Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva oʻzining telegram kanalida maʼlum qildi.
Saida Mirziyoyeva kecha Raqamli sogʻliqni saqlash markazi tibbiyot sohasidagi innovatsion loyihalari bilan tanishgan. Qayd etilishicha, shu kungacha DMED yagona tizimiga 33 million fuqaroning elektron tibbiy kartalari kiritib boʻlingan va bu shifokorlarning ishini yengillashtirib, bemorlar bilan muloqotga koʻproq vaqt ajratish imkonini bermoqda.
Shuningdek, qaysi shifokorning qay darajada bandligi va tibbiy jihozlar holatini real vaqt rejimida koʻrsatib turadigan, shu yoʻl bilan resurslarni samarali taqsimlashga koʻmaklashadigan Situatsion markaz ham tashkil etildi.
«Yurtimizda yetti yildan buyon faoliyat olib borayotgan “Koʻngil koʻzi” loyihasi sunʼiy intellekt yordamida yangi bosqichga koʻtarilgani meni ayniqsa quvontirdi. Endilikda muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqlarda hayotining ilk kunlaridanoq retinopatiyani aniqlash mumkin. Bu esa minglab goʻdaklarning koʻrish qobiliyatini saqlab qolishga yordam beradi! Yangi texnologiyalar bilan bolalarda 90 foizgacha koʻrlik holatlarining oldini olish mumkin boʻladi. Bu — minglab oilalarda umid tugʻiladi, deganidir,« — dedi Saida Mirziyoyeva.
Shuningdek, taqdimotda insult va koʻkrak bezi saratonini vaqtida aniqlash texnologiyalari hamda boshqa koʻplab yangiliklar taqdim etilgan.
«Shubhasiz, sunʼiy intellekt professional shifokorlarning oʻrnini bosolmaydi, ammo ularning ishonchli yordamchisiga aylanib, mutaxassislarning vaqti va kuchini tejashga xizmat qiladi.
Raqamli sogʻliqni saqlash markaziga tilagim bitta — millat salomatligini asrashga yordam beradigan ushbu loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshib, xalq uchun manfaatli boʻlsin!
Sizga tashakkur bildiraman«, deyiladi xabarda.