Achchiq boʻlsada, aytish kerak, ayrim yurtdoshlarimiz tabiatga bepisand munosabatda boʻlmoqda. Baʼzilar hech ikkilanmay ariqqa chiqindi tashlamoqda. Boshqalar esa tabiatni asrash kerak ekanini bilsada, unga nopisand munosabatda boʻlayotganlar oldidan jim oʻtib ketadi. Ortiqcha daxmaza nimaga kerak, uyimizda ichgani suvimiz boʻlsa, xonadonimiz pokiza tursa boʻldida, deb oʻylaymiz. Biroq yanglishamiz.

Yerimiz, osmonimiz bitta. Oʻzimizga alohida toza havoni yaratib ololmaymiz. Koʻchadagi gʻubor ostonamizdan kirib kelaveradi. Ostonamiz, koʻchamiz, mahallamiz pokiza boʻlsa, uyimiz pok boʻladi. Buning uchun esa koʻngil ekologiyasi toza boʻlishi kerak. Bunday insonga aslida, ekologik taʼlim ham shart emas. U qoʻlidagi xarid chekini duch kelgan joyga uloqtirmaydi. Mashina oynasidan chiqindi uloqtirib, xotirjam ketavermaydi. Chiqindini saralab tashlashday oddiy, ammo muhim jihatlarga eʼtiborli boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, koʻngil ekologiyasi bilan hisob­lashib yashaydi.

Sanoqdagi ekologik muammolar yechimi nimada? Koʻngil ekologiyasini asrab qolish, jamiyatda ekotafakkurni rivojlantirish uchun nimalar qilishimiz kerak, kabi savollarga javob topish uchun xalqimiz ardogʻida boʻlgan bir guruh yurtdoshlarimizga yuzlandik.

Ekologik madaniyat xalqimiz tafakkuridan mustahkam oʻrin olsa...

Ozodbek NAZARBEKOV, Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri:

— Xalqimizda azal-azaldan koʻchat ekib, bogʻ yaratish eng ezgu amallardan biri sanaladi. Buni otaning farzand tugʻilganida unga atab yaxshi niyatda nihol qadaganida yoxud bobolarning nabiralariga koʻchat parvarishlashni oʻrgatishi misolida koʻrish mumkin. Bundan tashqari, xalqimiz koʻklam kelganini shunchaki bayram, oʻyin-kulgi qilib kutib olmagan. Hamjihat boʻlib, koʻchayu xiyobonlarni, yoʻllarni, ariqlarni tozalagan. Yaʼni ekologik madaniyatini shu orqali namoyon qilgan. Bunday xayrli anʼanalar shu zayilda avloddan-avlodga oʻtib, qadriyat darajasiga koʻtarilganki, tabiatni asrab-avaylash global miqyosda dolzarb masalaga aylangan bugungi davrda ushbu anʼanalarning oʻrni har qachongidan ham muhim. Zero, iqlim oʻzgarishlari zamonamizning eng jiddiy “bosh ogʻrigʻi”dir. Bu alaloqibat oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, suv hamda resurslardan foydalanish muammolarini kuchaytiradi.

Prezidentimiz davlat rahbari sifatidagi faoliyatining dastlabki kunlaridanoq ekologik muammolarni hal etishga jiddiy eʼtibor qarata bosh­ladi. BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida, nufuzli xalqaro anjumanlar va sammitlarda muhim takliflarni ilgari surdi. Shu bilan birga, amaliy ishlar tashabbuskori boʻldi. Masalan, Orol dengizining qurigan tubida yuz minglab gektar oʻrmon va butazor barpo etildi. Ayni paytda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida shahar va qishloqlarimizni yashil maydonga aylantirish, “yashil” energetikani rivoj­lantirish saʼy-harakatlari kuchaygan. Bular iqlim muammolarini bartaraf etish yangi Oʻzbekistonda davlat siyosati darajasiga koʻtarilganidan dalolat beradi.

Yurtimizda 2025-yil Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb eʼlon qilindi. Bu ham bejiz emas, albatta. Prezidentimiz qayd etganidek, yangi Oʻzbekistonning strategik maqsadi ekologik barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiy oʻsishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga oʻtishdir. Unda uzoq koʻzlangan aniq rejalar va chora-tadbirlar orqali atrof-muhit va ekologiyaga zarar yetkazmagan holda iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va ishlab chiqarishni rivojlantirish koʻzda tutilgan. Shu tufayli bugun “yashil iqtisodiyot” deb nomlangan oʻta muhim tushuncha hayotimizga kirib keldi.

