Bu haqda Kongo sog'liqni saqlash vaziri Samyuel Roje Kambaga tayanib, Kongoning Actualite axborot portali ma'lum qildi.
“Hozirgi kunda bizda 31 mingta kasal bo'lib, 988 kishi hayotdan ko'z yumgan. Mpoxdan halok bo'lganlarning asosiy qismi bolalar bo'lib, mazkur kasallik tufayli hayotdan ko'z yumganlarning 70 foizini 5 yoshgacha bo'lgan bolalar tashkil qiladi, dedi u.
Vazirning qo'shimcha qilishicha, hozirgi epidemiyaga mpoxning ikki shtammi sabab bo'lmoqda, uning so'zlariga ko'ra, eng xavflisi jinsiy yo'l bilan yuqadi.
Kambaning aytishicha, mpoxga qarshi emlashlar mamlakat sharqida 5-oktabrda boshlanishi kerak edi. Kongo hukumati rejalariga ko'ra, 5 milliongacha odam emlanadi.
Eslatib o'tamiz, Kongo Demokratik Respublikasi Afrikadagi hozirgi mpox epidemiyasining o'chog'iga aylandi. Hammasi bo'lib, qit'aning 18 davlatida kasallanish holatlari aniqlandi. Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari ma'lumotlariga ko'ra, kasallanganlarning umumiy soni 34,2 ming kishiga yetdi, deb xabar beradi report.az.