Vazirlar Mahkamasining 01.11.2024-yildagi “Respublikada 2024-2025-yillarda elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi VMQ-732 son qarori qabul qilindi.
2025-yil 1-fevraldan davlat muassasalari, mehmonxonalar, biznes-markazlar, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻllari infratuzilmasi obyektlari loyihalarida toʻxtash joylarining kamida 5 foizi elektromobillarni quvvatlash stansiyalari bilan jihozlanishi kerak.
Shuningdek, koʻp qavatli uylar yaqinida, shu jumladan, ularga yaqin joylashgan toʻxtash joylarida maksimal quvvati 22 kVt boʻlgan stansiyalarni oʻrnatish rejalashtirilmoqda.
Hujjat bilan davlat organlari, mahalliy ijro organlari, oʻzini oʻzi boshqarish organlari hududida stansiyalarni oʻrnatish joylarini «K-SAVDO« avtomatlashtirilgan tizimida elektron auksion orqali ijaraga berish ruxsat etiladi.
Hujjat bilan elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini oʻrnatish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar tasdiqlandi:
- avtotoʻxtash joylari, ijtimoiy obyektlar va davlat muassasalarida;
- savdo va biznes-markazlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, mehmonxonalar va koʻp qavatli uylar yonida;
- avtoyoqilgʻi quyish shoxobchalarida.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 2024-yil 4-noyabrdan kuchga kirdi.