Koʻp kvartirali uy-joylarda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga subsidiya ajratiladi

    Ijtimoiy hayot 21 Iyun 2021 3229

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2021-yil 1-oktyabrdan qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan koʻp kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi hamda mazkur muddatga koʻp kvartirali uy-joy ekspluatatsiyasining kafolat muddati joriy qilinadi.

    Har bir koʻp kvartirali uy-joyning kadastr pasportida koʻp kvartirali uy-joyga tutash yer uchastkasi toʻgʻrisida maʼlumotlar majburiy tartibda boʻlishi shart.

    2022-yil 1-yanvardan mulkdorlarning boshqaruvchi oldida qarzdorligi mavjud boʻlgan taqdirda, uning miqdori uy-joylarga boʻlgan mulk huquqini rasmiylashtirishda notarial idoralar tomonidan tegishli shartnomada aks ettiriladi va yangi mulkdor ushbu qarzdorlik haqida ogohlantiriladi.

    Koʻp kvartirali uy-joylarda yashovchi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida roʻyxatga olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga majburiy badalni toʻlab berish uchun subsidiya ajratiladi.

    Qarorga koʻra, quyidagi masalalar boʻyicha umumiy yigʻilishning qarori, agar uni yoqlab uy-joy mulkdorlari yoki ular vakillarining 80 foizidan koʻprogʻi ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi:

    ➖ koʻp kvartirali uy-joyga tutash hududlarda yangi obyektlarni qurish;
    ➖ mulkdorlar amal qilishi majburiy boʻlgan koʻp kvartirali uy-joylarda umumiy mol-mulkni boshqarishning talab va qoidalarini tasdiqlash;
    ➖ koʻp kvartirali uy-joy uchun qarz va kreditlarni jalb qilish.

    2021-yil 1-avgustgacha loyiha doirasida biriktirilgan hududlar, 2022-yil 1-yanvarga qadar esa butun respublika hududlarida koʻp kvartirali uy-joyga xizmat koʻrsatish jarayoniga uy-joy mulkdorlarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va ularning tegishli mol-mulki kadastr raqamidan foydalangan holda billing tizimi joriy qilinadi.

    2021-yil 1-oktyabrgacha koʻp kvartirali uy-joylarni boshqaruvchilarning elektron reyestri ishga tushiriladi.

    2021-yil 1-iyuldan koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish usuli shirkatlardan boshqaruvchi tashkilotlarga oʻtgan uy-joylar uchun jalb qilingan kreditlarning muddatini, mahalliy hokimliklar kafilligi asosida, uch yilgacha uzaytirish choralari koʻriladi.