Qonunchilik hujjatlarining ijrosini qat'iy ta'minlash esa davlat boshqaruvi samarasiga ta'sir etmay qolmaydi, albatta. “Ish boshi – intizom” deganlaridek, intizom bor joyda samara bor, natija bor. Qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari ijrosini tashkil etish va samarali monitoring tizimini yaratish, belgilangan marralarga erishish bo'yicha barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy mas'uliyatini kuchaytirish maqsadida joriy yilning 10 fevralida Prezidentimizning “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi.
Unda qonunchilik hujjatlari va Prezident topshiriqlarining so'zsiz, o'z vaqtida va samarali ijro etilishi uchun mutasaddilarning shaxsiy javobgarligi belgilab berildi, bunda ijro intizomini mustahkamlashning bir nechta ustuvor vazifalariga e'tibor qaratildi. Dastlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash bo'yicha qat'iy nazoratni tashkil etish, tegishli ekspertizalarni o'tkazish, shuningdek, vakolatli organlar bilan o'z vaqtida kelishish muhim bo'lsa, keyingi vazifa qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarini bevosita ijrochilarga tezkor etkazish, jumladan, keng jamoatchilik va aholiga erishilayotgan natijalar va belgilangan maqsadlarni tushuntirish bo'yicha kompleks choralar ko'rishdir.
“JAMIYATDA HUQUQIY MADANIYATNI YUKSALTIRISH KONTSEPTSIYASI”
Konstitutsiyaviy-huquqiy madaniyat jamiyat umumiy huquqiy madaniyatining muhim tarkibiy qismi, uning alohida shakli tarzida maydonga chiqadi. Ayni vaqtda, jamiyatning huquqiy madaniyati shu jamiyatda harakatda bo'lgan qonunlar bilan, ayniqsa, Asosiy qonun – Konstitutsiya bilan, bevosita aloqadorlikda namoyon bo'ladi. Davlatimiz rahbari huquqiy madaniyat mavzusiga alohida e'tibor qaratib, 2019 yil 9 yanvardagi farmoni bilan “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish Kontseptsiyasi”ni tasdiqlaganligi ham fikrimizning jonli dalilidir.
Konstitutsiyaviy madaniyat Konstitutsiyaga moslik, konstitutsiyaviy qadriyatlar, insonning huquq va erkinliklari haqidagi bilimlarning oddiygina yig'indisi emas, balki bu bilimlarga munosabatdir: ya'ni, ular hayot va faoliyatning regulyatoriga (tartibga soluvchi omiliga) aylandimi yoki yo'qmi? Mana shu bilimlarga, ma'naviy boylikka ijobiy munosabat shakllansagina, konstitutsiyaviy madaniyat mavjudligi haqida gapirish mumkin. Zero, konstitutsiyaviy madaniyat inson va jamiyat hayotida ijodiy va tartibga soluvchi rol` o'ynaydi. Bunday madaniyat asosini yuksak rivoj topgan konstitutsiyaviy-huquqiy ong tashkil etadi. Shu bilan birga, jamiyat a'zolarida, davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolik jamiyati tuzilmalarida muayyan konstitutsiyaviy tafakkur, konstitutsiyaviy dunyoqarash qaror topishi lozim.
Yurtimizda ijobiy konstitutsiyaviy madaniyat shakllanganligi, birtomondan, konstitutsiya normalarini qo'llovchi organlar, mansabdor shaxslar, ijtimoiy tuzilmalarning risoladagidek faoliyatida, ikkinchi tomondan, Konstitutsiya va qonunlarning muhofaza mexanizmlari, mutasaddi idoralar va shaxslarning ijrochilik intizomida namoyon bo'ladi.
“IJRO.GOV.UZ” YAGONA eLEKTRON TIZIMI QANDAY MEXANIZM ASOSIDA ISHLAYDI?
Samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratish jarayonida har bir xodim o'z zimmasidagi vazifalarni vijdonan, sifatli va mas'uliyat bilan bajarishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois zamonaviy boshqaruv uslublarini amaliyotga joriy etish, nazoratni amalga oshirish shakllarini takomillashtirish va belgilangan vazifalar bajarilishini ta'minlash borasida davlat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini oshirish bo'yicha qat'iy talablar va baholash mezonlari kuchaytirilmoqda. Ijro intizomi tizimini tubdan qayta ko'rib chiqish va yangi mexanizmlarni joriy etish bo'yicha ishlarni tashkil qilishda Prezidentning yuqorida qayd etilgan farmoni hamda 2021 yil 31 maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko'rsatishini ta'minlashga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori asos bo'ldi.
Avvalo, kelib tushayotgan barcha topshiriq va murojaatlar ularning ijrochilarga etkazilishidan tortib ijro etilishiga qadar doimiy nazoratni ta'minlash maqsadida to'liq elektron formatga o'tkazildi. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning barvaqt ijrosini ta'minlashda nazorat rejalari ishlab chiqish, ijrochilarning topshiriqlar ustida bir vaqtning o'zida ishlashini muvofiqlashtirish, markaziy apparat va hududiy bo'linmalarda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni ijro etish jarayonining kunlik monitoringini amalga oshirish hamda boshqa davlat organlari bilan ma'lumotlar va axborotlar tezkor almashuvini yo'lga qo'yish kabi bosqichlardan iborat aniq mexanizm joriylandi.
