Har bir davlat taraqqiyot yoʻlini tanlar ekan, xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini oʻzining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, oʻz xalqining xohish-irodasiga, demokratiya va ijtimoiy adolat prinsiplariga, shuningdek fuqarolarning munosib hayot kechirishlariga hamohang Konstitutsiyaga ega boʻlgan mamlakat oʻzi belgilagan yuksak maqsadlardan ogʻishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.

Konstitutsiya insoniyat hayotida ilk bor umuminsoniy prinsiplarga amal qilib, inson, uning hayoti, erki, shaʼni, qadr-qimmatini va boshqa daxlsiz huquqlarini oliy qadriyat darajasiga koʻtardi. Ayniqsa, Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro huquq va majburiyatlarni aniq belgilab berar ekan, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, yurtimiz fuqarolarining qonun oldida tengligini kafolatladi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

Oʻzbekiston xalqi oʻz Qomusini yaratayotganidayoq inson huquqlari va davlat suverenitetiga sadoqatini namoyon qilib, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini taʼminlashga, insonparvar demokratik huquqiy davlat qurishni maqsad qilib qoʻygan edi.

Hozirgi shiddatli oʻzgarishlar davrida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning pirovard maqsadi ham aynan oʻsha ezgu umidlarni roʻyobga chiqarishdan iborat ekanligi barchamizga ayon. Bugungi kunda Konstitutsiyamiz bunday izchil islohotlarning amalga oshirilishini taʼminlab beradigan asosiy huquqiy hujjat vazifasini oʻtamoqda.

Mamlakatimizning demokratik taraqqiyotini taʼminlashning asosiy prinsiplarini belgilab bergan Konstitutsiyamizning qoida va normalariga tayanish alohida ahamiyat kasb etadi.

Keyingi yillarida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini taʼminlash uchun muhim poydevor boʻldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.

Islohotlarimiz aholining huquqiy madaniyati va ongini yuksaltirish borasida ham oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatmoqda. 2021-yil 29-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining tashabbusi bilan Umummilliy Konstitutsiya imtihonini tashkil qilish va oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi va uni amalga oshirish mexanizmi (Konsepsiyasi) ishlab chiqildi. Ushbu konsepsiya orqali yurtimizda faoliyat olib borayotgan idoralar, tashkilotlar, muassasalarning ishchi-xizmatchi xodimlari, oʻquv yurtlarining oʻqituvchi va talabalari, nogironligi boʻlgan fuqarolar, hattoki uyida oʻtirib qarilik gashtini surayotgan qariyalarimiz, qoʻyingchi, barcha yurtdoshlarimiz bu imtihonda qatnashishlari mumkinligi taʼkidlab oʻtildi. Fuqarolarning Konstitutsiya haqidagi bilimlarini sinovdan oʻtkazish maqsadida Umummilliy Konstitutsiya imtihoni tashkil etildi. Imtihon jamiyatimiz hayotining mezoni boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini chuqur va har tomonlama oʻrganish, Konstitutsiyaga oid bilimlarni mustaqil rivojlantirishga koʻmaklashish, yoshlarni Konstitysiyaga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Mazkur imtihonni oʻtkazish fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan normalar har bir inson hayoti, uning qadr-qimmati bilan chambarchas bogʻliq ekanini anglashiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ishonchimiz komilki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz hayotini tubdan demokratik tarzda taraqqiy ettirish, uning haq-huquqlarini toʻla roʻyobga chiqarish va kafolatlash borasida bundan buyon ham bosh mezon va asosiy dasturulamal boʻlib qolaveradi.

Dildora Yusupova,

Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti,

Gulbahor Maqsudova,

Toshkent shahar yuridik

texnikumi katta oʻqituvchisi