Kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan narkotik moddalar toʻxtatib qolindi

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari oʻtkazgan tezkor tadbirda Samarqand, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida giyohvandlik moddalar savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar aniqlandi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy va Samarqand viloyatlari boʻyicha boshqarmalari xodimlari hamkorligida Nurobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Urgut tumanida yashovchi, 2003-y.t. shaxs Nurobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1984-y.t. jinoiy sherigi bilan til biriktirib, Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 2 kg. 875 gr. “opiy” moddasini 40,5 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida qoʻlga olindi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi va Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlarini jalb qilgan holda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Samarqand-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina Jomboy tumani hududida toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.

    Natijada, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Urgut tumanida yashovchi, 1993 va 1996-yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxsning yonida 1 kg. 616 gr. “opiy” moddasi borligi maʼlum boʻldi.

    Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, “Toshkent-Fargʻona” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtomashina Namangan viloyatining Pop tumanidagi YPX maskanida toʻxtatildi.

    Ammo, toʻxtash jarayonida avtotransport vositasida yoʻlovchi sifatida ketayotgan, 1987-yilda Bagʻdod tumanida tugʻilgan shaxs avtomashina oynasidan bir dona paketni uloqtirib yuboradi.

    Shundan soʻng, ushbu paket xolislar ishtirokida tekshirib koʻrilganda, unda 1 kg. 915 gr. “gashish” moddasi borligi maʼlum boʻldi.

    Aniqlanishicha, mazkur fuqaro tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan Toshkent viloyatining Boʻka tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan ajal ogʻusini olib ketayotgan boʻlgan. U giyohvandlik vositasini 8 ming AQSH dollariga sotib olgan.

    Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Fargʻona tumanida yashovchi, 1990-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs 770 gr. “gashish” moddasini 7 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida qoʻlga olindi.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida, Qirgʻiz Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan ushbu narkotik moddaning haqiqiy egasi Fargʻona tumanida yashovchi, 2000-y.t. fuqaro ekanligi aniqlanib, u ham ushlandi.

    Hozirda ushbu shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.