Koreya Respublikasi bilan ekologiya sohasida sarmoyaviy hamkorlik kengaytiriladi

    Yashil sayyora 27 Yanvar 2023 676

    Joriy yil 26-yanvarda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Koreya Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri oʻrinbosari Yu Chje Chol bilan ekologiya sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama etishga bagʻishlangan muzokaralar oʻtkazildi.

    Xususan, “Jizzax viloyatida sanitariya poligonlari va qayta yuklash stansiyalarini qurish” hamda “Ohangaron” va “Maydontol” poligonlarida hosil boʻladigan chiqindi gazini qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihalarini amalga oshirilishi koʻrib chiqildi. Tomonlar loyihalarni muvaffaqiyatli va oʻz vaqtida foydalanishga topshirishga har tomonlama koʻmak berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Global yashil rivojlanish instituti (GGGI) bilan hamkorlikda Orolboʻyida ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan loyihalar yaqin hamkorlikda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganligi qayd etildi.

    Maʼlumot uchun: Loyihalarda iqlimga chidamli agrobiznesni rivojlantirish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash orqali Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotini tiklash koʻzda tutilgan.

    Muzokaralar yakunlari boʻyicha iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, qayta tiklanadigan energiya manbalariga oʻtish orqali energiya, suv va yer resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlashga qaratilgan ikki tomonlama muloqotni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.