Koʻp miqdordagi sintetik giyohvand moddalarni saqlab kelgan shaxs ushlandi

    Aniqlanishicha, 2002-yilda tugʻilgan shaxs 1 mlrd soʻmlik sintetik giyohvand moddasini boʻlaklarga boʻlib, kontaktsiz manzil (“zakladka”) orqali sotishni rejalashtirgan.

    Bu haqda IIBB Axborot xizmati xabar berdi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 15-iyul kuni Toshkent viloyati IIBB tezkor qidiruv xizmati tomonidan Toshkent tumani IIB va DXX hududiy boʻlinmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 2002-yilda tugʻilgan shaxs (A.T.) oʻzining Tracker avtomashinasida vazni 1 kg 433 gr boʻlgan "mefedron" sintetik giyohvandlik vositasini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, daliliy ashyo bilan ushlandi.

    Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 273 moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Tergov harakatlari olib borilmoqda.