Natijada fuqarolar ish joyini o‘zgartirishdan oldin Migratsiya agentligining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasidan alohida rozilik olishi haqidagi talab bekor qilindi.

Shuningdek, mazkur talabga rioya etilmagan holatlarda jarima qo‘llashni nazarda tutuvchi band ham uch tomonlama shartnomadan chiqarib tashlandi.

Avval ushbu talablar fuqarolarning Koreya Respublikasida noqonuniy maqomga o‘tib ketishining oldini olish, ular bilan doimiy aloqani ta’minlash hamda zarur holatlarda ijtimoiy, huquqiy va moddiy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida kiritilgan edi.

Koreya Respublikasidagi ish beruvchilar va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar, shuningdek, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida mazkur talablar qayta ko‘rib chiqildi.

Endilikda E-9 vizasi asosida ishlayotgan fuqarolar ish joyini o‘zgartirish uchun Migratsiya agentligining alohida roziligini olishi shart emas. Ular amaldagi tartib va qonunchilik asosida ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilib, yangi ish beruvchi bilan mehnat munosabatlariga kirishi mumkin.

Biroq mazkur o‘zgarish Koreya Respublikasining E-9 vizasi bo‘yicha belgilangan qonunchilik talablarini o‘zgartirmaydi.

Xususan, E-9 vizasi asosida ishlayotgan fuqaro ish beruvchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilganidan so‘ng 1 oy ichida ish izlovchi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi va 90 kun ichida yangi ishga joylashishi lozim.

Aks holda u Koreya Respublikasi hududini tark etishi talab etiladi. Belgilangan muddatda ishga joylashmagan va mamlakat hududini tark etmagan fuqaro noqonuniy maqomga o‘tishi mumkin.

Bunday holatda Koreya Respublikasi qonunchiligiga muvofiq jarima, deportatsiya qilinishi yoki mamlakatga qayta kirishiga taqiq qo‘yilishi mumkin.

Shu bilan birga, uch tomonlama shartnomada Koreya Respublikasida noqonuniy maqomda qolganlik uchun jarima qo‘llash bandi saqlab qolindi.