Kontent provayderlar abonentlar mablagʻini ularning roziligisiz yechib olmoqda

    Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmita raisi Qutbiddin Burxonov aloqa operatorlari abonentlar mablagʻini ularning roziligisiz yechib olayotgani masalasiga eʼtibor qaratdi.

    Keyingi paytda mobil aloqa operatorlari tomonidan abonentlarning roziligisiz, xabardorligisiz pullik SMS va xizmatlarga ularni avtomatik tarzda ulash holatlari koʻplab kuzatilmoqda. Oqibatda fuqarolar hisobidan ularning roziligisiz mablagʻ yechib olinyapti. Shu bois, qoʻmitamiz pullik SMS va xizmatlarga avtomatik tarzda ulash holatlarining kelib chiqish sabablari va bunga shart-sharoit yaratayotgan omillarni dastlabki tarzda oʻrganib chiqdi.

    Maʼlum boʻldiki, 2025-yil 1-yanvar holatiga mobil aloqa abonentlari soni 36 million nafardan ortgan. Bu abonentlarga yuqorida qayd etilgan pullik xizmatlar mobil aloqa operatorlari tomonidan emas, balki kontent provayderlar tomonidan koʻrsatiladi va ularning soni hozirda 100 dan oshib ketgan.

    Aksariyat kontent provayderlarning xizmatlari telekommunikatsiya kompaniyalari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalariga asosan koʻrsatilmoqda. Biroq amalda bu shartnomalar uchun haq abonentning telefon raqamidagi hisob-raqamidan uning roziligisiz yechiladi. Eng qizigʻi, bir marotaba xizmatga ulanib qolgan abonentdan har kunlik, har oylik mablagʻlar asosiy hisobdan yechib olinmoqda.

    Oʻrganish natijasida shunday xulosaga kelinganki, kontent xizmatiga ulanish juda oson, xizmatni bekor qilish esa, juda murakkab jarayon boʻlib qolayotgani maʼlum boʻlgan. Bundan tashqari, hozirda foydalanuvchilarga kontent provayderlari tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar yoʻnalishini tartibga soluvchi alohida normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi aniqlangan.

    Shu bilan birga, mobil aloqa abonentlariga beriladigan litsenziya talab va shartlarida ham kontent provayderlar uchun alohida band kiritilmagan.

    Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga 2024-yilda isteʼmolchilardan mobil aloqa xizmatlari bilan bogʻliq masalalarga tegishli 1 ming 199 murojaat kelib tushgan. Ularni koʻrib chiqish natijasida isteʼmolchilar foydasiga 683,2 million soʻm mablagʻ qayta hisob-kitob qilingan.

    Endi savol tugʻiladi, huquqiy boʻshliqlar yoki boshqa sabablar oqibatida odamlar, yaʼni, abonentlar koʻrayotgan zararlar uchun kim javob berishi kerak? Bizningcha, bu muammoga Hukumat darajasida yechim topish lozim. Aks holda, goʻyoki arzimasdek tuyulgan, ammo, fuqarolarning milliardlab soʻm pulini ularning ixtiyorisiz koʻrsatiladigan xizmatlar uchun soʻramay-netmay olib qoʻyaverish katta muammoga aylanib, qonunbuzarliklarga yanada keng yoʻl ochadi. Chunki, takror aytaman, bunday muammolar aholining kayfiyatiga salbiy taʼsir qiladi. Shu bois, normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqishda qoʻmitamiz ham mutasaddilar bilan birga ishlashga tayyor ekanini bildiraman, – dedi Q.Burxonov.