Qoʻqqisdan berilgan zarba sobiq ittifoq tarkibidagi barcha xalqlarning matonati tufayli qaytarildi va gʻalaba bilan yakunlandi. Urush yillarida xalqlarning tabiiy yaqinlashuvi, doʻstligi va hamkorligi mustahkamlandi. Ayniqsa, oʻzbek xalqi urush yillarida qadriyatlari, mehnatsevarligi tufayli frontda ham, front ortida ham faol ishtirok etib, butun insoniyat tarixida nomini abadiyatga muhrladi.
Oʻzbek
jangchilari nafaqat Yevropa, balki Osiyo xalqlarini ham dushmandan ozod etishda
qatnashdi. Frontlarda dushman askarlarini tor-mor keltirgan mard oʻgʻlonlarimiz
va jasur qizlarimiz yuksak mukofotlar bilan taqdirlandi. 1941-yil iyunidan
1945-yil mayigacha mukofot va ragʻbatlantirish tizimi sezilarli oʻzgarib, 10 ga
yaqin orden hamda 20 dan ortiq medal taʼsis etilgan.
Dastlabki
tadqiqotlarga koʻra, urushda qozonilgan gʻalaba natijasida Markaziy Osiyo,
jumladan, Oʻzbekistondan 120 ming, Qirgʻizistondan 42 mingdan ortiq,
Tojikistondan 50 mingga yaqin, Turkmanistondan 19 mingga yaqin jangchi
mukofotlangan. Aynan urush yillarida 120 ming oʻzbekistonlik jangchining orden
va medallar bilan mukofotlangani xalqimiz jasoratiga berilgan munosib baho
boʻldi.
Soʻnggi
yillarda Ikkinchi jahon urushi davri tarixini chuqurroq oʻrganish hamda yangi
tarixiy maʼlumotlarni ilmiy muomalaga kiritish maqsadida yangi tadqiqotlar
oʻtkazilmoqda. Xususan, oxirgi uch yildagi ilmiy izlanishlar natijasida
jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan oʻzbekistonliklarning soniga
oydinlik kiritildi. Yangi maʼlumotlarga asosan 200 mingdan ziyod askar va
ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi.
Shuningdek, Italiya, Angliya, Fransiya, Polsha, Vengriya kabi mamlakatlarning
ordenlari bilan taqdirlangan hamyurtlarimiz bir necha ming kishini tashkil
etgani maʼlum boʻldi.
Buyuk
gʻalabaga ulkan hissa qoʻshgan vatandoshlarimiz hali-hanuz yurtimizda ardoqda.
Oʻzbekistondagi yangi avlod bobolarining urush yillarida koʻrsatgan soʻnmas
jasorati, ona Vatanga mehr-muhabbatini qalbida saqlab, front yoʻllarini bosib
oʻtganlar xotirasini minnatdorlik bilan yodda saqlaydi. Jumladan, har yili
9-mayning Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanishi davlatimiz tomonidan
bu kunga alohida eʼtibor berilayotganining dalilidir. Bugun front jangchilari
bilan birga front ortida mashaqqatli mehnat qilgan faxriylarga ham alohida
eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul
qilindi. Ular asosida urush ishtirokchilari va qatnashchilariga har yili oshirilgan
miqdorda mukofot pullari berilmoqda. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga
shahar atrofida harakatlanish uchun temir yoʻl, suv va avtomobil
transportlarida bepul yurish huquqi belgilangan.
—
Bugun oramizda sogʻ-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari,
barcha nuroniylarimizga alohida mehrimiz, ehtiromimizni izhor etamiz. Ushbu
majmua buyuk gʻalabaga munosib hissa qoʻshgan koʻp millatli xalqimizning
jasorati va qahramonligini tarannum etadigan tabarruk maskan, desak, toʻgʻri
boʻladi, — dedi davlatimiz rahbari kuni kecha poytaxtimizdagi Gʻalaba bogʻiga
tashrifi chogʻida.
Ayniqsa,
soʻnggi yillarda urushda faxriylarini ragʻbatlantirish hamda eʼzozlash borasida
katta ilmiy va amaliy ishlar bajarildi. Jumladan, “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik
majmuasi barpo etildi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Ikkinchi jahon
urushida mardlik va jasorat, front ortida matonat hamda insonparvarlik
namunalarini koʻrsatgan koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining fashizm ustidan
qozonilgan buyuk gʻalabani taʼminlashga qoʻshgan munosib hissasini keng
miqyosda yoritish, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida
fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish,
ularning beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodni
Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida Toshkent shahrida
“Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi”
monumentlari, tarixiy-badiiy ekspozitsiyalarni qamrab olgan “Gʻalaba bogʻi”
yodgorlik majmuasi barpo etildi. Bular barchasi xalqimizning yovuzlikka
murosasizligi, doim adolat va tinchlik tarafdori boʻlgani, vatanparvarlar nomi
hech qachon unutilmasligini bildiradi.
Diyorjon ABDULLAYEV,
Urganch davlat pedagogika
instituti
rektori vazifasini bajaruvchi,
tarix fanlari doktori,
professor