Koʻprik qurilishida vafot etgan xodimning oilasiga maʼnaviy zarar undirib berildi

    2023-yilda Toshkent viloyati, Parkent tumanida olib borilgan koʻprik qurilishida mehnat qilgan xodim qurilish jarayonida avtokran agʻdarilib ketishi oqibatida vafot etgan.

    Qayd etilishicha, marhumning yaqinlari, suddan oilasi boquvchisini yoʻqotganligi, moddiy yordamga muhtojligi sababli ish beruvchi tashkilotdan 800 mln. soʻm miqdorida zarar pullari undirib berilishini soʻragan.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Parkent tuman sudi tomonidan chiqarilgan hukmga koʻra, ish beruvchidan jabrlanuvchining qonuniy vakili M.A.ga 150 mln. soʻm miqdorida maʼnaviy zarar puli, shuningdek, fuqarolik ishi boʻyicha 7 mln. soʻm moddiy zarar pullari undirilishi belgilangan.

    Majburiy ijro byurosi Shahrixon tuman boʻlimi tomonidan ijro harakatlari olib borilib, marhumning turmush oʻrtogʻi M.A.ga 157 mln. soʻm zarar pullari toʻliq hajmda undirib berilishi taʼminlandi.