Infeksiya mamlakatdagi 26 viloyatning oltitasiga tarqalgan. Kasallikning aksariyat holatlari mamlakatning shimoli-sharqiy hududlarida qayd etilgan. Infeksiya birinchi bor aniqlangan Ituri viloyatida 3400 dan ortiq holat qayd etilgan, deb xabar berdi Kazinform.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti baholashicha, hozirgi infeksiya avval qayd etilgan barcha Ebola epidemiyalariga qaraganda tezroq tarqalmoqda. Uch oyga yetmagan vaqt ichida ikki mingdan ortiq kishi vafot etdi. Taqqoslash uchun, 2014-2016-yillarda G‘arbiy Afrikada yuz bergan yirik epidemiya davrida qurbonlar soni besh oyga yaqin vaqt ichida ming nafarga yetgan.
Hozirgi infeksiya tarqalishiga Bundibudjio virusining kam uchraydigan shtammi sabab bo‘lmoqda. Hozircha unga qarshi tasdiqlangan vaksina yoki maxsus davolash usuli mavjud emas. Kongo Demokratik Respublikasida ehtimoliy ikki dori vositasining klinik sinovlari boshlandi. Shuningdek, ikkita vaksina ham sinovdan o‘tkazilmoqda.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan ming nafar bemor sog‘ayib chiqqan. Yana 730 kishi tibbiy muassasalarda yoki izolyatsiya sharoitida davolanmoqda.
Infeksiya tarqalishiga qarshi kurashni bemorlarning tibbiy yordamga kech murojaat qilishi, infratuzilmaning yetarlicha rivojlanmagani va tibbiy muassasalarga qilingan hujumlar qiyinlashtiryapti. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bemorlarning 70 foizdan ortig‘i tibbiy markazlardan tashqarida vafot etyapti.