgan holatda velosiped harakatlarini oldinga va orqaga bajarish, chuqur nafas chiqarib oʻtirish va chuqur nafas olgan holda turish mashqlarini bajarib turish kerak.

Eng oson mashgʻulot: kishi nigohini derazadan tashqariga, biror obyektga qaratadi. Soʻng yana yaqindagi narsaga qarash mumkin. Koʻzlarni oʻng, chap, tepaga va pastga harakatlantirish ham foydalidir. Bu koʻz mushaklarini harakatga keltiradi. Shuningdek, koʻzni tez-tez yumib, ochish ham asqatadi. Muhimi, kompyuter qarshisida uzoq vaqt oʻtirmaslik kerak. Kichik tanaffuslar koʻzga dam beradi.

Ofis xodimi sindromidan asabi boʻshlar koʻproq aziyat chekadi. Demakki, sogʻlom hayot kechirish va sevimli mashgʻulot bilan shugʻullanishda davom etish uchun stressli vaziyatlardan himoyalanish darkor. Har bir kasallik asabdan, deyilishi bejiz emas, axir.

Mutaxassis fikrlarini Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati “oqqa koʻchirdi”.