Kontrafakt nusxasi eng koʻp tarqalgan kitoblarning reytingi maʼlum qilindi

    Mamlakatimizda 27 Sentabr 2022 1285

    Oʻtkir Hoshimov “Ikki eshik orasi” kitobi reytingda birinchi oʻrinda.

    Ayrim nashriyotlar tomonidan fan adabiyot va sanʼat ahlining mualliflik huquqlariga rioya qilmasdan, bepisand munosabatda boʻlgan holda mualliflarning roziligisiz, shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli shartnoma tuzmasdan chop etilgan kitoblarning “TOP-5” reytingi tuzildi.

    Ushbu reyting Adliya vazirligi Mualliflik va turdosh huquqlar boshqarmasiga huquq egalari tomonidan taqdim etilgan murojaatlar asosida shakllantirilgan.

    1. Oʻtkir Hoshimov “Ikki eshik orasi” kitobi

    Kitob haqida: Unda adib qariyb qirq yillik davrni oʻz ichiga olgan, bir qancha chigal va murakkab taqdirlar misolida oʻz xalqining urush davrida boshdan kechirgan hayoti, qismati haqida mahorat bilan qalam tebratgan. Zamon va davr qanday sharoitda kechishidan qatʼi nazar insoniy qadr-qimmat tushunchalarini saqlab qolgan, taqdirini el-yurti, xalqi, Vatani taqdiri bilan bogʻlagan, farzandidan ayrilganida ham qalbiga quvonch baxsh etishi mumkin boʻlgan boshqa sababni oʻzi uchun yarata olgan, hayotini sevgi-muhabbat tuygʻulari bilan bezamoqchi boʻlgani holda urush hukmiga tobe boʻlib qolgan insonlar qismatini ifodalovchi ushbu asar mutolaasidan soʻng bugungi oʻtayotgan tinch-omon hayotingiz, farzandlaringiz baxti uchun shukrona aytasiz. Asar aynan shu jihati bilan qalblarga yaqin. (taqriz kitobxon.com saytidan olingan).

    2. Uolter Ayzeks “Stiv Jobs” kitobi

    Kitob haqida: Ushbu kitob texnologik taraqqiyot va raqamli inqilobning ramzlaridan biriga aylangan “Apple” dunyosining yaratuvchisi hayoti haqida hikoya qiladi. Kitobda Stiv Jobsning 40 dan ortiq intervyulari shuningdek, yaqinlari va uni tanigan odamlarning u haqidagi xotiralari bayon etilgan.

    3. Tohir Malik “Odamiylik mulki” kitobi

    Kitob haqida: Mazkur asar maʼnaviyat va tarbiya masalasiga bagʻishlangan “Odamiylik mulki” (Axloq kitobi) – risolasining “Ishq» deb nomlangan birinchi qismi va “Baxt” deb nomlangan ikkinchi fasli adib tanlagan asarlarining oltinchi jildidan, uchinchi fasli – “Saodat” esa toʻqqizinchi jildidan (Husni xulq) joy olgan.

    4. Burhan Bozgeyik “Mashhurlarning soʻnggi lahzalari” kitobi

    Kitob haqida: Ushbu kitob oʻz vaqtida dunyoni qoʻrquv hamda hayratga solgan ayrim mashhur tarixiy shaxslar, sarkardalar, davlat arboblari-yu prezidentlar, qolaversa, malika va shahzodalar hayotining soʻnggi lahzalari haqida hikoya qiladi. Mavlono Jaloliddin Rumiy, Chingizxon, Salohiddiy Ayyubiy, Arximed, Imom Gʻazzoliylarning soʻnggi lahzasi qanday oʻtgan? Bu haqida mana shu kitobdan javob olishingiz mumkin. (taqriz zukkokitobxon sahifasidan olingan).

    Oʻzgur Bajaksizning “Yashamoq sokinlik istar” kitobi

    Kitob haqida: Turk essenavisi Oʻzgur Bajaksiz ushbu kitobida xotirjamlik orqali hayot halovatini tuyish borasidagi mulohazalari, hayotga tatbiq qilish orqali mangu qalb halovatiga erishish sirlari bilan boʻlishgan. Eng muhimi mazkur kitob mutolaa keyin oʻzingizni chuqurroq tadqiq etishni, hayotingiz haqida jiddiyroq fikr yuritishni boshlaysiz.

    Bu qiziq: Dunyodagi eng qimmat kitob egasi kimligini bilasizmi?

    Eng qimmat badiiy asar Leonardo da Vinchi tomonidan koʻchirilgan “Leychester kodeksi” kitobidir. Uni “Maykrosoft” asoschisi Bill Geyts 1994-yili Nyu-Yorkdagi “Sotbis” auksionidan 30,8 million AQSH dollarga sotib olgan. Ajablanarliysi, shuki ushbu kitobni koʻzgu yordamisiz oʻqib boʻlmas ekan.