Kooperativ rahbarlari subsidiya mablag'larini talon-toroj qilgan

    Subsidiya mablag'i 56 nafar fuqaroni ish bilan ta'minlash uchun ajratilgan edi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Tuproqqal'a tuman bo'limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o'tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “I.M.”, “T.S.” va “W.N.” ishlab chiqarish kooperativi rahbarlari va tuman Aholi bandligiga ko'maklashish markazi mas'ul shaxslari bilan til biriktirib, 56 nafar fuqaroni ish bilan ta'minlash uchun ajratilgan 144,9 mln so'm subsidiya mablag'ini o'zlashtirish yo'li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda.