Mamlakatimizda aholini ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand nogironlarga hayotda keng imkoniyat va sharoitlar yaratib berish masalasiga alohida ahamiyat berib kelinadi.

Xususan, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida  ham nogironligi boʼlgan shaxslarning manfaatlarini himoya qilish, ularni jamiyatimizning toʼlaqonli aʼzosi ekanliklarini koʼrsatish maqsadida turli tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Kecha, 3 dekabr – Xalqaro Nogironlar kuni munosabati bilan Chirchiq shahridagi “Navroʼz” toʼyxonasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʼlgan shaxslar ishtirokida  tadbir oʼtkazildi.

Tadbirda nogironligi boʼlgan yurtdoshlarimizga Chirchiq shahar hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar boʼlinmasi  hamda turli korxona va tashkilotlar tomonidan qimmatbaho esdalik sovgʼalari topshirildi.

Tadbirning badiiy qismida nogironligi boʼlgan fuqarolarimiz uchun bayram dasturxoni atrofida kontsert dasturi namoyish etildi. Taniqli xonandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʼshiqlar  tadbirga oʼzgacha fayz kiritdi.

- Imkoniyati cheklangan, oʼzgalar yordamiga muhtoj nogironligi boʼlgan shaxslarning holidan xabar olishni nafaqat ushbu kunda, balki dastur-rejamizga muvofiq har doim amalga oshirib kelyapmiz, - deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar boʼlinmasi boshqaruv raisi Oʼtkir Tojiboyev. – “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar boʼlinmasi, shahar hokimligi hamda xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashining deputatlik guruhi bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi boʼlgan fuqarolarimizni har tomonlama qoʼllab- qoʼvvatlash, ularning turmush tarzi, yashash sharoitlarini yaxshilash boʼyicha qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bugungi tadbirni oʼtkazishimizdan maqsad ham nogironligi boʼlgan fuqarolarimizni oʼzlarini sogʼlom insonlar kabi his etishlari va ozgina boʼlsada ularning qalblariga quvonch bagʼishlashdan iborat.