Ulug' ajdodlarimizning asriy orzu-armonlari, erkin hayot, farovon jamiyat va adolatli davlat barpo etishdek ezgu tilaklari va ulug' maqsadlarini o'zida mujassam etgan davlatimiz Konstitutsiyasi qabul qilingan barcha qonun va me'yoriy hujjatlar uchun mustahkam huquqiy poydevor bo'lib xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yillik bayrami munosabati bilan O'zbekiston xalqiga bayram tabrigida “Konstitutsiyamiz mohiyatiga chuqur singdirilgan demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat hamda insonparvarlik tamoyillarini ta'minlash bo'yicha mamlakatimizda tizimli va ortga qaytmaydigan demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda”, deb ta'kidladi.

Bu islohotlarning ro'yobga chiqishida ichki ishlar organlari zimmasiga ham qator vazifalar yuklangan. Jumladan, ular fuqarolarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta'minlash, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini amalga oshirish kabi vazifalarni bajaradi.

Soha xodimlarning faoliyatini takomillashtirish maqsadida 2016 yil 16 sentyabrda O'zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to'g'risida”gi qonuni qabul qilinib, organning vakolat, majburiyat va huquqlari, ichki ishlar organlarida xizmatni o'tash tartibi hamda shartlarining qonun darajasidagi huquqiy asosi paydo bo'ldi.

Har qanday qonunning ahamiyati u bilan tartibga solinadigan munosabatlarning davlat va jamiyat hayotida tutgan o'rni bilan o'lchanadi. SHu ma'noda, so'nggi to'rt yilda mamlakatimizda ichki ishlar organlari tizimini takomillashtirish, ularning quyi bo'g'inlarini aholiga yanada yaqinlashtirgan holda mustahkamlash, barcha darajadagi tuzilmalarning vazifalarini aniq belgilash, zamonaviy xavf-xatarlarni hisobga olgan holda kuch va vositalarni oqilona taqsimlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida ichki ishlar organlari mavqeini oshirish, shuningdek, har bir xodimning xalq manfaatlariga xizmat qilishni o'z faoliyat burchi sifatida so'zsiz bajaradigan, ijtimoiy yo'naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish imkonini berdi. Bu esa, o'z navbatida, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishini ta'minlash, yurtimizda jinoyatchilikning o'sishiga yo'l qo'ymaslikka xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz ichki ishlar organlarini isloh qilish bo'yicha olib borilayotgan islohotlar xususida so'z yuritarkan, jumladan, shunday degan edi: “Bu sohadagi maqsadimizni qisqacha ifoda etadigan bo'lsak, biz kelajakda el-yurtimizning ishonchi va mehrini qozongan, tom ma'nodagi xalqparvar ichki ishlar tizimini yaratishimiz kerak”.

 

Inson sha'ni va huquqlari oliy qadriyat

Mazkur tamoyil hech bir istisnosiz barcha shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi. Xususan, mahkumlarning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlash, ular bilan aniq manzilli profilaktik ishlarni olib borish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazolarning ijro etilishini nazorat qilish boshqarmasi va uning hududiy bo'linmalari negizida vazirlikning Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi probatsiya xizmati va uning hududiy bo'linmalari tashkil etildi. Buning natijasida mahkumlarning huquqlariga rioya etish, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, ularni kelgusida jamiyatga ijtimoiy moslashtirish uchun axloqan tarbiyalash va mehnatga o'rgatishning yagona, shaffof va samarali mexanizmlari joriy etildi.

 

Har bir shaxs murojaat qilish huquqiga ega

Mamlakatning taraqqiyoti va barqaror rivojlanishi ko'p jihatdan aholining siyosiy hokimiyatga ishonchi, jamiyat hayotida ijtimoiy adolat tamoyillarining amal qilish darajasiga bog'liq. SHu bois, so'nggi yillarda yurtimizda mutlaqo yangicha tizim yaratilishi natijasida siyosiy hokimiyatning xalqqa yaqinlashuvi kuzatilib, aholining ijtimoiy va siyosiy faolligi oshdi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan hayotiy tamoyil tobora ijtimoiy voqelikka aylanib bormoqda.

SHu maqsadda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari tashkil etilib, buning natijasida fuqarolar bilan davlat organlarining doimiy va ochiqlikka asoslangan muloqotlari yo'lga qo'yildi. Ularni o'ylantirayotgan, qiynayotgan masalalarni tezda hal etish tizimi yaratildi.

Ichki ishlar organlari tizimida ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimi tubdan takomillashtirildi. Bu borada olib borilayotgan ishlar ichki ishlar organlarining birinchi rahbarlari huzurida o'tkaziladigan tezkor yig'ilishlarda tanqidiy muhokama qilinib, ushbu yo'nalishdagi kamchiliklar va salbiy holatlarni bartaraf etish choralari ko'rilmoqda.

Buning natijasida yurtdoshlarimizning fikr va qarashlarida ichki ishlar organlari faoliyati bo'yicha ijobiy munosabat kuzatilmoqda. Bu borada “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyiliga ko'ra, davlat xizmatlari ko'rsatish mexanizmi joriy etilgani, murojaatlarni qabul qilishda fuqarolar bilan ishlash, javob berishning tezkorligi, murojaatga javobning mazmuni to'liqligi, xodimlarning malakasi va kasbiy layoqati, amaldagi qonunchilikka rioya qilinishi, yakuniy qarorning xolisligi, ishonchliligi va asoslangani, masalani echish qaysi bosqichda turgani, uni hal etish borasida qanday ishlar olib borilayotgani yoki nimalar rejalashtirilayotgani haqida tezkor ma'lumot berilayotgani diqqatga sazovor.

