Muloqotda Koreya Respublikasi tomonidan “Hyundai Engineering CO. Ltd” kompaniyasi infrastruktura boʻlimi katta menejeri Kim Xyung Gyu, boʻlim menejeri Yeo Gang Yeop va “Saman Corporation” kompaniyasi boshqaruv direktori va bosh muhandisi Byun Ki Sang ishtirok etdi. Muzokaralar davomida tomonlar kommunal sohada DXSH loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Agentlik rahbariyati ishtirokchilarga dastlab, DXSH sohasidagi qonunchilik va unga kiritilgan yangi oʻzgarishlar, hozirgi kunda amalga oshirilayotgan DXSH loyihalari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Mehmonlar bugungi kunda poytaxtimizda xususiy tashabbus bilan amalga oshirilayotgan Salar va Bektemir kanalizatsiya tozalash inshootlari loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishning xozirgi xolati haqida maʼlumot taqdim etishdi. Ushbu loyiha doirasida kuniga 200 ming tonna oqava suvni tozalash imkoniyati yaratiladi. Loyihaning dastlabki qiymati taxminan 200 million dollarni tashkil etadi. Dastlabki texnik-iqtisodiy asoslash hujjati 2021-yil iyulda tayyor boʻlishi kutilmoqda, shundan soʻng loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ustida ishlash boshlanadi.

Shuningdek, Agentlik vakilllari ishtirokchilarga kommunal xizmat koʻrsatish sohasidagi yana bir istiqbolli loyiha - Namangan shahridagi kanalizatsiya tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish ishlari toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Ayni kunda ushbu loyiha boʻyicha tender jarayonlarining ikkinchi bosqichi davom etmoqda.

Koreya kompaniyalari vakillari Oʻzbekistonda DXSH loyihalarini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi hisoblangan Davlat-xususiy sheriklini rivojlantirish agentligiga mamlakatda DXSHni rivojlantirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.