Konstruktiv muloqot hamkorlikdagi yangi loyihalarni amalga oshirishga turtki boʻladi

    Xalqaro hamkorlik 4 Oktabr 2022 1438

    2022-yil 4-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Amerika Qoʻshma Shtatlari davlat kotibining global aloqalar boʻyicha yordamchisi v.b. Elizabet Kennedi Tryudoni qabul qildi.

    Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston – Amerika hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

    Ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirishda “Oʻzbekiston boʻyicha Kokus” (doʻstlik guruhi)ning oʻrni va faoliyati samaradorligi taʼkidlab oʻtildi.

    Muloqot davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan ayollar tadbirkorligi hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, gender tenglikni taʼminlash borasida fikr almashildi.

    Xususan, ayollarning huquqlarini himoya qilish va ularni qoʻllab-quvvatlash borasida Oʻzbekiston parlamenti va hukumati tomonidan koʻrilayotgan choralar, shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan islohotlarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

    Uchrashuvda savdo-iqtisodiy aloqalarni faol rivojlantirish, ikki davlat hukumatlari oʻrtasidagi muntazam siyosiy aloqalarni faollashtirish, mahalliy hokimiyat organlari bilan yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻyish, alohida tarmoqlar rahbarlarining oʻzaro tashriflarini amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. Bunday yondashuv barcha sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.