Ayni paytda ushbu Dastur doirasida konlarda siquv kompressor stansiyalari va kompressor qurilmalarini qurish loyihalarini amalga oshirish ishlari jadal surʼatlarda olib borilyapti.

Taʼkidlash joizki, tabiiy gaz qazib olinadigan konlar uzoq muddat foydalanilganda, qatlam bosimi tushib, mahsulotni qayta ishlash va transportirovka qilishda qiyinchiliklar vujudga keladi.

Buning oldini olish maqsadida 2022-yilda “Oʻzbekneftgaz” AJga qarashli boshqarmalarning “Janubiy Tandircha”, “Yangiqazgan”, “Girsan”, “Choʻlquvar”, “Shumak” va “Kultak” konlaridan qazib olinayotgan tabiiy gaz bosimini oshirish maqsadida siquv kompressor stansiyalarini qurib, ishga tushirishning texnik shartlar ishlab chiqilyapti.

“Oʻzlitineftgaz” AJ hamda “Oʻzbekneftgaz” AJ mutaxassislari bilan birgalikda yuqorida keltirilgan 5 ta kondan qazib olinayotgan gazning bosimini koʻtarib, uni dastlabki tozalash qurilmalariga uzatish uchun maqbul yechimlarni tanlash borasida ishlar olib borildi. Ushbu konlardan qazib olinadigan gaz hajmiga qarab gaz porshenli yoki vintli kompressor stansiyalarni qurish optimal yechim deb topildi.

Ushbu kompressor stansiyalarni qurib, foydalanishga topshirish evaziga quyidagi natijalarga erishiladi:

- “Janubiy Tandircha” konida yiliga 1500,0 million kub/metr;

- “Yangiqazgan” yiliga 144,2 million kub/metr;

- “Girsan” konida yiliga 34,6 million kub/metr;

- “Choʻlquvar” konida yiliga 129,6 million kub/metr;

- “Shumak” konida yiliga 85,8 million kub/metr;

- “Kultak” konida yiliga 547,0 million kub/metr tabiiy gazning qayta ishlash imkoniyati yaratiladi.

Hozirgi kunda “Kultak”, “Girsan”, “Choʻlquvar”, “Shumak” va “Yangiqazgan” konlarida qurilishi rejalashtirilayotgan gaz porshenli va vintli kompressor stansiyalar boʻyicha texnik shartlar ishlab chiqilyapti. Ushbu kompressor stansiyalar 2022-yil yakunida ishga tushirilishi koʻzda tutilgan, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.