Kompyuter xaridida aldangan isteʼmolchilar

    Savdogarning yomon moli boʻlmas, deyilganidek sotuvchi doim oʻz mahsulotini qanday qilib boʻlmasin, sotishga harakat qiladi. Bugun bozorlarimiz ancha taraqqiy etdi. Biroq sotuvchi va xaridor oʻrtasidagi muammolar hali-hanuz tugagani yoʻq. Aksincha, tortishuvlar ham zamonaviy tus olmoqda.

    Namangan viloyatida yashovchi Dilmurod Vohidov 2021-yilning 26-dekabrida Namangan shahrida joylashgan “Medan” maishiy texnika doʻkonidan “Asus Vivo BOOK” rusumli kompyuter sotib olgan. Biroq kompyuter nosoz chiqqan. Isteʼmolchi mahsulotni almashtirishga olib borganida sotuvchi taʼmirlab, nosozlikni bartaraf etib beramiz, degan.

    Biroq D.Vohidov servis xizmatidan ham qoniqmagan. U yana doʻkonga borib, noutbukni almashtirib berishlarini yoki pulini qaytarib berishlarini talab qilganda, doʻkon xodimlari tovarni kreditga olinganini va u bilan tuzilgan shartnoma elektron tarzda tuzilgani uchun pulni qaytarib bera olmasligini vaj qilib keltirgan.

    Isteʼmolchi Namangan shahri isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga masalani hal etib berishni soʻrab murojaat qilgan. Namangan shahri isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari “Medan” doʻkoni ish yurituvchisi va murojaatchi bilan bevosita suhbatlashib, “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunda bu kabi holatlarga qanday yondashish lozimligini tushuntirgan.

    Suhbat davomida D.Vohidov bu doʻkondan kompyuter olish fikridan qaytganini bildirib, pulini qaytarib berishlarini soʻragan. Isteʼmolchining talabi qondirilib, oʻsha kunning oʻzida uning noutbuk uchun toʻlagan 9 370 000 soʻm puli qaytarib berildi.

    Toshkent viloyatida yashovchi Otabek Norchayev ham Yunusobod tumanidagi doʻkonlardan biridan kompyuter sotib olgan. Buni qarangki, doʻkondagi sotuvchi xaridorni qanday boʻlmasin aldab, ishlatilgan kompyuter jamlanmasini berib yuborgan. Buni uyiga borib bilib qolgan isteʼmolchi federatsiyaning ishonch telefoniga murojaat qilib, unga ushbu muammosini yechishda amaliy yordam soʻragan.

    Ushbu murojaat Shayxontohur tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan ijobiy hal etilib, isteʼmolchiga doʻkondan yangi kompyuter jamlanmasi olib berildi.

    Yana bir shunday holat Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanida yashovchi Islom Qayumov bilan yuz berdi. U “Malika” savdo majmuasidan 7 500 000 soʻmdan ziyod pulga “Asus Vivo BOOK x 712” rusumli noutbukni 2021-yilning 1-martida bir yillik kafolat muddati bilan xarid qilgan. Ammo qisqa vaqtda noutbuk ishlamay qolgan.

    Isteʼmolchi kompyuterni xarid qilgan doʻkoniga murojaat qilgan. Doʻkondagi sotuvchilar I.Qayumovni servis xizmatiga joʻnatishgan. Servis xizmatidagi mutaxassislar 3 kunda tuzatib beramiz, deya oradan ancha vaqt oʻtsa-da, isteʼmolchining kompyuterini tuzatib bermagan. Bundan norozi boʻlgan Islom Qayumov Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaat qilgan.

    Ushbu ariza Toshkent shahri isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan oʻrganilib, bir kunda nosoz noutbukning taʼmirlab berilishiga erishildi.

    Gulnoza SHARAFOVA,
    Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish

    jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati xodimi