Madaniyat vazirligi jamoasi ham koʻkalamzorlashtirish, energiya tejamkorligi, muqobil energiya manbalaridan foydalanish yoʻlidagi umummilliy harakatga munosib hissa qoʻshish maqsadida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Birgina misol, 2024-yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida vazirlik tomonidan kuzgi mavsumda 100 ming tup manzarali hamda mevali daraxt va buta koʻchati ekish rejalashtirilgan edi. Yurtimizning barcha hududlari boʻylab hayotga tatbiq etilayotgan umummilliy loyiha madaniyat va sanʼat sohasi vakillarini ham ezgu maqsad atrofida birlashtirdi. Oʻtgan yilning 23-dekabr holatiga koʻra, jami 189 ming 900 tup turli daraxt koʻchati ekildi.

Albatta, har birimiz tabiatni asrashga munosib hissa qoʻshishimiz, buni doimiy maqsadga aylantirishimiz kerak. Bu bilan kelajak avlodga ham toza havo, toza iqlim qoldirishga erishamiz. Buning uchun, avvalo, oilada, jamiyatda ekologik madaniyatni kuchaytirsak, bu borada hech qanday nazoratga hojat qolmaydi. Agar bitta daraxt keltiradigan foydani tushunib yetsak, har bir daraxtga minglab nazoratchi paydo boʻladi. Daraxtning joni borligini oʻylashning oʻzi unga insondek munosabatda boʻlishga undaydi.

Bugun aynan madaniyatga asoslangan iqlim harakatlari haqida soʻz bor ekan, biz madaniy bilimlar, urf-odat, anʼana va qadriyatlarni yanada boyitish orqali atrof-muhit muhofazasiga ham ijodiy, ham ijobiy yondashishni mustahkamlaymiz. Agar ekologik madaniyat tafakkurda mustahkam qaror topsa, daraxt ekish, mahallalar, koʻchayu xiyobonlarni obod qilish har bir kishining koʻngil amriga aylanadi.

Demak, oilada ekologik madaniyatni shakllantirish zarur. Bunda ijodiy mahsulotlar, deylik, filmlar, spektakllar, ijtimoiy roliklar kabi vositalar alohida ahamiyatga ega. Oʻtgan yil noyabr oyida Ozarbayjonning Boku shahrida BMT Iqlim oʻzgarishi masalalari boʻyicha konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doi­rasida kelajak uchun oʻta muhim boʻlgan mavzu — iqlim harakatlariga madaniyat orqali yondashuvni shakllantirish boʻyicha davra suhbatlarida ishtirok etib, goʻzal qadriyatlarimiz, anʼanalarimiz, yurtimizdagi ezgu saʼy-harakatlar haqida soʻz yuritdik, fikr-mulohaza va takliflarimizni bildirdik.

Jumladan, iqlim boʻyicha global madaniyat elchilari dasturini ishga tushirish va shu orqali sanʼatkorlar, musiqachilar, yozuvchilar, bloger va ­media vakillari bilan birgalikda iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashish, iqlim boʻyicha madaniy almashuv dasturlarini yaratish va buning yordamida turli xalqlar oʻrtasida ijobiy tajribalar va yangiliklarni oʻzaro almashish, iqlim masalalariga bagʻishlangan madaniy forumlar tashkil qilish, jamoatchilikni ekologik va ijtimoiy masʼuliyatga oʻrgatish, ijodimiz orqali iqlim oʻzgarish­lari haqida maʼlumot berish va shu kabi takliflarni ilgari surdik. Endi buni xalqimiz orasida ham keng targʻib etishimiz kerak.

Biz bugun mehr bilan parvarish qilayotgan har bitta nihol kun kelib, ulkan daraxtga aylanadi. Qanchadan qancha insonlar jazirama issiqda uning mevasi hamda soyasidan bahramand boʻladi. Ayniqsa, yoshi ulugʻ nuroniylarimiz duoga qoʻl ochib, koʻchat ekkan inson haqqiga jamiki yaxshiliklarni tilaydi. Unda esa katta hikmat, qut-baraka, fayz bor. Biz ana shu baraka, hikmat magʻzini yetkazib bera olishimiz kerak. Buning uchun har birimiz toza tabiatning targʻibotchisi, boshqalarga ibrat boʻlishimiz zarur. Loʻnda aytganda, shaxsiy ibrat, islohotni oʻzimizdan boshlash va uni keng targʻib etish, moddiy — ekologik masalalarning maʼrifiy yechimi hisoblanadi.