Tizimdagi rahbarlarning mamlakatimizning barcha hududida aholi bilan sayyor qabullar o'tkazayotgani esa xalq bilan muloqotning noyob tizimi sifatida fuqarolarning ichki ishlar organlari mansabdor shaxslari bilan to'g'ridan to'g'ri munosabat o'rnatishiga imkon berdi. Bu, o'z navbatida, ichki ishlar organlarining xalq orasida obro'si oshishiga xizmat qilmoqda.

 

Ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi

Bugun taraqqiyotning shunday davrida istiqomat qilyapmizki, kelajakda o'z o'rnimizni topishimiz va rivojlanishimiz uchun hayotimizning barcha jabhasiga innovatsion modellarni joriy etishimiz zarur. Fan-texnika imkoniyatlarini yanada kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishda fanning ahamiyatini oshirish, muhim tadqiqotlar va innovatsiya jarayonlarini kengaytirish hozirgi kunning kechiktirib bo'lmas vazifalaridan biri sanaladi. SHu bois, bugungi kunda ichki ishlar organlari faoliyatiga innovatsion model va loyihalar keng joriy etilmoqda. Xususan, “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz poytaxt”, “Xavfsiz turizmni ta'minlash”, “Xavfsiz mahalla”, “Xavfsiz xonadon” kabi o'ziga xos, yangicha kontseptsiyalar hayotga joriy etilmoqda. Tizimdagi qaysi sohaga innovatsion model va loyihalar tatbiq etilsa, shu erda ulkan ijobiy natijalarga erishilmoqda. Birgina misol: yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash maqsadida yurtimizda yo'l harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi investitsiyaviy loyihasi tatbiq etilishi natijasida yo'l-transport hodisalari keskin kamaydi.

Ilmiy tadqiqot ishlarini tizimli ravishda yo'lga qo'yish, metodik va amaliy qo'llanmalar tayyorlash, ilmiy asoslangan taklif, tavsiyalar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish, respublikada shov-shuvga sabab bo'lgan o'ta murakkab jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishda ichki ishlar organlari xodimlariga ko'maklashish uchun IIV akademiyasida Ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazi tashkil etildi.

 

Jamoat tashkilotlari va fuqarolar —

osoyishtalikni saqlashda ko'makchi

Ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni jamoatchilikning, jumladan, jamoat tashkilotlarining ko'magi, hamkorligisiz samarali tashkil etib bo'lmaydi. Ushbu hamkorlik ob'ektiv zarurat bo'lishi bilan birga, boshqaruv sub'ektlari tomonidan tashkil etiladigan va tartibga solinadigan tizimli faoliyat hisoblanadi. Zero, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko'zlangan asosiy maqsad ham aholi orasida ichki ishlar organlarining obro'si va mavqeini ko'tarish, keng jamoatchilik bilan aloqasini mustahkamlash orqali, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishdan iborat.

SHu maqsadda fuqarolar va jamoat tashkilotlarini huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faol ishtiroki uchun rag'batlantirish asoslari va mexanizmi yaratildi. endi fuqarolar va jamoat tashkilotlarini ma'lum bir jinoyatning oldini olishga qaratilgan harakati uchun rag'batlantirib borish tizimi yo'lga qo'yildi.

Ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan bu kabi keng ko'lamli islohotlar, albatta, o'zining ijobiy natijasini bermoqda. Buni birgina umumiy jinoyatchilik ko'rsatkichida ham ko'rish mumkin. Masalan, shu yilning olti oyida respublikadagi 9 ming 145 ta mahallaning 66,3 foizida yoki 6 ming 61 tasida jinoyat sodir etilishiga yo'l qo'yilmagan. Sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 95,2 foizi fosh etilgan.

Davlatimiz rahbarining ta'biri bilan aytganda, “erishilayotgan natijalar bilan xotirjamlikka berilishga hech kimning haqqi yo'q, hali oldimizda qilinadigan ishlar ko'p”. Zotan, ichki ishlar organlarini yangilanayotgan O'zbekistonga munosib bo'lgan, mamlakatimizda huquq-tartibotni, osoyishtalikni hamda qonun ustuvorligini ishonchli ta'minlaydigan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini kafolatlaydigan, xalq manfaatlariga xizmat qilishga yo'naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish maqsadida boshlangan ishlarni nihoyasiga etkazish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Tizimda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar, eng avvalo, etuk malakali mutaxassis kadrlar faoliyatiga bog'liq. SHu bois, ichki ishlar organlariga xizmatga qabul qilish mezonlari va shartlarini yanada takomillashtirish, intellektual va professional bilim darajasi, ma'naviy-axloqiy saviyasi yuqori bo'lgan kadrlar tayyorlash, xodimlar malakasini oshirish, rahbar kadrlar zahirasini yaratish kabi jarayonlarni xavfsizlik va huquq-tartibot masalalarida yuqori samaradorlikka erishgan mamlakatlarning ilg'or tajribalarini o'rgangan holda tashkil etish davr talabiga aylandi.

Tizimda amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini aniqlash va kompleks baholash bo'yicha shaffof raqamli elektron dasturni joriy etish, buning uchun, uning indikator va subindikatorlarini shakllantirib amaliyotga tadbiq etish masalasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa, ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari rahbarlarining hududlarda huquq ustuvorligi va qonuniylikni ta'minlash borasidagi mas'uliyatini kuchaytirishga, buning natijasida tegishli xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimizning o'rni yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Bahrom SAIDOV,

IIV akademiyasi ilmiy kengashi kotibi,

yuridik fanlar doktori, dotsent