“TEXNOLOGIK ZANJIR” NIMA?
Umuman aytganda, yangi ijro intizomi tizimi joriy qilinishining tezkor samarasi barcha vazirlik, davlat qo'mitalari va hokimliklar faoliyatida bevosita namoyon bo'lmoqda. Bunga erishishning asosiy omillaridan biri ijro intizomini mustahkamlashda yagona va uzluksiz “texnologik zanjir”ning yaratilishi katta ahamiyat kasb etdi. Qonunchilik hujjatlari loyihalarini har tomonlama puxta hamda professional darajada tayyorlashdan tortib ular ijrosini samarali va rejali tashkil qilish, ularning bajarilish holatini maqsadli o'rganish va aniqlangan kamchiliklar bo'yicha ta'sirchan choralar ko'rishgacha jarayonlar “texnologik zanjir”ning ustuvor vazifalari etib belgilandi. Vazifalar qatoriga barcha davlat boshqaruv organlari rahbariyati va xodimlari shaxsiy mas'uliyatini belgilash hamda ijroni o'z vaqtida ta'minlamagan rahbar va xodimlarga nisbatan qat'iy intizomiy choralarni qo'llash kabilarning kiritilishi uning ahamiyatini yanada oshiradi.
O'zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmonlari, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning yangi tizimi joriy etilgani muhim jarayondir. Barcha davlat boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi organlar “ijro.gov.uz” ijro intizomini monitoring qiluvchi idoralararo yagona elektron tizimiga ulandi.
Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta'minlash va nazorat qilish bo'yicha o'rnatilgan yangi o'zaro hamkorlik tizimiga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari o'z ishini besh bosqichda amalga oshiradi.
Birinchi bosqichda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning elektron nusxalari O'zbekiston respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan “ijro.gov.uz” tizimi orqali Adliya vazirligiga yuboriladi. Keyin Adliya vazirligi “ijro.gov.uz” tizimida ijro muddatlari va mas'ul shaxslarni qabul qilgan hujjatlariga muvofiq belgilaydi.
Undan keyingi bosqichda ushbu vazifalarning o'z vaqtida va samarali ijrosini ta'minlash maqsadida mas'ul ijrochilar har bir vazifani amalga oshirishning aniq mexanizmlarini belgilab, “Yo'l xarita”larni tayyorlaydi, davlat organlari rahbariyatiga tasdiqlatib, amaliyotga joriy qiladi. Tegishli hujjatga muvofiq ijrosi ta'minlangan topshiriq natijalari mas'ul ijrochilar tomonidan “ijro.gov.uz” tizimiga kiritiladi. Adliya vazirligi natijalarni ko'rib chiqadi, ijro natijalari qoniqarsiz bo'lganda ular qayta ishlashga yuboriladi. Belgilangan vazifalar sifatli bajarilsa, ijro holati “ijro.gov.uz” tizimida tasdiqlanadi. Oxirgi bosqichda Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi topshiriqlar ijro etilishi darajasini ko'rib chiqadi va amalga oshirilgan ishlar natijalarini tasdiqlash to'g'risida tegishli qaror qabul qiladi.
IJTIMOIY TARAQQIYOT GAROVI IJRO INTIZOMIDA
Prezidentimizning 2021 yil 22 iyuldagi “Vazirliklar, davlat qo'mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo'jalik birlashmalari rahbarlari o'rinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish to'g'risida”gi qarorida sifat jihatidan yangi bosqichda davlat boshqaruvi organlari rahbarlari o'rinbosarlarining shaxsiy javobgarligi masalalari belgilandi va ularning faoliyati samaradorligini baholashning yangi tizimi joriy etildi. Ushbu qarorga ko'ra, vazirlikda vazir o'rinbosarlarining faoliyati samaradorligi hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini xalqaro usul va tamoyillar – KRI (Key Performance Indicator – asosiy ishlash ko'rsatkichi) asosida bajarishni tizimli nazorat qilish yo'lga qo'yildi.
Shunday qilib, barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatida konstitutsiyaviy qonuniylikni, qat'iy ijrochilik intizomini sobitqadimlik bilan ta'minlash, jamiyat a'zolarini konstitutsiyaviylik ruhida tarbiyalash, ularni ijobiy-huquqiy xulq-atvor va konstitutsiyaviy madaniyat sohiblariga aylantirish nafaqat Konstitutsiyaga cheksiz hurmatni shakllantiradi, balki ilg'or ijtimoiy taraqqiyotning garovi bo'lib xizmat qiladi. Davlat hokimiyati tarmoqlari o'rtasidagi munosabatlar konstitutsiyaviy bo'lishini, konstitutsiyaviy qonuniychilik qaror topishini ta'minlaydi. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning konstitutsiyaviy madaniyatini shakllantiradi.
Hojimurod ODILQORIEV,
Toshkent davlat pedagogika universiteti bo'lim boshlig'i
yuridik fanlari doktori, professor