Anʼanalarimizni vaksina sifatida qoʻllashimiz zarur

Oʻktamjon OXUNOV, Andijon viloyati Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi ­boshligʻi oʻrinbosari:

— Hamma davrning oʻz madaniyati bor. Uylarimiz pastak, biroq fayzli — tomlari, devorlari suvalgan, oqlangan boʻlardi. Kechki payt ota-onamiz ishdan kelishiga hamma yoqqa suv sepib, supurib qoʻyardik. U paytda tamaddun bugungidek boʻlmasa ham suvni Alloh bergan neʼmatlardan biri deb bilganmiz. Ariqqa kulcha oqizib yeb, birortamiz kasal boʻlmasdik. Chunki ariqlar ham top-toza edida. Kattalar suv kirlanmasin deb ariqqa qoʻl ham yuvdirmasdi. Shunday zilol, shaffof suv oqar ediki, yotib olib ichardik. Ariq boʻylari hamisha gul bilan obod edi. Biznikida atirgul ekilardi. Ariqni qazib tozalash anʼanasi ham millatimizning qoniga singgan. Mahalla erkaklari bilan umumiy foydalanishdagi katta ariqlar tozalanardi. Dadam bilan har bahor uyimiz ichidagi ariqni qazib tozalardik. Ariq chetiga chiqarganimiz balchiqniyam chelakda tomorqaning bir chekkasiga olib borib tashlardik. Hayvon hech qachon ariq boʻyiga bogʻlanmagan. Molxonani har kuni ikki marta tozalab, supurilgan joyiga tuproq separdik. Endi bilsam, tuproq sepilgan joyda pashsha koʻp aylanmas ekan. Magʻzava ham toʻgʻri kelgan yerga emas, hovlining bir burchagida qazilgan oʻraga toʻkilardi. Hatto hovlida kuralgan toza qor ariqqa, loy aralashgan tag qismi tomorqaga tashlanardi.

Qolaversa, daraxtlarga ham oʻzgacha mehr bilan qarardik. Zarurat sabab daraxt kesishga toʻgʻri kelsa, oʻrniga darhol 2 tasini ekib qoʻyardik. Bu bilan yashillikning boqiyligi taʼminlangan ekan. Borgan sari ota-bobolarimizning aql-zakosiga qoyil qolyapman. Biz koʻrgan kattalarning hammasi ekofaol edi. Ular tufayli har bir mahalla obod, toza boʻlgan. Yurish-turishi, yeyishi pokiza xalqning fikri ham, niyati ham pokiza boʻladi. Aytingchi, haqiqiy ekologik madaniyat, sogʻlom turmush tarzi emasmi bu? Balki shuning uchun ham u paytlarda kasallik kam boʻlgandir!?

Yana bir narsani angladim, ota-onalarimiz tongda maktabga, ishga ketishimizdan oldin bejiz bizni biror ish qilishga oʻrgatmagan ekan. Bu bora-bora odatga aylanadi. Ertalabki harakat esa kun boʻyi tetik yurishimizga sabab boʻladi. Shuning uchun hozir ham uyqudan turgach, bir stakan toza suv ichib, bir soat piyoda yuraman. Ishxonada ham imkon qadar yayov ­yurishga ­harakat qilaman. Kechki ovqatdan soʻng piyoda yurish koʻrsatkichimni 10 ming qadamga yetkazmaguncha uxlamayman. Bu har kuni besh, besh yarim kilometr yayov yurish degani. ­Prezidentimiz biz, nuroniylarga “Yayov yurishni sizlar targʻib qilinglar”, degani juda yaxshi boʻldida. Targʻibotni avval oʻzimda sinab koʻrdim. Piyoda yurgan odamning kayfiyati yaxshi boʻladi. Boshqa sport turlaridagidek kuchli toliqish sezmaydi.

Yapon oʻquvchilarining maktabni toza tutishiga havas qilamiz. Aslida, yaponlar bizdan oʻrgangan boʻlsa ne ajab. Chunki oʻquvchilik davrimizda bir haftada bir marta sinfdosh sherigim bilan sinfxonamizni tozalab ketardik. 4-sinfdan boshlab shunga odatlanganmiz. Egat olishni ham maktabda oʻrgatishgan. Chunki tajriba uchastkamiz boʻlardi. U yerda gul oʻstirardik. Hozirgi yoshlarga ham toʻgʻri tushuntira olsak, maktabni tozalash, daraxt ekish tadbirlarini majburiy deb qabul qilmaydi. Chunki juda koʻp yoshlar bilan uchrashaman. Yuqoridagi xotiralarimni aytib berganimda, aksariyatining yuz-koʻzida oʻzgarish sezaman. Diqqat bilan eshitayotganidan xursand boʻlaman. Faqat, aytganimdek, toʻgʻri tushuntirishimiz kerak. Zero, hozir maktablarda alohida tarbiya darsi ham oʻtilyapti. Vaqt ham, imkon ham bor.

