Shu bilan birga, mazkur huquqni amalga oshirish qonunchilikda belgilangan muayyan tartib va protsessual qoidalarga rioya etishni talab etadi. Ushbu kafolatlar va tartiblarning huquqiy asoslari konstitutsiyamizda va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni bilan belgilab berilgan.
Yuqoridagi huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan normalar mazmuniga ko‘ra, fuqarolar hamda yuridik shaxslar, agar o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishning barcha imkoniyatlaridan foydalangan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi yakunlangan aniq ish doirasida o‘zlariga nisbatan qo‘llanilgan qonun normalarining Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirtirish maqsadida Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladilar, ya’ni sodda qilib aytganda, muayyan sud ishi tuman (shahar) sudi tomonidan ko‘rilishidan boshlab, so‘nggi bosqich bo‘lgan Oliy sud Rayosatigacha bo‘lgan barcha bosqichlardan o‘tgan bo‘lsa, va shundan so‘ng ham fuqaro yoki yuridik shaxs sud tomonidan fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy, ma’muriy yoki ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishda sud tomonidan o‘zlariga nisbatan qo‘llanilgan norma konstitutsiyamizga zid degan fikrda bo‘lsalar yoki ushbu bahsli norma haqiqatda Konstitutsiyada belgilangan aniq huquq va erkinliklarini buzgan deb hisoblasalar Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. Bunda shikoyat ish sudda ko‘rib chiqilishi yakunlangan kundan boshlab bir yil ichida berilishi lozim. Mazkur bir yillik muddat murojaat qiluvchiga nisbatan bahsli qonun normasi sud tomonidan qo‘llanilgan hamda ish bo‘yicha oxirgi sud hujjati qabul qilingan kundan e’tiboran hisoblanadi, ya’ni Oliy sud Rayosatida sud ishi taftish tartibida qayta ko‘rilib, nizoli holat bo‘yicha Oliy sud Rayosatining qarori qabul qilingan kundan boshlab bir yil ichida Konstitutsiyaviy sudga berilishi kerak.
O‘z navbatida, fuqarolar hamda yuridik shaxslarning muayyan ish doirasida ularga nisbatan qo‘llanilgan qonun normalarining Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi shikoyati qonunchilikda belgilangan aniq talablar va protsessual qoidalarga muvofiq tarzda rasmiylashtirilishi talab etiladi. Konstitutsiyaviy sudga murojaat “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning talablariga javob berishi shart. Unga ko‘ra, tekshirilishi zarur bo‘lgan qonunning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, e’lon qilingan manba ko‘rsatilishi lozim.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 2-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-705-sonli Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021 yil, № 8, 797-modda; LexUz – milliy bazasidagi manzili https://lex.uz/docs/5545463).
Shikoyatda qonun bilan Konstitutsiya normalari o‘rtasidagi ziddiyatni asoslovchi vajlar va dalillar aniq ko‘rsatilishi lozim. Bunda qonun yoki uning muayyan normasi Konstitutsiyaning qaysi normasiga zid ekani, ya’ni u bilan bevosita nomuvofiq yoki mazmunan mos kelmasligi asoslab berilishi talab etiladi, shuningdek, murojaatni Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqishning huquqiy asoslari ham aniq ko‘rsatilishi zarur. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning tegishli normalariga havola qilingan holda, murojaatning huquqiy asosi asoslab berilishi lozim. Murojaatda ko‘tarilgan masala yuzasidan murojaat qiluvchining shaxsiy fikri va huquqiy nuqtai nazari asoslantirilgan holda bayon etilishi talab etiladi. Shuningdek, mazkur masala O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli normalariga havola qilingan holda huquqiy jihatdan asoslab berilishi kerak.
Shuningdek, murojaat qiluvchi fuqaroga tegishli ma’lumotlar murojaatda ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak (familiyasi, ismi, otasining ismi), yuridik shaxsning nomi, joylashgan yeri, telefoni, pochta manzili yoki yashash joyi ko‘rsatiladi. Masalan, Jumayev Jumadil Bosimovich, 1975-yil 10-aprelda tug‘ilgan, 701155, Jizzax viloyati, Zarbdor tumani, Sharq Yulduzi MFY, Sharq ko‘chasi, 14-uyda yashovchi, (+998934141596); jumadil@uMail.uz.
Agar fuqaro yoki yuridik shaxs Konstitutsiyaviy sudga vakil orqali murojaat qilsa, vakilning vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma yoki boshqa tegishli hujjatlar, shuningdek uning Konstitutsiyaviy sudda vakil sifatida ishtirok etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi lozim. Murojaatda vakil va uning vakolatlari to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlar, jumladan, elektron pochta manzili, shuningdek yozishmalar yuboriladigan yuridik shaxsning nomi, joylashgan manzili, aloqa vositalari (telefon, faks, elektron pochta) ko‘rsatilishi talab etiladi. Shuningdek, murojaatchi ish sudda ko‘rib chiqilganligini va huquqlarini sud orqali himoya qilishning barcha boshqa vositalaridan to‘liq foydalanganligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni taqdim etishi zarur. Bunda birinchi instansiya, apellyatsiya hamda kassatsiya instansiyalari tomonidan, shu jumladan ish kassatsiya tartibida takroran ko‘rib chiqilib qabul qilingan sud hujjatlari ilova qilinadi.
Bundan tashqari, murojaatga ilova qilinayotgan barcha hujjatlar ketma-ketlik tartibida tuzilgan ro‘yxat ko‘rinishida taqdim etilishi lozim.
Konstitutsiyaviy sudga murojaatlarni yozma yoki elektron shaklda yuborish mumkin.
O‘z o‘rnida murojaat qiluvchilar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan muhim jihatlardan biri - umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan qabul qilingan sud hujjatlarining qonuniyligi va asoslantirilganligini tekshirish, ularni o‘zgartirish yoki bekor qilish, shuningdek sudlar tomonidan moddiy va protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud noto‘g‘ri qo‘llanilganligiga baho berish Konstitutsiyaviy sud vakolatlariga kirmaydi.
Yana bir muhim jihatlardan biri – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–253-sonli Farmonining qabul qilinganligidir. Unga ko‘ra, endilikda Konstitutsiyaviy sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish huquqi subyekti bo‘lmagan fuqaro yoki yuridik shaxs tomonidan Konstitutsiyaviy sudga taalluqli masala yuzasidan yo‘llangan murojaat Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan subyektga (qonunchilikda aniq belgilangan 13 ta subyekt) yuboriladi. Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega subyekt tomonidan shaxsning murojaatidagi masala Konstitutsiyaviy sudga kiritilmaganda muallifga ushbu masalani kiritishga asos mavjud emasligi tushuntirilib xabar beriladi va Konstitutsiyaviy sudga axborot taqdim etiladi.
Ushbu ijobiy o‘zgarish fuqaro va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga va butunlay sud tizimiga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Javohir Xaydarqulov,
Toshkent davlat yuridik universiteti,
Sud hokimiyati, advokatura va huquqni
muhofaza qiluvchi organlar sho‘basi (kafedrasi) o‘qituvchisi