Shuni unutmaslik kerakki, bu taraqqiyot degani yaxshilik bilan birga, baʼzi nojoʻya taʼsirlarni ham olib keladi. Ulardan saqlanish uchun axloqiy, maʼnaviy qadriyatlarimizni vaksina sifatida qoʻllashimiz kerak. Toʻgʻri, raqamlashtirish, zamonaviylashish yaxshi. Lekin biz shakllanayotgan bolalar bilan ishlaymiz. Ularga ekologik madaniyatni tub mohiyati, hayotiy misollar bilan singdira olsak, albatta, qabul qiladi.

Masalan, BMTning suv toʻgʻrisidagi statis­tikasini oʻqib qoʻrqib ketdim. Biz bemalol ishlatayotgan suvga qayerlardadir odamlar oyligining 70 foizini sarflayapti. Oʻzimizda ham doʻkonlarga kelayotgan 5 litrli, 10 litrli mineral suv tez sotilyapti. Bu toza suv kama­yib borayotganidan dalolat axir. Shuni bilib turib ham suvni qadrlamasligimiz achinarli. Suvni tuganmas resurs deb biladigan bolalarimizga shunaqa misollar bilan gapirsak, loaqal yuzdan biri suvni tejash kerakligi haqida oʻylaydi.

Biz, Andijon nuroniylari ham imkon qadar suv targʻibotini boshladik. Behuda oqayotgan suv quvuriga joʻmrak qoʻyish, yorilganlarini tuzatishni nazorat qilish obihayotni tejashga yordam beradi. Suvning bir tomchisi ham aziz. Atrof-muhitni asrashga shunday hissa qoʻshishimiz kerak. Bolalarimizga yil nomining asl mohiyatini anglata bilishimiz shart. Shundagina ular tabiatni oʻzini asraganday himoya qilish zarurligini his qiladi.

Bitta nihol topdikmi, yerga qadaylik!

Jahongir POZILJONOV, xonanda:

— Davlatimiz rahbari 2025-yilning nomini eʼlon qilganida xursand boʻldim. Chunki yil nomi ostida mamlakatimizda ulkan obodonchilik ishlari boʻladi. Koʻp­lab bogʻ-rogʻlar tashkil ekiladi. Yashil makon yaratish yoʻlidagi umummilliy harakatimiz har qachongidanda kuchayadi.

Shu bilan birga oʻyladim, nahotki, bugun tabiatni asrashimiz uchun alohida targʻibot kerak boʻlyapti? Nahotki buni alohida oʻrganishimiz kerak? Xalqimiz azaldan baraka poklikda boʻlishini aytib kelganku? Ajdodlarimizning tabiatni nihoyatda ulugʻlagani bizga saboq emasmi? Suvni, tuproqni gʻoyat aziz bilganku ular.

Bolaligimizni eslasam, qanchalik shoʻx boʻlmaylik, ota-onamizning gapiga quloq solgan ekanmiz. Masalan, toʻgʻri kelgan joyga chiqindi tashlama, suvga tuflama, tuproq oʻynaganingdan soʻng qoʻlingni tozalab yuv, degan koʻrsatmalar xotiramizga muhrlanib qolgan. Bexosdan oʻsha ishlarni qilsak ham goʻyoki aybdordek sezardik oʻzimizni. Ana shu tarbiya taʼsirida ulgʻayganimiz uchun ham atrof-muhitga, tabiatga eʼtiborsiz qaray olmaymiz. Aslida, obodlik koʻngildan boshlanishi rost. Koʻnglimiz, amallarimiz toza boʻlsa, atrofimiz, mahallamiz yurtimiz obod boʻladi. Obod yurtga esa bayramlar yarashadi. Ochiq osmon ostida konsertlar beramiz. Koʻzi yonib turgan, baxtdan quvnagan yoshlar bizga yanada ilhom bagʻishlaydi. Farzandlarimiz sogʻlom boʻlsa, koʻngliga ­oʻyin-kulgi sigʻadi. Salomatlik esa bevosita yana tabiatga, ekologiyaga bogʻliq. Toza havo, toza tuproq ekologik toza mahsulot kerak ularga. Ona tuproqni toza saqlashni farzandlik vazifamiz deb bilaman.

Maʼrifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat tuproqni toza saqlash haqida fikr bildirgan. Tuproqda mikroblar shakllanishi, chiqindilar tuproqqa aralashgach, issiq havo va shamolda atrofga zararli bakteriyalar tarqatishini aytgan. Shuning uchun koʻproq daraxt ekib, atrofimizni yashillikka burkaylik. “Yashil makon”ga bitta gul oʻstirish bilan boʻlsa ham hissa qoʻshaylik. Bitta nihol topdikmi, yerga ekib qoʻyaylik, bogʻlar yarataylik. Axir choʻpni ham koʻkartirib yuboradigan tuprogʻimiz bor.

Davlatdan juda kam elektr olamiz

Dilshod ISMATULLAYEV, “Chust tekstil” toʻqimachilik korxonasi rahbari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan ratsionalizator-ixtirochi:

— Yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish ortidan tadbirkorlarga ham yangi imkoniyatlar, imtiyozlar berilyapti. Oʻzingiz oʻylang, energiya, suv tejovchi uskunalarni qoʻllash, korxonani “yashil belbogʻ” bilan oʻraganimiz sabab “yashil” tadbirkor maqomiga erishib, qoʻshimcha imtiyozlarga ega boʻlish... bu tabiatga juda katta eʼtibor. Mazkur yangiliklar hozirdanoq koʻpgina tadbirkorlarni harakatga keltirdi. Aslida, bular shundoq ham tadbirkorning foydasiga xizmat qiladi. Xususan, biz bir yildan buyon quyosh panellaridan samarali foydalanib kelyapmiz. Eng sifatli deb topilgan Xitoy quyosh panellaridan sotib olganmiz. Ularning oʻzidan tajriba oʻrganib kelib, oʻzimiz oʻrnatishni yoʻlga qoʻydik. Ayni paytda marketing xizmatimiz samaradorlikni oʻrganyapti. Maqsad — foydaga oʻtish. Bu 3-4 yilda oʻzini oqlasa, xarajatni kamaytirish uchun oʻzimizda ishlab chiqarilgan quyosh panellaridan sotib olamiz. Chunki barcha obyektlarimizni toʻliq shu tizimga oʻtkazishni rejalashtirganmiz.

Prezidentimiz 2021-yilda korxonamizga tashrifida angar usulidagi qurilishimizga yuqori baho bergan edi. Bugun aynan shu shakldagi binolarimiz bizga katta foyda keltirmoqda. Yaʼni angar uslubida qurilgan binolarga quyosh panellarini oʻrnatganmiz. Bu ancha qulay. Ularni yerga oʻrnatsa, koʻp joy egallaydi. Qolaversa, uskunani tozalash, xizmat koʻrsatish ham qiyin boʻladi.

Bir yildan beri quyosh panellaridan foydalanyapmiz. Oʻtgan vaqt ichida samaradorlik yuqori boʻldi. Umumiy hisobda 60-65 foiz, desak boʻlaveradi. 700 kilovattdan oshiq elektr energiyasi olishni boshladik. Korxona ishlamagan kunlari yigʻiladigan elektrni sot­yapmiz. Oʻzimiz juda kam, umumiy isteʼmolimizning 5-10 foiz elektrini sotib olyapmiz. 90 foizini quyosh panelimiz qoplab bermoqda. Ishchi xodimlarimiz uchun qurilgan 4 qavatli yotoqxonamiz fasadlariga ham quyosh paneli oʻrnatdik. Bu bilan yotoqxona oʻzini energiya bilan taʼminlab, daromadimizga hissa qoʻshyapti.

Soʻzim yakunida aytishni istardimki, atrof-muhitni muhofaza qilish shu yurt havosidan nafas olayotgan barchaning sharafli burchidir. Ayniqsa, oʻzini madaniyatli hisoblagan tadbirkor tabiatga zarar yetkazmaslik, undagi resurslardan oqilona foydalanish, avaylashni oʻylashi shart. Chunki jamiyat, koʻpgina yoshlar bizga havas bilan qaraydi. Ularga namuna boʻlishimiz zarur. Qolaversa, tabiatga, odamlar sogʻligʻiga zarar yetkazish bilan koʻriladigan foyda uzoqqa bormaydi. Shunday ekan, avvalo, borliqdagi neʼmatlarni qadrlaylik.

Munojat MOʻMINOVA,

yozib oldi.